Sudlarning chinakam mustaqilligini taʼminlashning ustuvor maqsadlari belgilandi
Sudyalar hamjamiyati faoliyatida ochiqlik taʼminlanadi, nomzodlarni tanlashning shaffof tartibi joriy etiladi. Ularning faoliyati sunʼiy intellekt orqali baholanadi.

Prezidentning "Sudyalar hamjamiyati organlari faoliyatining samaradorligi va ochiqligini oshirish hamda sud mustaqilligi kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi farmoni eʼlon qilindi.
Unga koʻra, sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini taʼminlash, sudyalar hamjamiyati organlari faoliyatining samaradorligini oshirishning ustuvor maqsadlari belgilandi.
(a) sudyalar hamjamiyati organlari faoliyatida sudyalarning oʻzini oʻzi boshqarish tamoyilini va sud mustaqilligiga oid ilgʻor xalqaro standartlar keng joriy etilishini taʼminlash;
(b) sudyalar korpusini shakllantirish tartibini takomillashtirish, ushbu jarayonda sudyalar hamjamiyati organlari rolini oshirish va ularning masʼuliyat doirasini aniq belgilash;
(v) sudyalar hamjamiyati organlari faoliyatida ochiqlikni taʼminlash, sudyalikka nomzodlarni tanlashning shaffof tartibini joriy etish;
(g) sud tizimida gender tenglikni taʼminlash imkoniyatlarini kengaytirish orqali ayol sudyalar ulushini kamida 30 foizga yetkazish.
Sudyalar oliy kengashning quyidagi takliflariga rozilik berildi:
(a) sudyalarni navbatdagi oʻn yillik muddatga tayinlash (saylash) tartibini bekor qilib, sudyalik lavozimlariga nomzodlarni dastlab besh yil muddatga, keyinchalik muddatsiz davrga tayinlash (saylash) tartibini belgilash;
(b) tumanlararo, tuman, shahar sudlari raislari va ularning oʻrinbosarlari lavozimlariga nomzodlarni aniq mezonlarga koʻra sudyalar orasida ochiq tanlov asosida tanlash tartibini oʻrnatish;
(v) sudyaning kasbiy faoliyatini baholashda “halollik”, “kasbiy layoqatlilik” va “sudyalik odobi qoidalariga rioya etish” talablarining aniq mezonlarini qonun darajasida belgilash.
Kengash raisiga, uning konstitutsiyaviy maqomidan kelib chiqqan holda, quyidagi vakolatlar berildi:
- sudyalar tomonidan Sudyalar odobi kodeksi normalari buzilgan yoki manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻyilgan holatlarda sudyalar malaka hayʼatlari tomonidan intizomiy ish asossiz tugatilgan yoki tayinlangan intizomiy jazo sudya sodir etgan qilmishga mos emas deb topilgan taqdirda, malaka hayʼatlarining tegishli qarorlarini qayta koʻrib chiqish boʻyicha taqdimnoma kiritish;
- Kengashning tuzilmasi va shtat jadvalini belgilangan shtat birliklari doirasida mustaqil tasdiqlash.
Sudyalar faoliyati samaradorligini baholashda sunʼiy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish yoʻlga qoʻyiladi.
Kengashning Odil sudlov akademiyasining kasbiy qayta tayyorlash kurslariga qabul qilishda har yili zaruratga qarab Kengash tomonidan xotin-qizlar uchun kvota belgilanadi.