platina.uz
Siyosat

Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyatiga bordi

Davlat rahbari “Samarqand – Urgut” yangi temir yoʻl liniyasida olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi. “Ferre Group” korxonasining maishiy texnika ishlab chiqarish loyihasi koʻzdan kechirildi.  

Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyatiga bordi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyatiga tashrif buyurdi.

Davlat rahbari Oqdaryo tumani Dahbed shaharchasida joylashgan Mahdumi Aʼzam majmuasida amalga oshirilayotgan rekonstruksiya ishlari bilan tanishdi.

Davlatimiz rahbari shu yilning mart oyida Samarqand viloyatiga tashrifi chogʻida Mahdumi Aʼzam qadamjosini obod qilishga oid loyiha bilan tanishgan edi.

Asli hozirgi Kosonsoy tumanida tugʻilgan soʻfiy olim naqshbandiya taʼlimotining rahnamolaridan biri boʻlgan. Yoshlik chogʻlarida Fargʻonadagi madrasada savod chiqarib, Samarqandda Xoja Ahror Valiyning shogirdi mavlono Muhammad Qoziy qoʻlida pirlik darajasiga yetishadi. Keyinchalik oʻzi tariqat ilmiga doir 30 dan ziyod asar yozgan, koʻplab shogirdlar yetishtirgan.

Bu zotga ilm yoʻlidagi xizmatlari uchun Mahdumi Aʼzam unvoni beriladi. Ilm va din yoʻlidagi uzoq safardan soʻng Samarqand viloyatida abadiy qoʻnim topgan.

Samarqand hukmdori boʻlgan Yalangtoʻsh Bahodir Mahdumi Aʼzam qabri ustida daxma qurdirgan hamda bu yerda yirik masjid, ilm toliblari uchun madrasa ham barpo qilgan. U vafot etganidan soʻng oʻz vasiyatiga koʻra, shu yerda dafn etilgan. Umuman, ziyoratgohda 50 dan ziyod qabrtosh saqlangan boʻlib, aksariyati kimning sharafiga qoʻyilgani aniqlangan. Bu yerda koʻplab allomalar qatorida ikki nafar Afgʻoniston hukmdori (Shoh Hidoyat ibn Shoh Qosim (1668 yil), Shoh Saodat ibn Shoh Hidoyat) ham dafn etilgan.

Alloma mangu qoʻnim topgan ziyoratgohda loyiha doirasida keng koʻlamli rekonstruksiya ishlari amalga oshirilmoqda.

Mahdumi Aʼzam ziyoratgohining umumiy maydoni qariyb 5 gektarni tashkil etadi. Bu maskanga keluvchi ziyoratchilar ham koʻp. Ularga sharoitlarni yaxshilash maqsadida Mahdumi Aʼzam maqbarasi yonida uch qavatli zamonaviy avtoturargoh, kirish darvozasi, kushxona va maʼmuriy binolar, tahoratxona, ming kishilik masjid va qoʻshimcha ayvonlar qurilmoqda.

Taʼmirlash ishlaridan soʻng bir vaqtning oʻzida 35 ming ziyoratchini qabul qilish imkoniyati yaratiladi. Avvallari 5 ming ziyoratchi qabul qilingan.

Shuningdek, hududda ziyoratchilarga qoʻshimcha qulaylik yaratish maqsadida obodonlashtirish ishlari olib borilib, 40 dan ortiq savdo va servis obʼektlari tashkil etiladi.

Allomaning ruhlari yodga olinib, Qurʼon tilovati qilindi. Prezident ziyoratgohda daraxt ekdi.

Ziyoratgohni yanada obodonlashtirish, bogʻda asrlarga tatigulik daraxtlar barpo etib, tashrif buyuruvchilar uchun qulayliklar yaratish yuzasidan topshiriqlar berildi.

Prezident Samarqandga tashrifi chogʻida Hazrati Hizr majmuasida ham boʻlib, mamlakatimizning Birinchi Prezidenti Islom Karimov maqbarasiga gul qoʻydi. Qurʼon oyatlari tilovat etilib, duo oʻqildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev “Samarqand – Urgut” yangi temir yoʻl liniyasida olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi.

Ushbu temir yoʻl qurilishi joriy yil fevral oyida boshlangan boʻlib, umumiy uzunligi 55 kilometrni tashkil etadi. Loyiha doirasida ikkita vokzal, “Urgut” iqtisodiy zonasida ikkita yuk stansiyasi hamda bir qator koʻpriklar barpo etildi. Eʼtiborlisi, mazkur liniyani kelgusida toʻliq elektrlashtirish rejalashtirilgan.

Yangi yoʻnalish ikki juft shaharlararo poyezd va toʻqqiz juft yuk poyezdi qatnovini taʼminlash imkoniyatiga ega. Loyihani shu yil yakuniga qadar yakunlash koʻzda tutilgan. Poyezdlar qatnovi yoʻlga qoʻyilishi orqali yiliga 359 ming yoʻlovchi va 8,2 million tonna yuk tashish imkoni yaratiladi.

Yoʻnalish Samarqand shahri, Jomboy, Pastdargʻom, Toyloq va Urgut tumanlari aholisi uchun xavfsiz va zamonaviy transport xizmati taqdim etishi bilan ahamiyatli. Shuningdek, ichki turizm rivojiga ham katta turtki beradi.

Temir yoʻl infratuzilmasi iqtisodiyotning asosiy tarmoqlaridan biri boʻlib, ushbu loyiha “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi salohiyatini yanada oshirishga xizmat qiladi. Yangi yoʻnalish ishga tushishi natijasida 130 ta yangi ish oʻrni yaratiladi.

Davlatimiz rahbari jamoatchilik vakillari bilan birga mazkur yoʻnalishda harakatlanuvchi poyezdda Urgutga bordi.

Safar chogʻida Prezident temir yoʻl infratuzilmasini rivojlantirish, yoʻlovchilar uchun qulayliklarni yanada oshirish, temir yoʻllarni elektrlashtirish va ularga tutash hududlarni obodonlashtirish yuzasidan mutasaddilarga qoʻshimcha topshiriqlar berdi. Shuningdek, yoʻl boʻylab amalga oshirilayotgan qurilish va obodonchilik ishlariga eʼtibor qaratdi.

Urgut tumani katta salohiyatga ega hudud sifatida tobora muhim oʻrin egallab borayotgani taʼkidlandi. Bu yerdagi aholi ishbilarmon, tadbirkorlik ruhi kuchli. Mamlakatimiz iqtisodiyoti uchun strategik ahamiyatga ega boʻlgan bunday hududlarni rivojlantirishda esa zamonaviy logistika va infratuzilma hal qiluvchi omil hisoblanadi.

Yangi temir yoʻlning kelishi bilan Urgutda iqtisodiy oʻsishni cheklab turgan toʻsiqlar, logistik “tromb”lar bartaraf etiladi. Yuk tashish tezlashadi, mahsulotlar bozorlarga arzon va vaqtida yetkaziladi, investorlar uchun qulayliklar yanada ortib, hududning raqobatbardoshligi oshadi.

Eng muhimi, hududda yaratilayotgan yangi imkoniyatlar aholining turmush darajasiga bevosita ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Infratuzilma rivojlangan joyda ish oʻrinlari koʻpayadi, xizmatlar yaxshilanadi, tadbirkorlik faollashadi.

Taʼkidlanishicha, mazkur loyiha temir yoʻl tarmogʻini modernizatsiya qilish va kengaytirishga qaratilgan ishlarning muhim qismi hisoblanadi. Bu jarayonda ishlarni oʻz vaqtida va yuqori sifatda amalga oshirish, raqamli texnologiyalarni keng joriy etish hamda xarajatlarni optimallashtirish zarurligi aytildi.

Safar chogʻidagi suhbatda davlatimiz rahbari Samarqandda boʻlayotgan ijtimoiy-iqtisodiy yangilanishlarning odamlar hayotidagi ijobiy aksi yaqqol koʻzga tashlanayotgani, yoshlarni vatanparvarlik ruhida, Yangi Oʻzbekistonning bunyodkorlari sifatida tarbiyalash haqida soʻz yuritdi. Urgutgacha tortilgan temir yoʻliga tutash yerlarni oʻzlashtirish, ularda qishloq xoʻjaligi madaniyatini yuksaltirish, taʼlim sohasida, shu jumladan, qoʻshni davlatlar bilan xalqaro hamkorlikni mustahkamlash zarurligi taʼkidlandi.

Urgut vokzali yangi yoʻnalishning asosiy nuqtalaridan biri. Prezidentimiz vokzal infratuzilmasi, xizmat koʻrsatish tizimi va yoʻlovchilar harakatini tashkil etish masalalariga eʼtibor qaratdi. Turistlar uchun qulayliklarni yaxshilash muhimligi qayd etildi.

Davlatimiz rahbari shu yerda Urgut tumani faollari bilan samimiy muloqot oʻtkazdi. Suhbatda hududlardagi oʻzgarishlar, aholi turmush tarzi va tinchlik qadri haqida fikr almashildi.

Odamlarning turmush sharoitlarini yaxshilash, daromad va farovonlikni oshirish, mahallalarni obod qilish davlat siyosatida ustuvor yoʻnalish sifatida belgilanayotgani taʼkidlandi. Iqtisodiyotdagi tarkibiy oʻzgarishlar natijasida sanoat, qishloq xoʻjaligi, turizm, transport va energetika sohalarida yirik loyihalar amalga oshirilayotgani qayd etildi.

Nuroniylar bu oʻzgarishlar aholi hayotida sezilarli natija berayotgani, xalqimiz islohotlarga yuqori baho berayotganini taʼkidladi.

Prezident Urgut tumanidagi “Ferre Group” korxonasining maishiy texnika ishlab chiqarish loyihasi faoliyati bilan tanishdi.

“Urgut” erkin iqtisodiy zonasidagi mazkur korxona keyingi yillarda yurtimizda tadbirkorlik subʼektlariga yaratilgan qulay imkoniyat va ishonchli investitsiya muhiti natijasida tashkil etilgan zamonaviy ishlab chiqarish majmuasi sanaladi.

Dastlab xorijdan keltirilgan butlovchi buyumlar asosida bir necha turdagi maishiy texnika vositalarini yigʻish bilan faoliyat boshlagan korxona bugunga kelib muzlatkich, gaz plita, kichik pech, changyutkich va dudburon, boshqa uy-roʻzgʻor buyumlari, zamonaviy temir eshiklar ishlab chiqarish boʻyicha Markaziy Osiyoda mustahkam oʻringa ega yirik kompaniyaga aylangan.

Bu yerda “Dorsa”, “Kleo”, “Ferre” kabi brendlar ostida “Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan” yorligʻi bilan tayyorlanayotgan mahsulotlar Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjonga eksport qilinmoqda. Ichki bozordagi raqobat muhitida ham “Ferre” oʻz oʻrnini topgan brendga aylangan. Korxonaning yillik quvvati hozirda oʻrtacha 440 milliard soʻmlik 250 ming dona mahsulotni tashkil etib, bu koʻrsatkich yil sayin oshib bormoqda.

Ishlab chiqarish jarayonida "Embraco", "LG", "DOW", "Midea" kabi dunyodagi yetakchi kompaniyalar materiallari va butlovchi qismlaridan foydalaniladi. Bugungi kunda korxona mahsulotlarining mahalliylashtirish darajasi qariyb 85 foizni tashkil etadi.

Loyihaning umumiy qiymati oʻttiz million AQSh dollari boʻlib, xorijiy investitsiya va bankning imtiyozlari kreditlari jalb etilgan. Mingga yaqin ish oʻrni yaratilgan. Ishlab chiqarish uskunalari Germaniya, Turkiya, Italiya va Xitoyning eng soʻnggi rusumdagi texnologiyalari hisoblanadi.

Shavkat Mirziyoyev bu yerdagi ishlab chiqarish jarayonini kuzatdi, korxona masʼullari va mutaxassislar bilan suhbatlashib, xalqaro standartlarga mos mahsulotlar turini oshirish va xorij bozoridagi oʻrnini yanada mustahkamlash zarurligini taʼkidladi. Bu borada davlat tomonidan yaratib berilgan imkoniyat va imtiyozlardan unumli foydalanish zarurligi qayd etildi.

Oʻz brendiga asos solib, yurtimiz dovrugʻini dunyoga taratayotgan tadbirkorlar doimo qoʻllab-quvvatlanishi aytildi. Ular qoʻshimcha qiymat yaratib, minglab odamlarni doimiy daromadga ega qilmoqda.

– Tadbirkorni qoʻllab-quvvatlamasdan yangi Oʻzbekistonni barpo qila olmaymiz. Agar sizlar tinimsiz izlanib, birlashsangiz, Samarqandda kambagʻal degan qatlam qolmaydi. Harakatda boʻlib, Oʻzbekiston nomini jahonga tanitishdek imkoniyatga egasiz, – dedi Prezident.

Davlatimiz rahbari “Urgut” erkin iqtisodiy zonasida bu kabi ishlab chiqarish korxonalarini koʻpaytirish orqali qoʻshimcha qiymat yaratish va yangi ish oʻrinlari ochishning muhimligini taʼkidlab, masʼullarga topshiriqlar berdi.

Shu yerda Prezident investitsiya loyihalari, Samarqand viloyatidagi yetakchi sanoat korxonalarida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar koʻrgazmasi bilan tanishdi.

Taqdimotda sogʻliqni saqlash, togʻ-kon sanoati, qurilish materiallari ishlab chiqarish, texnopark, ipakchilik va metallurgiya yoʻnalishlaridagi qator loyihalar haqida maʼlumot berildi.

Samarqand shahrida Turkiyaning nufuzli kompaniyalari bilan hamkorlikda davlat-xususiy sherikligi asosida koʻp tarmoqli shifoxona tashkil etish loyihasi amalga oshiriladi. Ushbu loyiha doirasida 1 ming nafar ish oʻrni yaratiladi.

Bulungʻur tumanida esa Xitoy kompaniyasi bilan tibbiy preparatlar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyish rejalashtirilgan. Bu loyiha doirasida ham 1 ming nafar odamning bandligi taʼminlanadi.

Shuningdek, Xitoy kompaniyalari Urgut tumanida ipak tolasi hamda mato ishlab chiqarish, Nurobod tumanida texnopark maxsus sanoat zonasini tashkil etish, Samarqand shahrida poʻlatni eritishda foydalaniladigan kimyoviy qotishmalar tayyorlash, Pastdargʻom tumanida koʻchma inshootlar yasash kabi loyihalar taqdim etildi.

Loyihalarni oʻz vaqtida sifatli va tezkor amalga oshirish boʻyicha masʼullarga tegishli topshiriqlar berildi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid