platina.uz
Jamiyat

Toshkentda odamlarning milliardlab pulini oʻzlashtirgan jinoiy guruhga hukm oʻqildi

Ular “Zamin Avto Karavan” MChJ nomi orqali yillik 10 foiz  ustama bilan mashina olib berishni vaʼda qilgan va pullarni oʻzlashtirgan. 

Toshkentda odamlarning milliardlab pulini oʻzlashtirgan jinoiy guruhga hukm oʻqildi

Toshkentda odamlarning milliardlab pulini oʻzlashtirgan jinoiy guruhga hukm oʻqildi

Toshkentda bir guruh shaxslar tomonidan 2023 yil davomida “Zamin Avto Karavan” MChJ nomi orqali oʻnlab fuqarolardan katta miqdorda pullar olib, avtomashina yetkazib berish vaʼdasi bilan firibgarlik sodir etilgani aniqlandi. Bu haqda Yakkasaroy tuman sudining 20 noyabrda eʼlon qilingan hukmida gap boradi. Sud hukmi Platina.uz ixtiyorida mavjud.

Maʼlum boʻlishicha, jinoiy guruhga “AVD Group” rahbari A.J. boshchilik qilgan. U S.X, E.O., U.A., Gʻ. S. va N. Oʻ kabi shaxslar bilan oldindan til biriktirib, fuqarolarga yillik 10% ustama bilan “Damas”, “Lacetti-Gentra”, “Cobalt” kabi avtomobillarni 60 bank kuni ichida uzoq muddatli kredit evaziga yetkazib berishni vaʼda qilgan.

Ammo olingan katta miqdordagi avans mablagʻlari maqsadli sarflanmagan: pullar bank kartalariga oʻtkazilib, naqdlashtirilgan va shaxsiy ehtiyojlarga yoʻnaltirib yuborilgani aniqlangan. Sud hujjatida qayd etilishicha, jami 89 holatda fuqarolardan 45 mlrd soʻmga yaqin pul yigʻib olingan va talon-toroj etilgan. Fuqarolardan olingan mablagʻlar 30 mln soʻmdan 105 mln soʻmgacha boʻlgan malbagʻlarni tashkil etadi. Ayrim hollarda 70–100 mln soʻmlik shartnomalar rasmiylashtirilgan, biroq avtomashinalar esa yetkazilmagan.

Ayblanuvchilarga nisbatan Oʻzbekiston JKning 168-moddasi (firibgarlik)ning turli qismlari, 242-modda (jinoiy guruh tuzish), 243-modda (jinoiy yoʻl bilan topilgan mulkni legallashtirish) va ayrim hollarda 266-modda (talon-toroj qilish) boʻyicha ayb qoʻyilgan. Sudlanuvchilarning bir qismi oldin ham mulkiy jinoyatlar uchun javobgarlikka tortilgan.

Sud barcha ishtirokchilarning koʻrsatmalari, jabrlanuvchilar arizalari va moliyaviy dalillarni oʻrganib, guruh aʼzolarining harakatlarining uyushqoq va oldindan kelishilgan tarzda amalga oshirilganini taʼkidladi.

Yakuniy sud hukmiga koʻra, firibgarlik sxemasi bosh aybdori boʻlgan A.J.ga 8 yil 1 oy ozodlikdan mahrum qilish (JK 168-modda 4-qism “v” bandi) tayinlandi. U jazoni umumiy tartibli koloniyada oʻtash belgilandi, jazoni oʻtash muddati 2024 yil 21 avgustdan boshlab hisoblanadi. U.A. JKning 168-modda 3-qismi "a,b" boʻyicha aybli deb topildi va 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Avvalgi hukm (Mirobod sudi) bilan birlashtirilib, yakuniy jazo 9 yil 1 oy etib belgilandi. Jazoni oʻtash 2024 yil 21 avgustdan boshlanishi belgilandi. S. X., Gʻ. S.lar 3 yildan 7 yilgacha boʻlgan muddatlarda ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Ayrim ayblanuvchilarga jazoni yengillashtiruvchi asos mavjudligi sababli – ozodlikni cheklash yoki probatsiya tayinlangan.

A.J.ga tegishli mashina va uy sotuvga qoʻyilib, tushgan mablagʻ zararni qoplashga yoʻnaltirilishi belgilandi. Jabrlanuvchilarga qolgan moddiy va maʼnaviy zararlar yuzasidan sudlanuvchilarning yashash manzilidagi fuqarolik ishlari boʻyicha tumanlararo sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilish huquqi tushuntirilgan.

Sud ishi Oliy sud portalidan olindi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid