Toshkent havosini nima boʻgʻib qoʻydi?
Poytaxt havosining ifloslanishi faqat mashinalar yoki zavodlar tufayli emas, balki tabiiy meteorologik hodisalar sababli ham kuchayib bormoqda.

Yogʻingarchilik boʻyicha 1917 yildan keyingi ilk antirekord qayd etildi. Yomgʻirlar chekinmoqda. Bu haqda Toshkent iqlimidagi jiddiy oʻzgarishlar tahlil qilingan koʻrsatuvda aytib oʻtildi.
"Yoz oylari juda issiq keldi, 6 oy boʻlibdiki, Toshkentda atigi 3 marta yomgʻir yogʻdi. 1860 yildan buyon kuzatuv olib borilayotgan tayanch Toshkent observatoriya stansiyasi maʼlumotlariga koʻra, poytaxtimizda yil davomida oʻrtacha hisobda 444 millimetr yomgʻir yogʻishi kerak. Eng kam yomgʻir yogʻgan yil (147 millimetr) 1917 yilga toʻgʻri keladi. Hozirgi kunda ham Toshkentda bor-yoʻgʻi 170 millimetr yomgʻir yogʻdi. Yaʼni, 100 yildan ziyod vaqtdan soʻng yana eng kam yomgʻir yogʻgan ikkinchi shunday davrga guvoh boʻlyapmiz.
Iqlim oʻzgarishi tufayli mintaqamizda choʻllashish jarayoni ketmoqda, choʻllashish asta-sekin sharqiy hududlarga qarab ayovsiz bostirib kelyapti, Toshkent va unga yondosh Qozogʻiston hududlarida koʻplab choʻllarni koʻrish mumkin. Mana shunday joyda shakllanayotgan chang kuz oylari davomida havoda toʻplanib turibdi", deydi Oʻzbekiston gidrometeorologiya tuzilmasi masʼul xodimi Erkin Abdulahadov.
Olimning aytishicha, Toshkentda tabiiy va antropogen omil aralashib ketdi, bu aralashuv antitsiklon holatiga, yaʼni quruq havo koʻpayishiga sabab boʻladi. Antitsiklon natijasida havoda inversiya degan hodisa yuz beradi. Quyosh chiqqandan keyin pastda, yer sirtida sovuq havo qolib ketadi, quyosh yerdan 300-400 metr yuqorini isitib, pastdagi va yuqoridagi haroratni bir xil qilib, sovuq havoni bosib qoʻyadi. Mana shu paytda yerdagi barcha chang zarrachalari asta-sekin havoga koʻtariladi. Hozir shunday koʻtarilish yuz beryapti. Oxirgi 4 kun davomida aholi shu jarayon ichida yashayapti. Yomgʻir yogʻmayapti, agar yogʻganda buning ustidan xudda koʻrpadek bosib qoʻygan boʻlar edi. 2 metr-sekunddan yuqori tezlikdagi shamol essa, poytaxtda yigʻilgan «smog», zaharli tutunni tashqariga olib chiqib ketish kuchi yuzaga kelgan boʻlar edi.
Afsuski, bu yil qurqogʻchil, nam havo oqimlari kamroq kirib keladigan davrdamiz hozir. Kelayotgan kunlarda ham xuddi shunday manzara saqlanib qolish ehtimoli mavjud.
Yogʻingarchilik 5-6 dekabr kuniga qadar poytaxtda kuzatilmasligi prognoz qilinmoqda. Haftaning birinchi uch kunligida antitsiklon taʼsirida quyosh chiqqanidan va botganidan keyin asosiy ifloslanish holatlari boʻlib turadi.
"Hozir Toshkentda asosiy ifloslanish 100-200 metrgacha boʻlyapti. 200 metr yuqoriga chiqsangiz, havo top-toza, koʻm-koʻk osmonni koʻrasiz.
200 metr balandlikkacha boʻlgan masofada mayda zarrachalar juda koʻp, uni hosil qiluvchilar — chang, issiqxona gazlari, hammasi taʼsir koʻrsatyapti. Bunda avtomobil sektori taʼsiri ham bor. Avtomobillar juda tirband harakatlanadigan vaqtlarda datchiklarimiz koʻtarilib ketyapti. Kunduzgi va kechki muddatda ham mana shunday vaziyat", deydi iqlimshunos.