platina.uz
Jamiyat

Rossiya, Tojikiston, Qozogʻiston diplomlari Oʻzbekistonda tan olinadimi?

Bilimlarni baholash agentligi ushbu davlatlar diplomlari nostrfikatsiyadan oʻtkazilmasdan amal qilishi boʻyicha savollarga javob berdi va oliy taʼlimga oid global konvensiyani eslatdi. 

Rossiya, Tojikiston, Qozogʻiston diplomlari Oʻzbekistonda tan olinadimi?

Rossiya, Tojikiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston diplomlari Oʻzbekistonda tan olinadimi? Bilimlarni baholash agentligi mazkur masalada axborot berdi.

Oliy taʼlimga oid malakalarni tan olish toʻgʻrisidagi global konvensiya (Parij, 2019 yil 25 noyabr) haqida:

Oʻzbekiston “Oliy taʼlim sohasida malakalarni tan olish toʻgʻrisidagi global konvensiya”ni ratifikatsiya qilgani haqida xabar bergan edik. Ushbu xabardan keyin mazkur konvensiyaning ahamiyati, mazkur Konvensiya asosida Rossiya, Tojikiston, Qozogʻiston, Qirgʻizistondagi oliy taʼlim tashkilotlari tomonidan berilgan diplomlar Oʻzbekiston hududida nostrfikatsiyadan oʻtkazilmasdan amal qilishi haqida savollar kelib tushmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasida xorijiy davlatlar tomonidan berilgan taʼlim olganlik toʻgʻrisidagi diplomlarni tan olish Oʻzbekiston Respublikasining “Taʼlim toʻgʻrisida”gi Qonuni hamda Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 24 iyuldagi 620-son qarori bilan tasdiqlangan “Xorijiy davlatlarda taʼlim olganlik toʻgʻrisidagi hujjatlarni tan olish tartibi haqida”gi Nizom talablari asosida amalga oshiriladi.

Mazkur Nizom bilan Oʻzbekiston hududida toʻgʻridan toʻgʻri tan olinadigan xorijiy davlatlarda olingan hujjatlar toifalari belgilangan.

Jumladan, Nizomning 7-bandi oʻninchi xatboshida Oʻzbekistonning xalqaro shartnomalarida nazarda tutilgan hollarda xorijiy davlatlarda taʼlim olganlik toʻgʻrisidagi hujjatlar toʻgʻridan toʻgʻri (maxsus sinovlarsiz) tan olinishi belgilangan.

Oliy taʼlimga oid malakalarni tan olish toʻgʻrisidagi global konvensiya YuNESKO shafeligida ishlab chiqilgan global ahamiyatga ega boʻlgan birinchi shartnoma hisoblanadi. Konvensiyaning 4-moddasida Konvensiyaning aʼzosi boʻlgan ishtirokchi davlat Konvensiyaning aʼzosi boʻlgan boshqa ishtirokchi davlatlarda egallangan va hujjatlar orqali tasdiqlangan malakalarni tan olish majburiyati koʻrsatilgan.

Tan olish jarayoni har bir davlatning oʻz milliy qonunchiligida belgilangan tartibda amalga oshirilib, bunda ishtirokchi davlatlar boshqa davlatlarda egallangan oliy taʼlimga oid malaka (diplom)ni adolatli tarzda tan olishi lozim. Davlatlar taʼlim tizimi (standart) oʻrtasida muhim farqlar mavjud boʻlgandagina tan olish rad etilishi mumkin.

Hozirgi kunda 38 ta davlat Global konvensiyaga aʼzo hisoblanadi va 10 ga yaqin davlatlar Konvensiyaga aʼzo boʻlish jarayonini olib bormoqda.

Global konvensiyaga aʼzo (ishtirokchi) davlatlar roʻyxati:

Yevropa mintaqasida (20 ta subʼekt) - Fransiya, Buyuk Britaniya, Finlandiya, Norvegiya, Shvetsiya, Islandiya, Vengriya, Andorra, Armaniston, Xorvatiya, Estoniya, Litva, Moldova, Ruminiya, Slovakiya, Gruziya, Bosniya va Gersogovina, Muqaddas Prestol, San-Marino, Lyuksemburg;

Amerika mintaqasida (4 ta subʼekt) - Kuba, Nikaragua, Ekvador, Urugvay;

Afrika mintaqasida (7 ta subʼekt) - Janubiy Afrika Respublikasi, Tunis, Kabo Verde, Jibuti, Kotdivuar, Gvineya, Senegal;

Osiyo mintaqasida (5 ta subʼekt) - Yaponiya, Janubiy Koreya, Moʻgʻuliston, Yaman, Falastin;

Avstraliya va Okeaniya mintaqasida (2 ta subʼekt) - Avstraliya, Yangi Zelandiya.

Konvensiyaning 18-moddasiga asosan unga aʼzo boʻlish har bir davlat YuNESKO kotibiyatiga mazkur Konvensiyaga aʼzo boʻlish haqida oʻz hujjatini taqdim etganidan keyin 3 oy oʻtgach amalga oshiriladi. Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi ushbu Konvensiyani ratifikatsiya qilish haqidagi Qonunning tasdiqlangani haqidagi yorliqni YuNESKO kotibiyatiga taqdim etgan vaqtdan boshlab 3 oy oʻtgach, Konvensiyaning toʻlaqonli aʼzosi hisoblanadi.

Taʼkidlash kerakki, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy Osiyo davlatlari orasida Global konvensiyaga aʼzo boʻlgan ilk davlat boʻladi.

Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda qayd etish kerakki, Global konvensiya doirasida faqatgina unga aʼzo boʻlgan davlatlar oʻrtasida oliy taʼlimga oid malaka (diplom)larni oʻzaro tan olish mexanizmlari qoʻllaniladi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid