platina.uz
Jahon

Isroil "Hizbulloh"ning bosh harbiy qoʻmondonini oʻldirdi

Yahudiy davlati Livanga kuchli raketa zarbasi yoʻlladi. Bu bir yil oldin erishilgan oʻt ochishni toʻxtatish boʻyicha kelishuvdan keyingi eng yirik hujum sanaladi. 

Isroil "Hizbulloh"ning bosh harbiy qoʻmondonini oʻldirdi

Isroil Livan poytaxti Bayrutda "Hizbulloh" guruhining eng yuqori harbiy qoʻmondonini oʻldirganini maʼlum qildi.

Bayrutda amalga oshirilgan havo hujumida "Hizbulloh"ning bosh harbiy qoʻmondoni Haytsam Ali Tabatabai yoʻq qilingan. "Hizbulloh" Tabatabai va yana ikki nafar qoʻmondon hujumda halok boʻlganini tasdiqladi.

Bu hujum bir yil oldin erishilgan oʻt ochishni toʻxtatish boʻyicha kelishuvdan keyingi eng yirik hujum boʻlib, soʻnggi besh oy ichida Isroilning Bayrutga bergan birinchi zarbasidir.

Hujum, soʻnggi haftalarda Isroilning Livandagi "Hizbulloh"ga qarshi zarbalari kuchaygani fonida sodir boʻldi. Isroilga koʻra, jangari guruh Livanda qayta qurollanish va harbiy salohiyatini tiklashga urinmoqda.

Isroil razvedka rasmiylariga koʻra, Tabatabai "Hizbulloh" ichida guruhni qurollantirishdan voz kechish boʻyicha Livan hukumati qaroriga eng keskin qarshi chiqqan shaxs boʻlgan. U oʻt ochishni toʻxtatishni yakunlab, Isroil bilan jangni qayta boshlashga undagan, deya aytiladi.

Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyahu Isroil Mudofaa Kuchlari "Hizbulloh"ning “terror tashkilotining qurollanishiga boshchilik qilgan” bosh harbiy rahbarini nishonga olganini aytdi.

Netanyahu bu hujumni Mudofaa vaziri va Mudofaa kuchlari bosh shtabi boshligʻining tavsiyasi asosida buyurganini bildirdi.

“Isroil oʻz maqsadlariga istalgan joyda va istalgan vaqtda erishishga qatʼiy bel bogʻlagan” - dedi u.

Isroil harbiy-havo kuchlari uchirgan raketalar Bayrut janubiy chekkasidagi "Hizbulloh" tayanch hududi sifatida koʻriladigan 10 qavatli binoning toʻrtinchi va beshinchi qavatlariga tegdi. Livan sogʻliqni saqlash vazirligiga koʻra, besh kishi halok boʻlgan va 20 dan ortiq kishi jarohatlangan.

Hujumdan bir necha soat oʻtib, Isroil Mudofaa kuchlari rasmiy bayonot chiqarib, Tabatabai “yoʻq qilinganini” eʼlon qildi.

“Tabatabai Hizbullohning aksariyat boʻlinmalarini boshqargan va ularning Isroil bilan urushga qayta tayyorgarlash ustida faol ishlagan. Isroil Mudofaa kuchlari Hizbullohni qayta qurollantirish va tiklash urinishlariga qarshi harakat qiladi va Isroilga qarshi har qanday tahdidni bartaraf etish uchun qatʼiy choralar koʻradi", deyiladi bayonotda.

AQShning yuqori martabali rasmiysi Axiosʼga maʼlum qilishicha, Isroil Bayrutdagi hujum haqida AQShNI oldindan ogohlantirmagan. “Bizga hujum amalga oshirilgandan soʻng darhol xabar berildi” dedi rasmiy. Isroillik bir rasmiy ham AQShGA hujum haqida oldindan xabar berilmaganini tasdiqladi.

Tabatabai AQSh hukumati tomonidan yillar davomida qidiruvda boʻlgan, hatto uni qoʻlga olishga yordam beradigan maʼlumot uchun 5 million dollarlik mukofot ham eʼlon qilingan. 2016 yilda AQSh Davlat departamenti Tabatabayni “Global darajadagi maxsus belgilangan terrorchi” sifatida roʻyxatga olgan.

Isroil rasmiylarining aytishicha, Tabatabay "Hizbulloh"ning siyosiy yetakchisi Naim Qosimdan keyin tashkilotdagi ikkinchi shaxs boʻlgan. U Isroil avvalgi harbiy rahbarlarni oʻldirgach, "Hizbulloh"ning harbiy rahbari etib tayinlangan.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid