Transplantatsiya amaliyotiga tayyorlanish tartibi belgilandi
Bemor va donordan amaliyotdan oldin rozilik olinadi hamda u videoyozuvga qayd etiladi. Ular operatsiyadan keyin 21 kungacha reabilitatsiyada boʻladi.

Inson aʼzolari transplantatsiyasi amaliyotiga tayyorlash tartibi belgilandi
Adliya vazirligi "Davlat sogʻliqni saqlash tizimidagi tibbiyot muassasalarida retsipiyent hamda tirik donorni transplantatsiya amaliyotiga tayyorlash va ularning amaliyotdan keyingi reabilitatsiyasi va kuzatuvda boʻlish tartibi toʻgʻrisida"gi nizomni roʻyxatdan oʻtkazdi (roʻyxat raqami: 3708, 21.11.2025 y.)
Mazkur Nizomda davlat tibbiyot muassasalarida retsipiyentlar va donorlarni transplantatsiya amaliyotiga tayyorlash va ularning amaliyotdan keyingi reabilitatsiyasi va kuzatuvda boʻlish tartibi belgilandi.
Nizomga koʻra, Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 13 iyundagi 333-son qarorida koʻrsatilgan davlat tibbiyot muassasalari retsipiyentlar va donorlarni transplantatsiya amaliyotiga tayyorlashdan oldin, ularning sogʻligʻi boʻyicha maxsus tibbiy tayyorlov choralarini amalga oshiradi.
Retsipiyent va donordan transplantatsiya amaliyotidan oldin rozilik olinadi hamda u videoyozuvga qayd etiladi.
Retsipiyentlar va donorlar transplantatsiyasi amaliyotidan soʻng 21 kungacha reabilitatsiyada boʻladi, reabilitatsiyadan keyin esa ular hududiy tibbiyot muassasalarida dispanser nazoratiga olinadi.
Retsipiyentlar dispanser nazoratida boʻlgan vaqtda shifokorlar tomonidan bepul immunosupressiv dori vositalari bilan taʼminlanadi, deyiladi nizomda.