platina.uz
Madaniyat

Provokatsiyaga eʼtibor bermang, bundan yuqoriroq yuring – Bezrukov

Rossiyalik aktyor 2 oy oldingi gaplari hozirga kelib umuman notoʻgʻri talqin qilinayotganini bildirdi.

Provokatsiyaga eʼtibor bermang, bundan yuqoriroq yuring – Bezrukov

Rossiyalik taniqli aktyor Sergey Bezrukov soʻnggi kunlarda oʻziga qarshi provokatsiya ketayotganini aytib chiqdi.

Gap nimada?

"Tass" agentligi 2 oy oldin oʻtkazgan matbuot anjumanida bir muxbirning Toshkentdagi qiziq voqeani aytib bering, degan savoliga Bezrukov yarim kechasi qabristonga borganini "yumor bilan" soʻzlab bergan.

Oʻshanda aktyor Tatyana Yesenina qabrini ziyorat qilmoqchi boʻlgani, keyin samolyotda Rossiyaga uchib ketishini bildirgan. Tatyana Yesenina mashhur rus shoiri Sergey Yeseninning qizi, u 1992 yil Toshkentda vafot etib, shu yerga dafn etilgan.

Shundan keyin ijtimoiy tarmoqlarda Bezrukovni oʻzbek xalqining ustidan kulishda ayblab qator postlar joylashtirilgan. Oxiri aktyor bu voqeaga munosabat berishga majbur boʻlgan.

"Kimdir mening soʻzlarimni oʻzbek tili va oʻzbek xalqi ustidan kulish deb talqin qilib chiqibdi. Bu albatta provokatsiya. Buni juda yaxshi bilib turibman, millatlararo nizo chiqarishmoqchi.

Tass bilan oʻtgan matbuot anjumanida aytgan, 2 oy oldin, voqea Toshkentda bundan 4 yil oldin sodir boʻlgan. Oʻshanda Tatyana Yesenina qabriga gul qoʻygandim, kechasi qabristonni ochib berishgandi. Ha, toʻgʻri, hazil aralash gapirganman. Bu voqeani shu 4 yil mobaynida Rossiyada ham, Oʻzbekistonda ham shunday yumor bilan aytganman, hazildek qabul qilishgan.

Oʻzbekistonga nisbatan munosabatimni bilasizlar, gastrollarga borganda qanchalar postlar qoʻyganman. Oʻzbek madaniyati, oʻzbek oshxonasi va mehmondoʻstligidan hayratlanganman va hamon shunday. Yana shuni bilamanki, Oʻzbekistonda meni yaxshi koʻrishadi, meni kutishadi. Men ham xuddi shundayman.

Sasha Beliyni yaxshi koʻrishadi. Keling, bunday qilamiz, Sanya Beliy Oʻzbekiston va oʻzbek xalqiga qarshi biror narsa deyishi mumkinmi? A, mumkinmi? Menimcha, yoʻq. Farik bilan (Farhod Mahmudov) haliyam doʻstmiz, aktyorlik mahoratidan VGIKda birga dars beramiz.

Nimalar deyapsiz? Oʻzbekistonni va oʻzbek xalqini hozir ham yaxshi koʻradigan va hurmat qiladigan Sergey Bezrukov. Provokatsiyaga eʼtibor bermang, bundan yuqoriroq yuring. Hurmat bilan", deb gapini tugatgan Bezrukov.

Maʼlumot oʻrnida, Sergey Bezrukov Yesenin, Pushkin kabi shoirlarni maromiga yetkazib gavdalantirgan. "Visotskiy" filmining aksariyat qismini Toshkent va Buxoroda suratga olishgan. U Oʻzbekistonga xizmat safari bilan tez-tez kelib, aktyorlik mahorat darslarini oʻtib ketadi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid