Yangi yilda yana qor yogʻmaydi
Qish mavsumi uchun dastlabki mavsumiy ob-havo prognozi eʼlon qilindi. Dekabr oyi nisbatan issiqroq boʻlishi mumkin.

Oʻzgidromet 2025−2026 yillar qish mavsumi uchun dastlabki mavsumiy ob-havo prognozini eʼlon qildi.
Unga koʻra, dekabr oyi normaga nisbatan biroz issiqroq boʻlishi kutilmoqda. Oʻrtacha oylik harorat normaga nisbatan 1−1,5 daraja baland boʻladi. Birinchi oʻn kunlikda havo asosan iliq, kechasi 0…+5 daraja, — kunduzi +10…+15 daraja boʻladi.
Ikkinchi va uchinchi oʻn kunliklarda harorat keskin oʻzgarib turadi. Kechasi +2…+7 darajadan 0…-5 darajagacha, kunduzi +12…+17 darajadan +2…+7 darajagacha. Oylik yogʻingarchilik miqdori — norma atrofida yoki undan kam boʻlishi kutilmoqda.
Yanvar oyi umumiy holatda normaga yaqin, ayrim hududlarda biroz sovuqroq boʻlishi prognoz qilinmoqda. Birinchi va ikkinchi oʻn kunliklarda harorat katta diapazonda oʻzgarib turadi — kechasi +3…+8 darajadan −3…−8 darajagacha, kunduzi +10…+15 darajadan −2…+3 darajagacha.
Uchinchi oʻn kunlikda anomal sovuqlar kutilmoqda. Koʻpchilik hududlarda kechasi −12…−17 daraja, kunduzi −5…−10 daraja, Nukus va Urganch atroflarida kechasi −20…−25 darajagacha tushishi mumkin.
Fevral oyi koʻp yillik normalarga yaqin boʻlishi kutilmoqda. Birinchi oʻn kunlikda anomal sovuqlar davom etadi. Kechasi −5…−10 daraja, kunduzi −3…+2 daraja boʻlishi prognozlanmoqda.
Ikkinchi va uchinchi oʻn kunliklarda havo sezilarli iliydi — kechasi −2…−7 darajadan +3…+8 darajagacha, kunduzi 0…+5 darajadan +10…+15 darajagacha. Janubiy hududlarda kunduzgi harorat +15…+20 darajagacha koʻtarilishi mumkin. Yogʻingarchilik — meʼyor doirasida boʻladi.
Prognoz yakuniy xarakterga ega emas, ob-havo sharoitlariga muvofiq oʻzgarishlar boʻlishi mumkin.