Rossiyadan noqonuniy olib kelinayotgan dorilar partiyasi qoʻlga olindi
Vagon kuzatuvchilari moddiy manfaatdorlik evaziga tibbiy buyum va dori vositalarini Toshkent shahriga yetkazib berishlari kerak boʻlgan.

Rossiyadan noqonuniy olib kelinayotgan tibbiy buyum va dori vositalari toʻxtatib qolindi.
Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qoʻshinlari harbiy xizmatchilari tomonidan tovar-moddiy boyliklarning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish yoʻnalishida bojxona idoralari xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir oʻtkazildi.
Xususan, “Volgograd - Toshkent” yoʻnalishida harakatlanib kelayotgan poyezd “Qoraqalpogʻiston - temir yoʻl” xalqaro oʻtkazish punktida tekshirildi.
Natijada 7-vagon kuzatuvchisi boʻlgan – Samarqand shahrida yashovchi, 1981 y.t. shaxs tomonidan vagonning havo aylantirish shaxtasiga yashirib qoʻyilgan, taxminan 913 mln soʻmlik 30 turdagi 2742 dona stomotologik buyumlar, implantlar va uskunalar borligi aniqlanib, rasmiylashtirib olindi.
Shuningdek, poyezdning 12-vagonida ham shunga oʻxshash holat aniqlanib, vagon kuzatuvchisi boʻlgan – Toshkent shahrida yashovchi, 1976 y.t. fuqaro tomonidan bojxona koʻrigidan yashirin ravishda olib kirilgan, taxminan 1,5 mlrd soʻmlik 12 turdagi jami 894 dona dori vositalari hamda tibbiy anjomlar ashyoviy dalil sifatida olindi.
Maʼlum boʻlishicha, vagon kuzatuvchilari moddiy manfaatdorlik evaziga tibbiy buyum va dori vositalarini Toshkent shahriga yetkazib berishlari kerak boʻlgan.
Hozirda surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Avvalroq qayta jinoyat sodir etgan narkosavdogar ushlangandi.
U bir kilogrammga yaqin “opiy” moddasini shartli xaridorga 15 ming AQSh dollariga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qoʻlga tushgan.