Qayta jinoyat sodir etgan narkosavdogar 20 yilgacha qamalishi mumkin
U bir kilogrammga yaqin “opiy” moddasini shartli xaridorga 15 ming AQSh dollariga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Qayta jinoyat sodir etgan narkosavdogar qamoqqa olindi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Samarqand viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan viloyat bojxona hamda ichki ishlar boshqarmalari bilan hamkorlikda Urgut tumanida tezkor tadbir oʻtkazildi. Unda katta miqdordagi giyohvandlik vositasining savdosiga chek qoʻyildi.
Xususan, oldindan kuzatuvga olingan – Urgut tumanida yashovchi, 1966 y.t., muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan bogʻliq jinoyati uchun sudlangan shaxs 993 gr “opiy” moddasini shartli xaridorga 15 ming AQSh dollariga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Aniqlanishicha, ushbu narkotik modda Tojikiston Respublikasidan kontrabanda yoʻli bilan olib kelingan.
Hozirda mazkur shaxsga nisbatan Jinoyat Kodeksining 28,246-moddasi 2-qismi (kontrabanda) va 273-moddasi 5-qismi (giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni oʻtkazish...) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllanildi.
Taʼkidlash lozimki, Jinoyat Kodeksining ushbu moddalarining mazkur qismlarida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlik uchun 10 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.