Bu maqolani oʻqish taqiqlanadi
Biz hozir bevosita bosim ish bermaydigan davrda yashayapmiz. Odamlar kalondimogʻlarcha berilgan buyruqlar, shiorlar, oʻziga singdiriladigan fikrlar hamda targʻibotdan charchagan.

Farzand tarbiyasidek masʼuliyatli vazifa zimmasiga tushgan ota-onalar, vaqt oʻtishi bilan bir qonuniyatni anglab yetishadi. Bolalarga biror ishni “qil” deb buyurishdan koʻra, “qilma” yoki “buni qila olmaysan(mi)” deyish yaxshiroq samara beradi. Ayniqsa, tabiatan qaysar va oʻz noroziligini izhor qilish uchun, aytilgan ishning teskarisini qilishni xush koʻradigan bolalarga bunday yondashuv tezroq natija beradi.
Bu usulni kattalarda ham sinab koʻrish mumkin. “Taqiqlangan meva shirin boʻladi” deganlaridek, odamlarning nafsoniyati va hissiyotidan foydalanib manipulyatsiya qiluvchilar bu usuldan unumli foydalanishadi. “Nahotki bu qoʻlingizdan kelmaydi?”, “Yoʻq, siz bu ishni qila olmaysiz, lekin falonchi qila oladi” deyish aksariyat odamlarni ayni shu ishni qilishga, oʻzining “ahmoq va ojiz emasligini”, “falonchidan kam emasligini” isbotlashga undaydi.
Insoniyat ruhiyatiga bunday taʼsirni reversiv (teskari) psixologiya deb atashadi. Aslida bu atama ilmiy emas, koʻpincha maishiy termin. Biroz oldin ketib aytish kerakki, bu usulga “laqqa” tushadiganlarni, ayrim psixologlar, asosan irodasi sust va uzoqni koʻra olmaydigan yoki sodda odamlar toifasiga kiritishadi.
“Buni qilma” deyish – “buni qil” deyish bilan barobar
Biz hozir bevosita bosim ish bermaydigan davrda yashayapmiz. Odamlar kalondimogʻlarcha berilgan buyruqlar, shiorlar, oʻziga singdiriladigan fikrlar hamda targʻibotdan charchagan. Shunda reversiv psixologiya usuli yordam beradi. Bu – sehr yoki gipnoz emas, bu – insonning ruhiy qarshilik koʻrsatish xususiyatidan uning oʻziga qarshi foydalanish usulidir.
Reversiv psixologiya reaktiv qarshilik psixologik nazariyasiga asoslanadi. Bunday reaksiya odamlarda ularning erkinligini cheklaydigan biror narsa borligini tushungan paytda yuzaga keladi. Bu oʻrinda cheklovchi subʼekt – boshqa inson, biror harakat yoki qoida boʻlishi mumkin. Reaktiv qarshilikni his qilgan odamlar, odatda, yoʻqolgan erkinlikni goʻyoki tiklashga va cheklovchiga qarshi biror chora koʻrishga harakat qiladi. Yaʼni, odamga biror ishni qilish shartligi aytilsa-da, aslida undan “teskari” harakat kutiladi. Bu suhbatdoshga kerakli qarorni goʻyoki “oʻzi” qabul qilish imkoniyatini beradi.
Reversiv psixologiyaning ilmiy oʻrganilishi
“Reversiv psixologiya” atamasi birinchi marta XX asr oʻrtalarida amerikalik xulq-atvor psixologlari tomonidan qoʻllanilgan.
Uning mohiyati oddiy: odamlar qaror qabul qilishga majbur boʻlishdan koʻra, oʻzlari qaror qabul qilgandek his qilganida– biror narsa qilishga rozi boʻlish ehtimoli koʻproq boʻladi.
Shuning uchun ham bolaga: “Oʻyinchoqlaringni oʻzing yigʻishtira olmas ekansan-da...” desangiz, ular darhol buning aksini isbotlashga shoshiladi. Psixologlar buni “psixologik reaksiya” deb atashadi.
Reversiv psixologiya atamasi 1966 yilda Jek Brem tomonidan kiritilgan. Uning tadqiqotlari shuni koʻrsatdiki, insonning tanlash erkinligi qanchalik cheklangan boʻlsa, uni qayta tiklashga intilishi shuncha kuchli boʻladi, hattoki bu ishi uning oʻz manfaatlariga zid boʻlsa ham. Yaʼni “aytganingni qilmayapman, oʻz bilganimcha ish tutyapman” demoqchi boʻladi.
Reversiv psixologiyaning taʼsir mexanizmi
Inson – magʻrur mavjudot. Hamma inson tabiatan hur boʻlib tugʻiladi. Birovlarga qaramlikka koʻnish – inson tabiatiga zid.
Biz oʻzimizni nazorat qilish hissini qadrlaymiz. Kimdir “sen shunday qilishing kerak” desa, ichimizda “Nega men shunday qilishim kerak?” degan yashirin norozilik paydo boʻladi.
Psixolog Brem 1966 yilda oʻtkazgan bir tajribada talabalarga laboratoriyadan maʼlum bir kitoblarni olish taqiqlangan. Bir hafta oʻtgach, aynan shu kitoblar eng koʻp olingan kitoblar boʻlib chiqdi.
Shunga oʻxshash taʼsir marketingda ham kuzatiladi: agar mahsulot “taqiqlangan” yoki “chegeralangan” boʻlsa, u koʻproq sotiladi, ajiotaj paydo boʻladi. Masalan, Oʻzbekistonda monopol mavqega ega avtomobil yigʻish kompaniyasi oʻz avtomobillarini ataylab chegaralangan miqdorda, sunʼiy tanqislik yaratib, narxini oshirib, sunʼiy navbat yasab, uzoq kuttirib sotadi. Bu qariyb chorak asrdan beri oʻz samarasini berib kelmoqda. Bu monopol kompaniya avtomobilini olish hamma uchun oson emasligi – uni albatta sotib olish sunʼiy ishtiyoqini paydo qiladi. Bu avtomobillarni sotib olgan odamlar oʻzlarini boshqalardan koʻra “oliyroq”, baxtliroq va omadliroq his qilishadi.
Yoki chirkin sovet davrini eslang: “tanqis” boʻlgan hamma narsa avtomatik ravishda “orzu”ga aylanar edi. Xuddi shu tamoyil bugungi kunda “TikTok” va Instagramda ham ish beradi – taqiqlangan kontent rasmiy reklamadan koʻra tezroq eʼtiborni tortadi.
Bu usul odamlarda “boshqalarga koʻrsatib qoʻyish” uchun ham ishtiyoq, gʻayrat va ragʻbat hosil qilganiga misollar koʻp. Aytaylik, biror maktab oʻquvchisiga “oʻqib kim boʻlarding, otang podachi, onang tikuvchi boʻlsa..” deyilsa, shu oʻquvchi bu gapning notoʻgʻriligini, oʻzining koʻproq narsalarga qodirligini isbotlash uchun yaxshiroq oʻqiy boshlaydi.
Reklamada ham reversiv psixologiyadan keng foydalaniladi. “Agar hayotingizni oʻzgartirishga tayyor boʻlmasangiz, bu matnni oʻqimang” deyilsa, uni albatta oʻqishadi. Marketing psixologlari bu usuldan foydalanib, qarshilikni qiziqishga aylantirishadi.
Siyosat va jamiyatda
Reversiv psixologiya siyosiy strateglarning sevimli qurolidir. Rasmiylar muxolif kitoblar, filmlar yoki shiorlarni taqiqlasa, ularning ommaviyligi oshadi. Tarixda bunga oʻnlab misollar mavjud.
1960-yillarda Fransiya hukumati “Parijdagi soʻnggi tango” filmi namoyishini cheklashga urindi. Biroq taqiq uni faqat klassikaga aylantirdi.
SSSR rok musiqasiga toʻsqinlik qilmoqchi boʻlganida, Soy va “Mashina Vremeni” guruhlarining qoʻshiqlari norozilik ramziga aylandi.
Reversiv psixologiyadan ayollar oʻz juftlarini boshqarish uchun ham foydalanishadi koʻpincha. “Qoʻlingizdan nima ham kelardi” qabilidagi istehzolardan keyin er bechora jahl ustida xotiniga tilla uzuk va hatto mashina ham sovgʻa qilib yuborishi hech gap emas.
Shu bois, zamonaviy pi-ar mutaxassislari “taqiqlangan meva” har qanday reklamadan koʻra yaxshiroq ishlashini bilib, baʼzan ataylab negativ hissiyotlar qoʻzgʻatishadi.
Chunki ommaviy ongning paradoksi shunday ishlaydi: gʻoyaga qarshi kurashish
Olimlar va tadqiqotlar
Psixolog Jek Brem birinchi marta bu hodisani oʻzining “Psixologik reaksiya nazariyasi” (1966) kitobida tasvirlab bergan.
Keyinchalik, 1980 va 2000-yillarda uning gʻoyalari Stenli Milgram, Robert Sialdini va Daniyel Kahneman tomonidan yanada rivojlantirildi. Ular quyidagi xulosalarga kelishdi:
- Odamlar oʻz tanlash erkinligini hatto oʻziga zarar evaziga ham himoya qilishga moyil.
- Nazorat qanchalik qattiq boʻlsa, qarshilik ham shunchalik kuchli boʻladi.
- Muvaffaqiyatli taʼsir qilish mustaqillik illyuziyasini talab qiladi.
Zamonaviy tadqiqotchilar (masalan, Sharon Brem, Miron Sukerman) bu tamoyillarni psixoterapiyada qoʻllashgan. Bu holda reversiv yaxshilik uchun ishlatiladi – bemor buyruqqa boʻysunishdan koʻra, oʻzini oʻzgartirish istagini paydo qilishi muhimligi bois, bemorga yordam berish uchun qoʻllaniladi.
Manipulyatsiya va boshqa axloqiy masalalar
Reversiv psixologiyaxuddi pichoqqa oʻxshaydi. Pichoq malakali jarroh qoʻlida – davolash asbobi boʻladi. Qotil qoʻlida esa alamli oʻlimga sababchi boʻladi.
Agar ota-ona yoki psixolog reversiv psixologiyadan motivatsiya uchun foydalansa, bu yaxshi. Ammo kimdir bu usulni boshqa insonga ruhiy-hissiy bosim koʻrsatish uchun ishlatsa, bu manipulyatsiya hamda axloqsizlik hisoblanadi.
Psixologlar ogohlantiradi: reversiv psixologiyadan muntazam foydalanish – ishonchni yoʻq qiladi. Natija rasman “ijobiy” boʻlsa ham, odam baribir aldanganini his qiladi.
Abufayz Sayidasqarov