platina.uz
Jahon

Yaponiya bosh vazirining soʻzlari Xitoy bilan munosabatlarni keskinlashtirdi

Yapon hukumati rahbari “Xitoy Tayvanga hujum qilsa, Tokio harbiy choralar koʻrishi mumkin” deb bayonot bergandi. Pekin yapon dengiz mahsulotlari importini chekladi. 

Yaponiya bosh vazirining soʻzlari Xitoy bilan munosabatlarni keskinlashtirdi

Xitoy Yaponiya dengiz mahsulotlari importini toʻxtatadi — bu Tokio va Pekin oʻrtasidagi keskinlikning navbatdagi kuchayishi boʻldi.

Ushbu qaror Yaponiya bosh vaziri Sanaye Takaichining “Xitoy Tayvanga hujum qilsa, Tokio harbiy choralar koʻrishi mumkin” degan bayonoti sabab qabul qilingan.

Xitoy rasmiylari importni toʻxtatishga sabab Fukushima Daiichi atom elektr stansiyasidan chiqarilayotgan tozalangan oqova suvni nazorat qilish ekanligini aytdi.

Bu qaror Tokio va Pekin oʻrtasidagi keskinlik kuchaygan bir paytda qabul qilindi. Yaponiya bosh vaziri Sanaye Takaichining parlamentdagi chiqishida “Agar Xitoy Tayvanga hujum qilsa, Yaponiya uchun bu "hayotiy xavf tugʻdiruvchi vaziyat boʻlishi mumkin”, degan bayonoti Xitoy tomonidan mustaqil Tayvan ustidan oʻz suverenitetiga qarshi qaratilgan chaqiriq sifatida talqin qilindi.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi vakili Mao Nin, Takaichining soʻzlari “Xitoy-Yaponiya munosabatlarining siyosiy asosiga jiddiy putur yetkazdi”, deb aytib, natijada “yapon dengiz mahsulotlariga bozorda joy qolmaganini” taʼkidladi.

Shundan soʻng Yaponiya Xitoydagi fuqarolarini ehtiyot boʻlishga, gavjum joylardan yiroq yurishga chaqirdi. Xitoy esa oʻz navbatida fuqarolariga Yaponiyaga bormaslikni maslahat berdi va yapon filmlarining ikki premerasini kechiktirdi.

Mao “agar Yaponiya oʻz bayonotlarini qaytarib olmasa yoki notoʻgʻri qadamlarni davom ettirsa, Xitoy keskin va qatʼiy qarshi choralar koʻrishga majbur boʻladi va yuzaga keladigan oqibatlarning barchasi uchun Yaponiya javobgar boʻladi” - deya ogohlantirdi.

Xitoy, shuningdek, Yaponiya elchisini chaqirtirib, agar Tokio Tayvanga harbiy aralashsa, ularni halokatli magʻlubiyat kutishini oshkora ogohlantirdi.

Mazkur mojaro soʻnggi yillarda Xitoy va Yaponiya oʻrtasidagi munosabatlar keskin yomonlashishiga sabab boʻlayotgan eng jiddiy voqealardan biri boʻlib, u Hind-Tinch okeani mintaqasidagi xavfsizlik, tarix va taʼsir borasidagi eski ziddiyatlarni yana yuzaga chiqarmoqda.

Yakshanba kuni Xitoy sohil qoʻriqlash kemalari Sharqiy Xitoy dengizidagi bahsli orollar atrofidagi suvlarga kirib bordi. Yaponiya sohil qoʻriqlash xizmati kemalarni hududdan chiqarganini maʼlum qildi. Mazkur orollar Yaponiyada Senkaku, Xitoyda esa Dyaoyuy dao deb ataladi va ayniqsa 2012 yilda Yaponiya ularni milliylashtirgandan beri doimiy keskinlik nuqtasi boʻlib keladi.

Xitoy davlat OAVlari va diplomatlari internetda keskin ritorikani kuchaytirdi. Hatto Xitoyning bir bosh konsuli “aralashib tiqilgan boʻyinni kesib tashlash kerak” degan izohni yozib, keyin oʻchirib yubordi.

AQShning Yaponiyadagi elchisi Jorj Glass ham ijtimoiy tarmoqlarda Xitoy amaldorlarini tanqid qildi.

Shu bilan birga, Xitoyning Yaponiyaga nisbatan ogohlantirishi iqtisodiy bosimni kuchaytirdi. Chunki xitoylik sayyohlar Yaponiyaga kiruvchi umumiy turizmning qariyb choragini tashkil qiladi. Shu haftaning oʻzida yapon turizm va chakana savdo aksiyalari 5 foizdan 10 foizgacha tushib ketdi. Xitoylik sayyohlar sonining keskin kamayishi ushbu sohani jiddiy zarar keltirishi mumkinligi tahmin qilinmoqda.

© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid