Raqobat qoʻmitasi umumiy ovqatlanish korxonalarini ogohlantirdi
Ayrim restoran va kafelarda taomlar narxidan tashqari 10–15 foiz, baʼzan esa 20 foizgacha xizmat haqi undirilayotgani haqida shikoyatlar bildirilgan. Qoʻmita mijozlarni bunday xizmatlardan foydalanishga majburlamaslikka chaqirdi.

Raqobat qoʻmitasi respublikadagi barcha turdagi umumiy ovqatlanish korxonalarini ogohlantirdi.
Qoʻmitaga umumiy ovqatlanish korxonalari faoliyati boʻyicha isteʼmolchilardan kelib tushayotgan murojaatlarda ayrim restoran va kafelarda taomlar narxidan tashqari 10–15 foiz, baʼzan esa 20 foizgacha xizmat haqi qoʻshimcha toʻlov sifatida undirilayotgani hamda avvaldan depozit mablagʻlar talab qilinayotgani haqida fikrlar bildirilgan.
Vazirlar Mahkamasining 75-sonli qarori “Oʻzbekiston Respublikasida umumiy ovqatlanish mahsulotlarini (xizmatlarni) ishlab chiqarish va sotish qoidalari"ga asosan, umumiy ovqatlanish korxonalari quyidagi turlarga boʻlinadi: restoran, vagon-restoran, bar, kafe, mavsumiy kafe, kafeteriy, oshxona, choyxona, bufet va kichik oshxona.
Jumladan, restoran — oʻz nomiga ega boʻlgan, isteʼmolchilarga murakkab usulda tayyorlanadigan yuqori sifatli kulinariya va qandolatchilik mahsulotlarining keng assortimentini hamda ichimliklarni taqdim etadigan eng qulay umumiy ovqatlanish korxonasi. Restoran taomnomasiga majburiy tartibda porsiyali va firma ovqatlari kiritiladi. Xizmat koʻrsatish dam olish, ovqatlar pishirish va xizmat koʻrsatish bilan uygʻunlashtirilgan holda yuqori malakali oshpazlar va ofitsiantlar tomonidan amalga oshiriladi;
-bar — tik turgan holda isteʼmolchilarga ichimliklar va zakuskalar bilan xizmat koʻrsatishni tashkil qiladi. Sotiladigan ichimliklar va mahsulotlar turlariga koʻra barlar pivo, vino, kokteyl, sut barlari va boshqa barlarga ixtisoslashgan boʻladi;
-kafe — isteʼmolchilarga turli qaynoq va sovuq ichimliklar, qandolatchilik, sut mahsulotlari hamda tayyorlanishi murakkab boʻlmagan kulinariya mahsulotlarini taqdim etadi. Sotiladigan mahsulotlari yoki yoʻnalishiga koʻra kafelar: shirinliklar, muzqaymoq, sut kafesi, bolalar kafesi, yoshlar kafesi va shu kabilarga ixtisoslashgan boʻladi, ularda oʻz oʻziga xizmat koʻrsatish yoki ofitsiantlar tomonidan xizmat koʻrsatish usullari qoʻllaniladi, kechki vaqtlarda musiqiy xizmat koʻrsatish tashkil etilishi mumkin;
-oshxona — bu isteʼmolchilarni nonushtalar, tushliklar va kechki ovqatlar bilan taʼminlovchi korxonadir. Ularda oʻz-oʻziga xizmat koʻrsatish usuli qoʻllaniladi;
-bufet — bu isteʼmolchilarga cheklangan turdagi qaynoq va salqin ichimliklar, sovuq taomlar va zakuskalar, non-bulka va qandolatchilik mahsulotlari, shuningdek oson tayyorlanadigan issiq va shirin taomlar bilan jadal xizmat koʻrsatishga moʻljallangan korxonadir. Unda oʻz-oʻziga xizmat koʻrsatish yoki ofitsiantlar tomonidan xizmat koʻrsatish qoʻllaniladi;
-kichik oshxona — bu isteʼmolchilarga oson tayyorlanadigan taomlar va zakuskalar, qaynoq va salqin ichimliklar bilan jadal xizmat koʻrsatishni tashkil etuvchi korxonadir. Sotiladigan mahsulotlar turiga koʻra kichik oshxonalar quyidagilarga ixtisoslashgan boʻlishi mumkin: kabobxona, somsaxona, va boshqa shu kabilar.
“Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunining 4, 19 va 21-moddalariga asosan:
-isteʼmolchi tovar (ish, xizmat) haqida, shuningdek, ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) haqida toʻgʻri va toʻliq maʼlumot olish, ularni erkin tanlash hamda sifatli boʻlishiga talab qilishga haqli;
-ijrochi ayrim turdagi ishlarni bajarish (xizmatlar koʻrsatish) qoidalarida yoki shartnomada belgilangan muddatda, hajmda va sifatda ishni bajarishi (xizmat koʻrsatishi) shart;
-sotuvchi (ijrochi) isteʼmolchini haq evaziga qoʻshimcha tovarlar sotib olishga yoki qoʻshimcha xizmatlardan foydalanishga qistashga, shuningdek koʻrsatilmagan xizmatlar uchun haq olishga haqli emas.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, Raqobat qoʻmitasi umumiy ovqatlanish sohasidagi xoʻjalik yurituvchi subʼektlarini qoʻshimcha xizmatlardan foydalanishga qistashga yoʻl qoʻymasliklari, yaʼni umumiy ovqatlanish korxonalari turlaridan kelib chiqib isteʼmolchilarning oʻz-oʻziga xizmat qilish imkoniyatini yaratish, taomlar narxi, xizmat koʻrsatish tartibi va ular bilan bogʻliq shartlar, shu jumladan ofitsiant xizmati uchun haq miqdori haqidagi maʼlumotlar bilan oʻz vaqtida toʻliq tanishtirib oʻtishlari lozimligi borasida ogohlantirdi.