platina.uz
Jamiyat

Oʻzbekiston hududidan qadimiy "temir shahar" izlari topilgani aytildi

Marsmanda Ipak yoʻli tizimidagi muhim metallurgiya markazlaridan biri sifatida qayd etilgan boʻlib, aynan temir ishlab chiqarish bilan mashhur boʻlgan. 

Oʻzbekiston hududidan qadimiy "temir shahar" izlari topilgani aytildi

Oʻzbekistonda arxeologlar tomonidan qadimiy davrga tegishli temir shahar topilgan boʻlishi mumkin.

Navbatdagi kashfiyot — yuqori togʻlarda joylashgan Tugunbuloq hududidan topilgan yirik qadimiy shahar izlari — Markaziy Osiyo tarixi boʻyicha ilmiy tasavvurlarni sezilarli darajada oʻzgartirishi mumkin. Tadqiqotchilar bu maskanni arab geograflari X asrda tilga olgan Marsmanda shahri bilan bogʻlashmoqda. Tarixiy manbalarda Marsmanda Ipak yoʻli tizimidagi muhim metallurgiya markazlaridan biri sifatida qayd etilgan boʻlib, aynan temir ishlab chiqarish bilan mashhur boʻlgan.

Ekspeditsiya rahbarlari - Vashington universitetidan Maykl Frachetti, Oʻzbekiston Milliy arxeologiya markazidan Farhod Maqsudov va Kaliforniya universitetidan Sangiot Mehendale - dastlab bronza davri choʻponlarining izlarini qidirganliklari haqida xabar berilgan.

Tugunbuloqdagi qazish ishlari bir necha yil avval boshlangan boʻlib, arxeologlar murakkab relef sabab hududni dronlar yordamida, xususan lidar skanerlash texnologiyasi orqali oʻrgangan. Aynan shu usul yer ostiga yashirinib qolgan devorlar, minoralar, hunarmandchilik zonalari va metall eritish maydonlarini aniqlashga imkon berdi.

Tadqiqotlarga koʻra, shahar 300 akrdan ortiq — yaʼni 1,2 kvadrat kilometrdan koʻproq hududni egallagan. Bu oʻsha davr uchun kichik qishloq emas, balki ancha yirik va tuzilmalarga ega boʻlgan markaz boʻlganidan dalolat beradi.

Shahar dengiz sathidan taxminan 2 100 metr balandlikda joylashgani bilan ham ajralib turadi. Mutaxassislar fikricha, bunday hududda yirik metallurgiya markazining mavjudligi togʻlar Ipak yoʻli iqtisodiy tizimida bundan oldin oʻylanganidan ancha muhim rol oʻynaganini koʻrsatadi. Koʻp yillar davomida tarixchilar savdo karvonlari asosan vohalar va katta shaharlar atrofidan oʻtgan deb hisoblab kelgan boʻlsa, yangi topilma togʻlar ham metall, yogʻoch, chorvachilik mahsulotlari va boshqa xom ashyo bilan taʼminlovchi strategik nuqta boʻlganini koʻrsatmoqda.

Arxeologlar aniqlagan maʼlumotlarga koʻra, Tugunbulak hududida koʻchmanchi va oʻtroq aholi faoliyatining uygʻunlashgan shakli kuzatiladi. Bu esa ilmiy doiralarda koʻp muhokama qilinayotgan «nomad urbanizmi» tushunchasiga reallik bagʻishlamoqda. Hududda topilgan metall eritish pechlari, ustaxonalar, qorishma temir shlaklari va qurilish izlari — bu yerda bir vaqtning oʻzida hunarmandchilik va chorvachilikka asoslangan murakkab iqtisodiy tizim mavjud boʻlganini koʻrsatadi.

Shu bilan birga, shahar kimlar tomonidan boshqarilgani haqida aniq xulosa hali yoʻq. Baʼzi tadqiqotchilar Marsmandaning turkiy elita tomonidan nazorat qilinganini taʼkidlasa, boshqa bir qator olimlar soʻgʻdiy savdogarlar va maʼmurlar bu yerda muhim rol oʻynagan deb hisoblaydi. Tarixiy manbalar bir-biriga yaqin boʻlsa-da, Tugunbulakdan topilayotgan buyumlar ikki madaniyatning aralashganini koʻrsatmoqda.

Hududdagi eng taʼsirli topilma tashlandiq binoda qazilgan chuqurda topilgan 7 asr turkiy jangchisining dafn marosimi boʻldi. Skelet bilan birga ot suyaklari, temir oʻq uchlari, poʻlat xanjar, bronza sirgʻalar va boʻri yuzi tushirilgan kichik bronza tugma - ehtimol turkiy tamga, urugʻ ramzi - topildi. Jangchining kamariga osilgan qayin poʻstlogʻi xaltasida uchta tanga bor edi, ulardan birida osiyolik xususiyatlarga ega uzun sochli qirolning portreti va soʻgʻd tilida yozuv bor edi.

Shahar hayoti nega XI asr oʻrtalariga borib inqirozga uchragani doir ham bir nechta farazlar mavjud. Baʼzi talqinlarda iqlim oʻzgarishi tufayli oʻrmonlarning qisqarishi, temir ishlab chiqarish uchun zarur yoqilgʻining yetishmasligi va iqtisodiy markazlarning oʻzgarishi sabablardan biri sifatida koʻrsatiladi. Yana bir talqinga koʻra, quyi hududlarda yangi metallurgiya markazlarining paydo boʻlishi bu togʻli aholi punktini asta-sekin boʻshatgan boʻlishi mumkin.

Hozircha ilmiy guruh faqat dastlabki qatlamlarni oʻrgangan xolos. Qazishlarning navbatdagi bosqichi 2026 yil yozida davom ettiriladi. Mutaxassislar Tugunbulakdan yana koʻplab arxeologik buyumlar, keramika, temir qurollar, xoʻjalik buyumlari va meʼmoriy qismlar topilishini kutmoqda. Topilmalar shahar hayoti, uning iqtisodiy aloqalari, savdo yoʻllari va aholining turmush tarziga oid yangi maʼlumotlar berishi mumkin.

Yangi shahar qoldiqlarining topilishi Markaziy Osiyo tarixiga doir ilmiy izlanishlar uchun jiddiy oʻzgarishlar qiladi. Ayniqsa, Ipak yoʻli boʻyicha togʻli hududlarning roli, koʻchmanchi va oʻtroq guruhlar oʻrtasidagi iqtisodiy aloqalar hamda metallurgiyaning mintaqa taraqqiyotidagi oʻrni qayta koʻrib chiqilmoqda. Tugunbuloq bundan buyon nafaqat mahalliy, balki xalqaro ilmiy jamoatchilik eʼtiborida qolishi kutilmoqda.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid