Oktabrda ikkilamchi uy-joy bozorida narxlar qimmatladi
Bir oy ichida 1 kvadrat metr uchun oʻrtacha narx 2,4 foizga oshdi, sentabrda bu koʻrsatkich 0,6 foiz boʻlgan edi. 2024 yil oktabrida narxlar 1 foizga arzonlagandi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi oktabr oyidagi Oʻzbekiston uy-joy bozori dinamikasi maʼlumotlarini taqdim etdi.
Oktabr oyida uy-joy bozoridagi faollik oʻsishi respublikaning barcha hududlarida qayd etildi.
Eng katta oylik oʻsish Xorazm, Buxoro va Toshkent viloyatlarida kuzatilib, bu hududlarda uy-joy oldi-sotdi bitimlari oʻrtacha 26 foizga koʻpaydi. Surxondaryo va Sirdaryo viloyatlarida esa oʻsish mӯʼtadil boʻlib, mos ravishda taxminan 2% va 4% ni tashkil etdi.

Respublika boʻyicha uy-joy oldi-sotdi bitimlarining taxminan 30 %i Toshkent shahri hissasiga toʻgʻri keladi. Oktabr oyida poytaxtda savdo hajmi oylik hisobda 5,3 %ga, yillik hisobda esa 32 %ga oshdi.
Oktabr oyida ikkilamchi uy-joy bozoridagi narxlar dinamikasi biroz tezlashdi. Bir oy ichida 1 kvadrat metr uchun oʻrtacha narx 2,4% ga oshdi, sentabrda bu koʻrsatkich 0,6% boʻlgan edi.
Oʻtgan yil oktabriga nisbatan hisoblaganda, ikkilamchi bozorda oʻrtacha narx 1 kv. metr uchun 7,4% ga oʻsgan.
Eng yuqori oʻsish surʼatlari Surxondaryo va Namangan viloyatlarida qayd etildi, bu hududlarda uy-joy narxlari taxminan 20% ga oshdi.
Oktabr oyida Toshkentda ikkilamchi uy-joy bozorida narxlar deyarli oʻzgarmasdan qoldi, oʻrtacha oʻsish 0,7% atrofida boʻldi.
Yillik hisobda, oʻtgan yil oktabr oyiga nisbatan, poytaxtda ikkilamchi uy-joy narxlari 1% ga pasaygan. Eng sezilarli tushish Mirzo Ulugʻbek va Yashnobod tumanlarida qayd etilgan, bu yerda oʻrtacha narxlar taxminan 5% ga arzonlashgan.
Poytaxtning birlamchi uy-joy bozorida esa aksincha, narxlar oʻsishi kuzatilmoqda. Oktabr oyida bir kvadrat metr uchun oʻrtacha narx yillik hisobda 2,1%ga oshgan.
Eng yuqori oʻsish Bektemir, Yashnobod, Mirobod va Yakkasaroy tumanlarida qayd etilgan boʻlib, bu hududlarda narxlar oʻrtacha 5,5% ga oʻsgan.