Boʻlajak rafiqasining uyini aldov bilan sotib yuborgan shaxsga hukm oʻqildi
Unga 9 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Ushbu ishga aloqador bloger masalasini prokuratura oʻrganishi belgilangan.

Toshkentda boʻlajak rafiqasining uyini 240 ming dollarga sotib, firibgarlikda ayblangan shaxs 9 yilga qamaldi. Bu haqda Oliy sud xabar berdi.
Bugun jinoyat ishlari boʻyicha Mirzo Ulugʻbek tuman sudida Sh. R. (1997 yilda Toshkent shahrida tugʻilgan, muqaddam sudlanmagan)ga oid jinoyat ishini birinchi instansiyada koʻrib chiqish boʻyicha ochiq sud jarayoni yakunlandi.
Eʼlon qilingan sud hukmiga koʻra Sh. R. Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topildi.
Sh. R.ga 9 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyalarda oʻtash belgilandi.
Shu bilan birga sudlanuvchi Sh. R.dan jabrlanuvchilar J. Yu. foydasiga 3 448 701 208 soʻm, S. S. foydasiga 925 769 852 soʻm va J. A. foydasiga 464.672.126 soʻm miqdorida zarar undirilishi belgilandi.
Toshkent shahri, Shayxontohur tumani, “Katta Oqtepa” MFY, Oqtepa koʻchasi, 5A/3,4-uy yuzasidan tuzilgan oldi-sotdi shartnomalarini bekor qilish boʻyicha fuqarolik ish yuritish tartibida murojaat qilish huquqi tushuntirildi.
Jinoyat ishlari boʻyicha Mirzo Ulugʻbek tuman sudining ushbu hukmi ustidan taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatda Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼatiga apellyatsiya/kassatsiya tartibida shikoyat berish va protest keltirishga haqlidir.
Shuningdek, sudning alohida ajrimi bilan Sh. R.ga oid jinoyat ishi yuzasidan boshqa shaxslarga nisbatan jinoyat ishini qoʻzgʻatish toʻgʻrisidagi masalani hal qilish uchun tegishli materiallarni ilova qilgan holda Mirzo Ulugʻbek tuman prokuraturasiga xabar qilinishi belgilandi.
Mazkur ajrimdan norozi tomon oʻn sutka muddat ichida Toshkent shahar sudi jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼatining apellyatsiya instansiyasiga xususiy shikoyat yoki xususiy protest keltirishi mumkin.