Turizmni rivojlantirishning asosiy maqsadlari belgilandi
2030 yilga qadar 4 va 5 yulduzli mehmonxonalar sonini 2 baravarga oshirish, turizmning YaIMdagi ulushini amaldagi 3,5 foizdan 7 foizgacha yetkazish koʻzda tutilgan.

Prezidentning "Turizm qoʻmitasi faoliyatini tashkil etish va turizm sohasini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida" qarori eʼlon qilindi.
Unga koʻra, 2030 yilgacha turizm sohasini rivojlantirishning quyidagi asosiy maqsadlari etib belgilandi:
- turizm sohasining yalpi ichki mahsulotdagi ulushini amaldagi 3,5 foizdan 7 foizgacha yetkazish;
- chet ellik turistlarning yillik sonini amaldagi 10 mln nafardan 20 mln nafargacha yetkazish, shu jumladan, toʻlov qobiliyati yuqori boʻlgan turistlar oqimini koʻpaytirish;
- turizm xizmatlari yillik eksporti hajmini 6 mlrd AQSh dollaridan oshirish;
- Oʻzbekistonning turistik shaharlari oʻrtasidagi transport bogʻlanishini yaxshilash, ichki aviaqatnovlar sonini koʻpaytirish hamda yoʻlga sarflanadigan vaqtni kamida 3 baravarga qisqartirish;
- 4 va 5 yulduzli mehmonxonalar sonini 2 baravarga oshirish;
- turistik xizmatlar va mahsulotlarni diversifikatsiya qilish orqali respublikaning turistik salohiyatini toʻliq ishga solish;
- jahonda keng taniladigan Oʻzbekistonning turistik brendini yaratish va milliy turistik mahsulotlarni ommalashtirish uchun yangi instrumentlarni joriy etish.
Oʻzbekiston dunyo iqtisodiyotining eng jadal rivojlanayotgan sohasiga katta eʼtibor qaratmoqda.
BMTning maʼlum qilishicha , 2023 yilda xalqaro turizm bozorining hajmi 1,4 trln. AQSh dollarini tashkil qilgan.
Fransiya, Italiya, Buyuk Britaniya, Turkiya va Tailand kabi bir qator davlatlarda turizm sohasi mamlakat iqtisodining drayveriga aylangan.
Oʻzbekiston ham soha rivojiga alohida eʼtibor qaratmoqda. Mamlakatdagi 7400 ta ortiq madaniy meros obʼektlaridan 209 tasi YuNESKOning Jahon merosi roʻyxatiga kiritilgan.
Davlatimiz rahbari tomonidan mamlakatda turizmni rivojlantirish boʻyicha yangi muhim hujjatning qabul qilinishi, iqtisodiyotni kuchaytirish va Oʻzbekiston nufuzini oshirishga qodir boʻlgan ushbu strategik sohaga alohida eʼtibor qaratilayotganini yana bir bor taʼkidlamoqda.
Qarorga koʻra:
-turizm sohasini rivojlantirishning 2030 yilgacha boʻlgan asosiy maqsadlari belgilab olindi;
-2026-2028 yillarda turli loyiha va chora-tadbirlar oʻtkazish belgilandi;
-Soha muntazam ravishda davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlanishi belgilandi;
-Hozirgi zamon talabiga aylanib ulgurgan raqamlashtirishni sohaga joriy etish;
-Kadrlar siyosati, ularni qayta tayyorlash va malakasini oshirish.
Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi Qoʻmita hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan birgalikda jahonga mashhur kiyim-kechak brendlarini savdo-koʻngilochar majmualarga jalb qilish hamda shaharlar chetlarida (atroflarida) milliy arxitektura uslubiga asoslangan zamonaviy autlet markazlarni tashkil etish choralarini koʻradi:
-birinchi bosqichda (2030 yilgacha) – Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlarida;
- ikkinchi bosqichda (2030 yildan boshlab) – turistik salohiyati yuqori boʻlgan boshqa aholi punktlarida.
Turistik startaplarni – yangi turdagi turizm xizmatlarini ishlab chiqib, amaliyotga joriy etish bilan bogʻliq xarajatlarning 50 foizi, biroq 1 mlrd soʻmdan koʻp boʻlmagan miqdorda har yili eng yaxshi 10 tagacha loyihalarga subsidiyalar ajratiladi.
Turizm sohasi subʼektlari tomonidan import qilinadigan avtobus, elektrobus va mikroavtobuslar bojxona bojidan ozod etiladi.