platina.uz
Jamiyat

Toshkentda narkosavdogar oila qoʻlga olindi

Ular Tojikistondan giyohvandlik vositalarini kontrabanda qilib, poytaxtda sotish bilan shugʻullanib kelgan. 

Toshkentda narkosavdogar oila qoʻlga olindi

Toshkent shahrida narkosavdogar oila aʼzolaridan 8 kg giyohvandlik vositasi olindi.

Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent shahar boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi hamda Bojxona boshqarmasi bilan hamkorlikda tezkor tadbir oʻtkazildi.

Unda Tojikiston Respublikasidan giyohvandlik vositalarini kontrabanda qilib, poytaxtimizda sotish bilan shugʻullanib kelgan oila aʼzolari qoʻlga olindi.

Xususan, Toshkent viloyatida “Ohangaron – Piskent” yoʻnalishida harakatlanayotgan, oldindan kuzatuvga olingan “EQUINOX” rusumli avtotransport vositasi tekshirish maqsadida toʻxtatildi.

Natijada, avtomashinada boʻlgan Toshkent shahrida yashovchi, 1976 y.t. ayol va uning 1999 y.t. oʻgʻli – tojikistonlik tanishlari tomonidan kontrabanda yoʻli bilan Toshkent viloyati hududiga oʻtkazilib, xufiya joyda qoldirilgan giyohvandlik vositasini olib ketish uchun ketayotganliklari maʼlum boʻldi.

Soʻngra ularning uyali aloqa vositalari tekshirilganida, tojikistonlik shaxs tomonidan “Telegram” messenjeri orqali narkotik moddaning geolokatsiyasi va fotosuratlari yuborilganligi aniqlanib, tezkor tadbir davom ettirildi hamda Piskent tumani hududidagi yoʻl chetiga yashirib ketilgan 4 kg 985 gr “gashish” moddasi ashyoviy dalil sifatida olindi.

Shuningdek, ularning Olmazor tumanidagi yashash xonadonidan ham 1 kg 124 gr “opiy” va 1 kg 976 gr “gashish” moddalari olindi.

Bundan tashqari, ayolning – 1996 y.t., muqaddam sudlangan oʻgʻli ham protsessual tartibda ushlandi.

Hozirda ularga nisbatan Jinoyat Kodeksining 28,246-moddasi 2-qismi va 25,273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllanildi.

Tergov harakatlari olib borilmoqda.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid