Shavkat Mirziyoyev Mirabbos Mirzaahmedov vafoti sabab hamdardlik bildirdi
Mirzaahmedov rejissyorligida “Bahor qaytmaydi”, “Izlayman”, “Qalbingga quloq sol”, “Bahs”, “Uch ildiz”, “Dunyoning ishlari” kabi filmlar ishlangan. U "Otalar soʻzi" koʻrsatuvi muallifi edi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev rejissyor va teleboshlovchi Mirabbos Mirzaahmedov vafoti sabab hamdardlik bildirdi.
Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi Mirabbos Abdulhaqovich Mirzaahmedov shu yil 19 noyabr kuni 84 yoshida vafot etdi.
Mirabbos Mirzaahmedov 1941 yil 30 sentabrda Toshkent shahrida ziyoli oilasida tugʻildi. Oʻrta maktabni tugatganidan soʻng Toshkent teatr va rassomlik instituti (hozirgi Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat instituti)da kino va teatr sanʼati aktyori mutaxassisligi boʻyicha tahsil oldi.
Mehnat faoliyatini Oʻzbekiston teleradiokompaniyasida rejissyor yordamchisi sifatida boshlagan isteʼdodli sanʼatkor 60 yildan ziyod vaqt mobaynida “Yoshlar” tahririyati rejissyori, bosh rejissyori, “Oʻzbekiston” telekanalining oliy toifali rejissyori, “Otalar soʻzi – aqlning koʻzi” koʻrsatuvining rejissyori va boshlovchisi kabi lavozimlarda samarali xizmat qildi. Uning bevosita rahbarligida dolzarb mavzu va janrlarda tayyorlangan eshittirish va koʻrsatuvlar, badiiy videofilmlar milliy ruhi, teran mazmuni, xalqchilligi bilan millionlab muxlislar qalbidan oʻrin oldi.
Ayniqsa, ustoz rejissyor tomonidan tasvirga olingan “Bahor qaytmaydi”, “Izlayman”, “Qalbingga quloq sol”, “Bahs”, “Uch ildiz”, “Dunyoning ishlari” kabi asarlar oʻz davrining yorqin telefilmlari sifatida madaniyatimiz xazinasidan joy oldi.
M.Mirzaahmedov markaziy telekanallarimiz orqali 40 yildan buyon namoyish etib kelinayotgan “Otalar soʻzi – aqlning koʻzi” koʻrsatuviga yangicha ruh va mazmun olib kirdi.
U “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi” faxriy unvoni, “Mehnat shuhrati” va “Doʻstlik” ordenlari bilan mukofotlangan.