Namanganda mansabdorlar tashkil etgan “bunker” fosh etildi
Davlatobod tumanidagi direktor oʻrinbosari, Namangan davlat texnika universiteti boʻlim boshligʻi hamda ushbu boʻlim mutaxassisi va boshqalar oʻzaro til biriktirgan. Ular pul evaziga oʻqituvchilarga attestatsiya imtihonlarida yordam berishni koʻzlagan.

Namangan shahrida taʼlim tizimida ishlovchi mansabdor shaxslar tomonidan tashkil qilingan “bunker” fosh etildi.
Namangan viloyati Davlatobod tumanidagi umumiy oʻrta taʼlim maktabi direktori oʻrinbosari, Namangan davlat texnika universiteti boʻlim boshligʻi hamda ushbu boʻlim mutaxassisi va boshqalar oʻzaro til biriktirib, malaka toifalarini belgilash uchun oʻtkazilgan attestatsiya imtihonlari doirasida test sinovlarini topshirishlarida pedagog oʻqituvchilarga moddiy manfaat evaziga “bunker” orqali masofadan turib yordam berganliklari aniqlandi.
Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida Namangan shahrida oʻtkazilgan tezkor tadbirda “bunker” sifatida foydalanilayotgan xonadon koʻzdan kechirildi.
Natijada, ushbu manzilda test savollarini yechishga jalb qilingan 12 nafar oʻqituvchi borligi aniqlanib, noutbuk, 30 dona har xil turdagi eshitish moslamasi va yashirin kameralar, 8 dona “Wi-Fi” router va boshqa buyumlar ashyoviy dalil sifatida olindi.
Tergovga qadar tekshiruv tadbirlari davomida, maktab direktori oʻrinbosari va boshqalar imtihon natijalarini ijobiy hal qilib berishga ishontirgan holda, viloyatdagi pedagog oʻqituvchilarning maʼlum bir qismidan 1300-1500 AQSh dollaridan talab qilib, joriy yil sentabr-oktabr oylarining oʻzida 25 ming AQSh dollari miqdorida pul mablagʻi yigʻib olishgan.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksning 168-moddasi 3-qismi “b” bandi va 28,211-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Taʼkidlash lozimki, Davlatobod tumanidagi umumiy oʻrta taʼlim maktabi direktori oʻrinbosari hamda “bunker”ni boshqarayotgan, 2001 y.t. fuqaro muqaddam aynan shunday jinoyat sodir etganliklari uchun javobgarlikka tortilgan shaxslar hisoblanadi.