platina.uz
Jamiyat

Buxoro transport boshqarmasida korrupsiyaga qarshi kurashda kamchiliklar aniqlandi

Boshqarmada korrupsiya boʻyicha xodim malaka oshirish kursini oʻtamagan va sertifikatga ega boʻlmagan. 

Buxoro transport boshqarmasida korrupsiyaga qarshi kurashda kamchiliklar aniqlandi

Buxoro transport boshqarmasida qator kamchiliklar aniqlandi. Bu haqda Xalq deputatlari viloyat kengashi qarorida maʼlum qilindi. Qaror 2025 yil 20 noyabrda eʼlon qilindi.

Sohada korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan birlamchi harakatlar amalga oshirilgan boʻlsada, ayrim kamchiliklarga yoʻl qoʻyilgan.

Boshqarmada korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha masʼul etib belgilangan xodim komplayens nazorati xodimlari malaka oshirish kursini oʻtamagan va sertifikatga ega emas hamda davlat boshqaruvida korrupsiyaga qarshi kurashish borasida amalga oshirilishi lozim boʻlgan vazifalar bilan toʻliq tanishmagan. Transport vazirligining 2021 yil 20 dekabrdagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha asosiy ichki idoraviy hujjatlarni tasdiqlash haqida”gi 236-sonli buyrugʻida koʻrsatib oʻtilgan vazifalar yetarli darajada tashkil etilmasdan, korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha ichki idoraviy Nizomlarda koʻrsatib oʻtilgan hisobot shakllarini taqdim etish bilan cheklanilgan. Jumladan, Adliya vazirligi tomonidan

2022 yil 31 avgustda 3383-raqam bilan roʻyxatga olingan Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, shu jumladan ularning hududiy boʻlinmalari, davlat muassasalari, davlat ulushi 50 foizdan yuqori tashkilotlar faoliyatida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va baholash uslubiyoti talablari ijrosi tashkil etilmagan.

Boshqarmada korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmasi mavjud emasligi bilan bir qatorda, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash uchun ishchi guruh tarkibi ham tuzilmagan. Natijada, boshqarmada korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha hisobotlarni taqdim etish bilan cheklanib, qonun bilan belgilangan vazifalar, jumladan korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va baholash hamda korrupsiyaviy xavf-xatarlar xaritasini va korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha dastur loyihalari ishlab chiqilmagan.

Viloyat transport boshqarmasi boshligʻi F.Rajabovga sohada korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va baholash tizimini shakllantirish borasida kamchiliklarga yoʻl qoʻyilganligi koʻrsatib oʻtildi.

Unga viloyat transport tizimida korrupsiyaning oldini olish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar holatini tahlil qilib, natijasi boʻyicha sohani tartibga soluvchi qonun hujjatlarini takomillashtirish boʻyicha takliflarni korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy Kengashiga kiritib borish, viloyat transport boshqarmasi tizimida “Korrupsiyasiz soha” loyihasini amalga oshirish yuzasidan 2025-2026-yillarga moʻljallangan “yoʻl xaritasi” ishlab chiqilishi va tasdiqlanishini taʼminlash vazifasi berildi.

Shuningdek, davlat xaridlariga oid shartnomalarning boshqarma veb-saytlarida joylashtirib borish, sohada korrupsiyaga qarshi reyting tizimi metodologiyasi va baholash mezonlarini ishlab chiqish va amaliyotga joriy qilish choralarini koʻrish, soha xodimlarining odob-axloq yoʻriqnomasiga qatʼiy rioya qilishlarini nazoratga olish topshirildi.

© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid