platina.uz
Jahon

AQSh Hindistonga salkam 100 mln dollarlik qurol sotishni maʼqulladi

Rossiya hanuzgacha Hindistonning asosiy qurol yetkazib beruvchisi boʻlib qolayotgan boʻlsada, uning ulushi 2017–2023 yillar oraligʻida 62 foizdan 34 foizga tushdi.

AQSh Hindistonga salkam 100 mln dollarlik qurol sotishni maʼqulladi

AQSh Hindistonga 92,8 million dollarlik ikki harbiy qurol-aslaha sotishni maʼqulladi.

Bu paket tarkibiga Javelin tankga qarshi raketalari hamda yuqori aniqlikdagi artilleriya snaryadlari kiradi.

Bu voqea Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi va Donald Trampning Vashingtondagi uchrashuvidan toʻqqiz oy oʻtib roʻy bermoqda. Oʻsha uchrashuvda ikki yetakchi mudofaa aloqalarini rivojlantirishga sodiqligini bildirgan edi.

Shundan soʻng, oktabr oyida keyingi 10 yil davomida mudofaa hamkorligini kengaytirish boʻyicha asosiy kelishuv imzolandi.

Bu qadam Hindiston Rossiyadan qurol yetkazib berishga qaramlikni kamaytirishga harakat qilayotgan bir paytda qoʻyildi. Xabar berilishicha, Tramp Hindistondan koʻproq Amerika qurollarini xarid qilishni soʻragan.

Rossiya hanuzgacha Hindistonning asosiy qurol yetkazib beruvchisi boʻlib qolayotgan boʻlsada, uning ulushi 2017–2023 yillar oraligʻida 62 foizdan 34 foizga tushdi. Hindiston esa tobora koʻproq AQSh qurollarini sotib olayotgani kuzatilmoqda.

Maʼlumot oʻrnida, Hindiston va AQSh oʻrtasidagi mudofaa savdosi deyarli nol darajadan 20 milliard dollargacha oshib, AQShNI Hindistonning Rossiya va Fransiyadan keyingi uchinchi yirik qurol yetkazib beruvchisiga aylantirdi.

AQSh Davlat departamentining Mudofaa xavfsizligi boʻyicha hamkorlik agentligining taʼkidlashicha, mazkur qurollar Hindistonning hozirgi va kelajakdagi xavflarga qarshi imkoniyatlarini yaxshilaydi.

Bayonotda aytilishicha, Javelin tankga qarshi raketa tizimining 45,7 million dollarlik savdosi kelishilgan. Paketga 100 ta FGM-148 Javelin raketasi, bir dona sinov uchun moʻljallangan raketa kiradi.

Shuningdek, oʻquv raketalari, trenajyorlar, ehtiyot qismlar, texnik yordam va boshqa logistika xizmatlari ham qamrab olingan.

Yana bir alohida xabarnomada 47,1 million dollarlik bitimga koʻra, 216 tagacha M982A1 Excalibur aniq zarba beruvchi artilleriya snaryadlari, oʻt ochishni boshqarish tizimlari, praimerlar, oʻq-dorilar uchun zaryadlar, texnik hujjatlar va taʼmirlash xizmatlari sotuviga ham ruxsat berildi.

Davlat departamentining Mudofaa xavfsizligi boʻyicha hamkorlik agentligining aytishicha, taklif etilayotgan bitimlar “AQShNIng tashqi siyosati va milliy xavfsizlik maqsadlariga xizmat qiladi”, chunki ular Hindiston bilan strategik munosabatlarni mustahkamlaydi. Agentlik Hindistonni siyosiy barqarorlik, tinchlik va iqtisodiy taraqqiyot uchun muhim kuch deb taʼrifladi.

Bu hodisa shuningdek ikki davlat oʻrtasida savdo kelishuvini yakunlash jarayoni va keskinlikni yumshatish davriga toʻgʻri kelmoqda. Avvalroq Tramp Hindistonga 50 foizlik tariflar, jumladan Rossiya neft va qurolini xarid qilgani uchun 25 foizlik jarima joriy qilgan edi.

Biroq bir necha oydan beri davom etgan noaniqlikdan soʻng, taraflar oʻrtasidagi keskinlik asta-sekin yumshayotganga oʻxshaydi.

© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid