Xovos tumani IIB xodimlari pora bilan ushlandi
Ular oʻgʻirliklar ayblangan shaxslarni qamab yuborish bilan qoʻrqitib, ishni “bosdi-bosdi” qilish uchun 55 mln soʻm talab qilishgan.

Xovos tumani IIB xodimlari pora olayotgan vaqtlarida ushlandi.
Joriy yilning oktabr oyida Sirdaryo viloyatining Xovos tumanida bogʻdorchilik bilan shugʻullanuvchi MChJga tegishli dala maydonidan polietilen sellofan oʻgʻirlab ketilganligi holati boʻyicha mazkur tuman Ichki ishlar boʻlimiga murojaat kelib tushadi.
Shundan soʻng, Ichki ishlar boʻlimi Tezkor-qidiruv xizmatining podpolkovnik va mayor unvonidagi 2 nafar katta tezkor xodimi oʻgʻirlikda gumon qilib 4 nafar fuqaroni majburiy tarzda IIBga olib ketishadi. Soʻngra, ularni qamab yuborish bilan qoʻrqitib, ishni “bosdi-bosdi” qilish uchun 55 mln soʻm talab qilishadi.
Keyinroq esa tezkor xodimlar zararni qoplash uchun deya gumonlanuvchi shaxslardan 24 mln soʻm olishadi.
Shuningdek, ularga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatmaslik, “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllamaslik hamda toʻplangan hujjatlarni maʼmuriy javobgarlik keltirib chiqaruvchi holatga toʻgʻrilab, sudga yuborish evaziga qoʻshimcha 11 mln soʻm talab qilishadi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Sirdaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi, viloyat prokuraturasi hamda IIV Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasi hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda mazkur katta tezkor xodimlar tamagirlik yoʻli bilan 11 mln soʻmni olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda ularga nisbatan Jinoyat Kodeksining 210-moddasi (pora olish) 2-qismi “v”, “g” bandlari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllanildi.
Tergov harakatlari olib borilmoqda.