Toshkentda soliq boshqarmasi bosh inspektoriga nisbatan jinoyat ishi ochildi
U MChJga nisbatan hisoblangan 8,7 mlrd soʻm soliqni bekor qilib berishini aytib 5 ming dollar olgan.

Toshkent shahar Soliq boshqarmasi bosh inspektoriga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.
Toshkent shahar jinoyat ishlari boʻyicha Mirzo Ulugʻbek tuman sudi tomonidan koʻrib chiqilayotgan Surxondaryo viloyatida roʻyxatdan oʻtgan, toʻqimachilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchi masʼuliyati cheklangan jamiyat mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat Kodeksining 167 va 184-moddalari bilan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi doirasida Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va Toshkent shahar Soliq boshqarmasi tomonidan taftish oʻtkazilgan. Taftish davomida MChJga nisbatan qoʻshimcha 8,7 mlrd soʻm soliq hisoblanadi.
Shundan soʻng, joriy yilning 15 sentabr kuni sud tomonidan mazkur MChJda qayta taftish oʻtkazish boʻyicha ajrim chiqarilgach, Toshkent shahar Soliq boshqarmasining Soliq auditi boʻlimi bosh inspektori qayta taftish davomida ushbu qoʻshimcha soliqni bekor qilib berishini aytib, evaziga MChJ vakillaridan 5 ming AQSh dollari oladi.
Ammo, bosh inspektor dastlabki taftishda hisoblangan qoʻshimcha 8,7 mlrd soʻmlik soliqni toʻliq bekor qilishni uddalay olmagach, muqaddam olgan 5 ming AQSh dollarini MChJ vakillariga qaytarib bergan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 210-moddasi (pora olish) 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllanildi.
Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq Xovos tumani IIB xodimlari pora bilan ushlangandi.
Ular oʻgʻirliklar ayblangan shaxslarni qamab yuborish bilan qoʻrqitib, ishni “bosdi-bosdi” qilish uchun 55 mln soʻm talab qilishgan.