Shavkat Mirziyoyev aholini boy qilishda 4 ta yoʻnalishni belgilab berdi
Qurilish, xizmat koʻrsatish, sanoat va qishloq xoʻjaligi boʻyicha yangi loyihalar amalga oshiriladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev aholini band qilish va daromadini oshirish boʻyicha 4 ta yoʻnalishni belgilab berdi.
Birinchi yoʻnalish – qurilish orqali aholini ishli va daromadli qilish.
Kelgusi yilda mamlakatimizda 675 trillion soʻmlik investitsiya loyihalarini amalga oshirish rejalashtirilgan. Shundan 380 trillion soʻmi qurilish ishlariga toʻgʻri keladi.
Kelgusi yilda 140 ming xonadonli koʻp qavatli uy-joy qurish maqsad qilingan.
Har bir hokim bundan samarali foydalanib, qurilish sohasining oʻzidan kamida 20-25 ming, yaratilgan infratuzilma orqali 10 ming kishini bandligini taʼminlashi mumkinligi qayd etildi.
Eng katta yangilik – 2026-yilda ilk bor mahalla infratuzilmasini rivojlantirish uchun 20 trillion soʻm viloyatlarning oʻziga beriladi. Lekin bu mablagʻ hamma tumanga teng taqsimlanmaydi.
Chunki Doʻstlik tumanida berilgan 5 milliard soʻm maqsadli ishlatilib, Chinobod mahallasidagi 2 kilometrli koʻchaning infratuzilmasi yaxshilandi, kun-u tun ishlaydigan maskanga aylantirildi. Ishning samarasi koʻringani sababli tumanga yana 10 milliard soʻm ajratilgan edi, koʻchaga tutashgan daryo boʻyi obodonlashtirildi, savdo-servis uchun qoʻshimcha joy ochildi. Natijada 130 ta yangi tadbirkor ish boshlab, 700 nafar odamni band qildi.
Lekin xuddi shunday “drayver” loyihalar uchun mablagʻ olgan Uchkoʻprik, Bektemir, Jomboy, Kitob, Toshkent tumanlarida hali natija koʻringani yoʻq.
“Endi qaysi hokim tez harakat qilib, aniq loyiha asosida natija koʻrsatsa, oʻsha tuman koʻp mablagʻ oladi”, – dedi Prezident.
Ikkinchi yoʻnalish – servis loyihalarini koʻpaytirib, aholi bandligini taʼminlash.
Viloyat, tuman hokimlari xizmatlar sohasiga katta surʼat berayotgan turizmni rivojlantirish orqali ish oʻrinlarini yaratish va aholi daromadini koʻpaytirish imkoniyatlarini toʻliq ishga solmayotgani koʻrsatib oʻtildi.
Turizm salohiyati yuqori 150 ta mahallaning infratuzilmasi yaxshilansa, xizmatlar hajmini 10 trillion soʻmga yetkazish, 45 ming nafar odamni savdo va servisda band qilish mumkin.
Shu bois, kelasi yilda 150 ta mahallaning har biriga infratuzilma uchun 3-5 milliard soʻmdan beriladi. Tuman banklari bu joylarda mehmon uylari barpo etish uchun 150 million soʻmgacha imtiyozli kredit ajratishni yoʻlga qoʻyadi.
Chegara va anklav hududlardagi 563 ta mahallaga tuman hokimlari yetarli eʼtibor qaratmayotgani qayd etildi.
U yerlarga olib boruvchi yoʻllar taʼmirlanib, mehmon uylari, dam olish maskani, savdo-servis obektlari tashkil qilinsa, 50 ming xonadonning daromadi koʻpayadi.
Masalan, Soʻx daryosining Sarikanda, Rovon, Istiqlol mahallalari hududidan oʻtgan 5 kilometr qismida kurort zona va koʻngilochar maskan tashkil qilinsa, yiliga 30 ming sayyoh keladi. Buning hisobiga 200 ta oilaning daromadi oshadi.
Agar har bir hokim 563 ta mahallada ishni shu tartibda yoʻlga qoʻyib, kamida 100 ming odamni band qilsa, 25 ming oilani kambagʻallikdan chiqarish mumkinligi qayd etildi.
Ushbu mahallalarda dam olish va servis obektlarini qurish loyihalari uchun 1 trillion soʻm resurs ajratish topshirildi.
Uchinchi yoʻnalish – sanoat loyihalari orqali doimiy ish oʻrinlarini koʻpaytirish.
Kelgusi yilda hududlardagi korxonalarda 52 milliard dollarlik sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish reja qilingan.
Mutasaddilar mahalliy sanoat tarmoqlarida 22 milliard dollarlik 3,5 mingta loyihani ishga tushirib, 130 ming doimiy ish oʻrni tashkil qilishi zarurligi qayd etildi.
Gʻijduvon tajribasi asosida hozirda 400 ta mahalla mebelchilik, hunarmandchilik va tikuvchilikka ixtisoslashgan. Tadbirkorlarning joyi kengaytirib berilsa, har biri yana 5-10 kishini ishga olishga tayyor.
Shu munosabat bilan tuman hokimlariga kelasi yilda sanoatga ixtisoslashgan bunday mahallalarda 50 ta “mikrosanoat markazi”ni ishga tushirish, banklar bilan birgalikda kamida 800 milliard soʻmlik 1,5 ming kichik sanoat loyihasini amalga oshirib, 10 ming nafar odamni ishli qilish topshirildi.
Bu markazlarning infratuzilmasi uchun 200 milliard soʻm ajratiladi.
Toʻrtinchi yoʻnalish – qishloq xoʻjaligi hisobidan aholi daromadlarini oshirish.
Kambagʻallikni qisqartirishda aholiga 232 ming gektar yer boʻlib berilgani natijasida 770 ming odam daromad manbaiga ega boʻldi.
Lekin tajribasi yetishmagani, sifatli urugʻ, mahsulotiga bozor topishga qiynalgani uchun ularning uchdan birida daromad kam.
Tomorqa egalariga serhosil urugʻni tanlash, ishni toʻgʻri tashkil etish orqali yerdan daromadni keskin oshirishni oʻrgatish maqsadida Termiz tumanida Tomorqa maktabi tashkil qilindi.
Ushbu maktabda tomorqaga ilm bilan yondashib, bir yilda Surxondaryo sharoitida 5 martagacha ekin ekish oʻrgatilyapti. 3 ming nafar ehtiyojmand aholi sitrus meva, anjir, xurmo, gul yetishtirish boʻyicha maxsus kurslarda oʻqitildi.
Agar bu tajriba barcha hududlarda joriy qilinsa, mahsulot yetishtirish ham, eksport ham, asosiysi, dehqonlarning daromadi ham 4-5 karra koʻpayadi.
Shu bois, har bir viloyatda kamida 5 tadan bunday maktablarni tashkil qilib, ijaraga yer olgan odamlarni serdaromad ekin ekishga oʻrgatish topshirildi. Dehqonlar ijaraga olgan yerida yetishtirgan mahsulotni kafolatli sotishi uchun “Eksportchi kooperativlari” tashkil qilinadi.