platina.uz
Siyosat

Prezident ikki hokimni ishdan oldi

Ayrim tuman hokimlari esa bandlik masalalarida jiddiy kamchiliklar va koʻzboʻyamachilikka yoʻl qoʻygan.

Prezident ikki hokimni ishdan oldi

Denov tumani hokimi Ilhom Abrorov, uning birinchi oʻrinbosari Sh.Toʻraqulov, Chiroqchi tumani hokimi Fayzulla Yusupov, uning birinchi oʻrinbosari Z.Ergashev ishdan olindi.

Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida oʻtayotgan yigʻilishda maʼlum qilindi. Ular kambagʻallik va ishsizlikni bartaraf etishda yetarli ishlar tashkil qilmagan.

Xususan, Denov tumani hokimligi ishlarni oʻz holiga tashlab qoʻygan. Kambagʻal oilalar reyestriga kirganidan buyon 1200 ta oila daromadida oʻzgarish boʻlmagan.

Yoki Chiroqchi tumaniga joriy yil mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish uchun kreditga 309 milliard soʻm resurs berilgan. Lekin tuman hokimligi shuncha resursi bilan ham odamlarga imkoniyatiga yarasha tayyor loyiha bermagan.

Ayrim tuman hokimlari bandlik masalalarida jiddiy kamchiliklar va koʻzboʻyamachilikka yoʻl qoʻyayotgani koʻrsatib oʻtildi.

Bosh vazirga ishga shunday yondashgan 20 ta – Yashnobod, Buxoro, Gʻijduvon, Koson, Xatirchi, Qumqoʻrgʻon, Yangiyoʻl, Oʻzbekiston, Guliston, Yakkabogʻ, Andijon, Parkent, Toshkent, Nurobod, Uchtepa, Chortoq, Davlatobod, Oltinkoʻl, Qiziriq, Kogon tumanlari hokimlariga nisbatan oʻrnatilgan tartibda chora koʻrish topshirildi.

Bu masalada Uzun tumani namunaviy hududlardan biri sifatida qayd etildi. 51 ta mahallasi boʻlgan tumanga joriy yil kambagʻallikni qisqartirish va bandlik dasturlari doirasida 160 milliard soʻm mablagʻ berilgan.

Tumanga 70 million dollar xorijiy investitsiya olib kelindi, 47 ta korxona ishga tushirildi, 300 ta servis obektida 1 ming nafar odam ishli boʻldi, 9 ta mahalla uzumchilikka ixtisoslashtirilib, tadbirkor bilan aholi oʻrtasida kooperatsiya yoʻlga qoʻyildi, 2 mingdan ziyod mikroloyihada 4 ming 200 nafar odam daromadli boʻldi.

Shularning hisobiga Uzun tumanida yil boshidan kambagʻallik darajasi 10,5 foizdan 3 foizgacha kamaydi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid