Ikki yilga qamalgan IIB sobiq tezkor vakili sud zalidan ozod etildi
Unga belgilangan ozodlikdan mahrum etish jazosi ozodlik cheklash bilan almashtirilgan. Xodim tarkibida katta miqdorda oltin aralashmasi boʻlgan qum ishi boʻyicha qamalgan.

Navoiyda ikki yilga qamalgan IIB sobiq tezkor vakiliga belgilangan jazo yengillatildi. Bu haqda Navoiy viloyati sudi jinoyat ishlari boʻyicha sudlov instansiyasi ajrimida maʼlum qilindi. Ajrim 2025 yil 14 noyabr kuni chiqarildi. Ajrim nusxasi Platina.uz ixtiyorida mavjud.
Maʼlum boʻlishicha, sudlanuvchi A.R. tarkibida 5,9 kg oltin aralashmasi boʻlgan qumni qarovsiz qoldirish bilan bogʻliq jinoyatni sodir etgan. U Karmana tumani IIB TKH JQB tezkor vakili sifatida ishlagan. Birinchi instansiya sudi A.Rni Jinoyat kodeksining 206-moddasi 2-qismi “a” bandi va 209-moddasi 1-qismi bilan aybli deb topib, unga 2 yil ozodlikdan mahrum qilish, shuningdek, 2 yil ichki ishlar tizimida ishlash huquqidan mahrum etish jazosi tayinlagan edi. U 2025 yil 21 maydan buyon qamoqda saqlanayotgan edi.
Sud materiallariga koʻra, ayblanuvchi 2025 yil mart–aprel oylarida Karmana tumanidagi “Ibo” MChJ bazasida aniqlangan tarkibida oltin boʻlishi mumkin boʻlgan qumlar boʻyicha tekshiruvni qonuniy tartibda yakunlamasdan, hujjatlar rasmiylashtirilmagan holda qumlarning bir qismini bazadan chiqarib ketilishiga sharoit yaratgan. Keyinchalik ushbu qumlar 1 260 tonna ogʻirlikda, tarkibida esa 5 kg 959 gramm oltin borligi aniqlangan. Ushbu moddalar Xitoy fuqarolari tomonidan noqonuniy tarzda qazib olinayotgan boʻlgan.
Sud hujjatlarida A.R va uning sheriklari – F.Ergashev hamda D.Muqimovning harakatlari natijasida oltinli qum qarovsiz holatda tashlab ketilgani, ichki ishlar organlari obroʻsiga putur yetgani va davlat manfaatlariga “juda koʻp miqdorda zarar” yetkazilgani qayd etilgan. U xatto Xitoy fuqarolari bilan tarjimon orqali muzokaralar ham olib borgan.
A.R va himoyachisi jazoni yengillashtirish haqida apellyatsiya shikoyati kiritgan. Ular jinoyat uncha ogʻir boʻlmagan toifaga kirishini, sud ayblanuvchining oʻz aybiga toʻliq iqror boʻlgani va tergovga yordam koʻrsatganini inobatga olmaganini taʼkidlashgan.
Apellyatsiya instansiyasi shikoyatni qisman qanoatlantirib, hukmni oʻzgartirdi. Sud ayblanuvchiga JK 206-moddasi 2-qismi “a” bandi boʻyicha 2 yil ichki ishlar tizimida ishlash huquqidan mahrum etish, 2 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinladi.
JK 209-moddasi boʻyicha belgilangan jazo oʻzgarishsiz qoldirildi. A.Rga tayinlangan jazolar alohida ijro etiladi, ozodlikni cheklash muddati 2025 yil 21 maydan boshlab hisoblanadi.
Sud ajrimiga koʻra, A.R sud zalidan ozod qilindi. Sud ishi Oliy sud portalidan olindi.