Ekologiya vazirligi Vazirlar Mahkamasi tizimidan chiqariladi
Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi (Ekopolitsiya) tashkil etiladi. Ekopolitsiya xodimlariga jismoniy kuch ishlatish, maxsus vositalarni (elektroshok qurilmalarini) va xizmat qurolini (rezina oʻqli, toʻr otuvchi) qoʻllash huquqi beriladi.

Prezident "Ekologiya va turizm sohalarida aholi talablariga tezkor javob bera oladigan boshqaruv tizimini yaratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi Farmonni imzoladi. Farmonga muvofiq:
- Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi huzuridagi Turizm qoʻmitasi Turizm qoʻmitasi sifatida qayta tashkil etiladi;
- Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi Vazirlar Mahkamasi tizimidan chiqarilib, uning negizida Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi tashkil etiladi;
- Prezidentning ekologiya masalalari boʻyicha maslahatchisi – Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi raisi lavozimi kiritiladi;
- Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligining asosiy vazifalaridan tashqari, Ekologiya qoʻmitasi “Chiqindidan holi hudud”, “Toza havo”, “Yashil makon”, “Eko-madaniyat” va “Bio meros” umummilliy loyihalarini amalga oshirish uchun masʼul hisoblanadi;
- Ekologiya qoʻmitasi huzurida 15 nafargacha xorijiy va mahalliy ekspertlarni jalb qilgan holda “Ekoloyihalar fabrikasi” tashkil etiladi;
- Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasining Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi (Ekopolitsiya) tashkil etiladi.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining "Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi qarori qabul qilindi. Unda belgilanganidek:
- - Ekologiya qoʻmitasining “Atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida ixtisoslashtirilgan tahliliy nazorat markazi” davlat muassasasi negizida “Ekologik monitoring milliy markazi” davlat muassasasi tashkil etiladi;
- 2026 yil 1 sentabrga qadar Yagona ekologik onlayn platforma faoliyati yoʻlga qoʻyiladi;
- atrof-muhitga taʼsir koʻrsatish boʻyicha I va II toifaga mansub sanoat korxonalari 2026 yil 1 martga qadar oʻz hududlarida fon monitoring stansiyalarini oʻrnatishi va ularni Ekologik monitoring milliy markaziga integratsiya qilishi shart boʻladi, aks holda 2026 yil 1 martdan boshlab ushbu korxonalarga nisbatan kompensatsiya toʻlovlari besh baravarga oshirilgan holda qoʻllanadi;
- 2026 yil 1 martdan boshlab tabiatga zarar yetkazish boʻyicha kompensatsiya toʻlovlaridan ozod qilish tarzida imtiyoz berish bilan bogʻliq barcha qonunchilik hujjatlari va huquqiy kuchga ega koʻrsatmalar oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblanadi hamda ushbu masalada imtiyoz berish faqat qonun orqali amalga oshiriladi;
- ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi qonunchilik talablariga rioya qilishni istisno qilish yoki rioya etmasdan ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni berish, shu jumladan, davlat ekologik ekspertizasi xulosasini berish, daraxt va butalarni kesish va koʻchirishni nazarda tutuvchi Hukumatning qaror, farmoyish, bayonnoma va yozma topshiriqlarini hamda idoraviy hujjatlar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining hujjatlarini qabul qilish qatʼiy taqiqlanadi;
- Ekopolitsiya xodimlariga jismoniy kuch ishlatish, maxsus vositalarni (elektroshok qurilmalarini) va xizmat qurolini (rezina oʻqli, toʻr otuvchi) qoʻllash huquqi beriladi hamda ularning maxsus kiyimiga bodi kameralar oʻrnatiladi;
- 2026 yil 1 apreldan boshlab, oʻrmon fondiga kirmaydigan daraxt bilan qoplangan aholi punktlarining (shaharlar, posyolkalar va qishloq aholi punktlari) yer maydonlarini olib qoʻyish va boshqa maqsadlar uchun ajratishga jamoatchilik tomonidan taqiq qoʻyish boʻyicha tashabbus kiritish imkoni yaratiladi.