platina.uz
Jahon

Alisher Usmonov Germaniya sudida singlisiga nisbatan sanksiyalar boʻyicha ishda gʻalaba qozondi

Bir fuqaro Facebook sahifasida A.Usmonov goʻyoki Shveysariya bankidagi aktivlarni singlisi orqali yashirgani haqidagi maʼlumotni tarqatgandi.

Alisher Usmonov Germaniya sudida singlisiga nisbatan sanksiyalar boʻyicha ishda gʻalaba qozondi

Germaniyaning Gamburg shahar sudi 2025 yil 19 noyabrda Alisher Usmonov tomonidan Germaniya fuqarosi ustidan berilgan daʼvo boʻyicha muhim qarorni eʼlon qildi. Sud fuqaro Facebook sahifasida A.Usmonov goʻyoki Shveysariya bankidagi aktivlarni singlisi orqali yashirgani haqidagi maʼlumotni tarqatib, uning huquqlarini buzganini tan oldi.

Maʼlumot uchun, Saodat Narziyeva 2022 yil aprel oyida The Guardian nashri va OCCRP resurslarida eʼlon qilingan materiallar asosida YeI va Buyuk Britaniya sanksiya roʻyxatlariga kiritilgan edi. Ushbu materiallarda A.Usmonov goʻyoki singlisiga “yirik aktivlar topshirgani” hamda Narziyeva “Credit Suisse’da akasi bilan bogʻliq 27 ta hisobvaraq egasi” ekani haqidagi daʼvolar keltirilgan.

Usmonov va Narziyeva vakillari bu maʼlumotlarni rad etib kelgan. Keyinchalik ushbu ayblovlar bir qator OAV tomonidan inkor etildi yoki tuzatildi. Mutaxassislar tekshiruvi mazkur holat Credit Suisse’ning ichki va toʻliq boʻlmagan maʼlumotlarining notoʻgʻri talqin qilinishi natijasida yuzaga kelganini koʻrsatdi. 2022 yil sentabrda YeI Kengashi Narziyevaning sanksiya maqomini bekor qilgan.

2025 yil sentabr oyida Germaniya fuqarosi oʻz Facebook sahifasida A.Usmonov “Saodat Narziyevani Credit Suisse hisoblarining benefisiari sifatida ishlatgan” degan mazmundagi postni joylashtirgan. Muallif uni oʻchirishdan bosh tortgach, Usmonov sudga murojaat qilgan. Gamburg sudi fuqaroning bu daʼvosini asossiz va noqonuniy deb topdi. Sud qarorini buzish har bir holatda 250 ming yevrogacha jarima yoki olti oygacha maʼmuriy qamoq bilan jazolanishi mumkin. Hozirda mazkur post oʻchirilgan.

Soʻnggi yillarda AQSh, Buyuk Britaniya, Irlandiya va Germaniyadagi bir qator OAV Usmonov va Narziyevaga nisbatan ilgari aytilgan shunga oʻxshash daʼvolarni isbotlay olmasligini tan olib, ularni tarqatishni toʻxtatgan.

Alisher Usmonovning huquqiy vakili, media-yurist Yoaxim Shtaynxyofelning taʼkidlashicha, Gamburg sudi qarori sanksion ayblovlarning hech qanday dalilga asoslanmaganini yana bir bor koʻrsatadi. Uning aytishicha, Narziyevaning YeI roʻyxatidan chiqarilgani va mazkur sud qarori unga nisbatan sanksiyalar notoʻgʻri maʼlumotlar asosida joriy etilganini tasdiqlaydi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid