Toshkent bozorlarida tijoriy tasvirga olish pulli boʻldi
Bozorlar jamoat joyi hisoblanadi, pulli parkovka mojarosidan keyin poytaxt hokimi yangi oʻlpon joriy qilmoqda.

Toshkentdagi bozorlar va savdo komplekslari hududida tijoriy maqsadda (videorolik, reklama yoki klip) suratga olish uchun yangi toʻlov tartibi joriy etildi.
Endilikda bunday turdagi video/tasvirga olishning bir soati uchun 5 million soʻm miqdorida toʻlov undiriladi. Bu cheklov xorijiy turistlar va ommaviy axborot vositalariga tatbiq etilmaydi.
Oʻzi pulli parkovkalar mojarosidan hali toʻliq qutulib ulgurmagan Toshkent shahar hokimining ushbu qarori yangi muhokamalarga sabab boʻlmoqda.
Shuningdek, bozorlar avtoturargohlarida yengil avtomobillar uchun yangi toʻlov tariflarini tasdiqlangan. Unga koʻra, haftaning shanba va yakshanba kunlari uchun alohida, yuqoriroq toʻlov miqdorlari joriy etilgan. Masalan, dam olish kunlari 3 soatgacha saqlash 25 ming soʻmni, 4 soatdan ortiq vaqt esa 50 ming soʻmni tashkil etadi.

