Qosim-Joʻmart Toʻqayev Shavkat Mirziyoyevga maktub yoʻlladi
Qozogʻiston rahbari davlat tashrifi davomida koʻrsatilgan iliq mehmondoʻstlik uchun oʻz minnatdorligini bildirgan.

Qozogʻiston Prezidenti Qosim-Joʻmart Toʻqayev Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga minnatdorlik xati yoʻlladi. Unda Toʻqayev joriy yilning 14-16 noyabr kunlari Oʻzbekistonga amalga oshirgan davlat tashrifi davomida Qozogʻiston delegatsiyasiga koʻrsatilgan iliq mehmondoʻstlik uchun oʻz minnatdorligini bildirgan. Bu haqda Oqoʻrda matbuot xizmati xabar berdi.
Xatda mazkur tashrifning tarixiy ahamiyati qayd etilgan boʻlib, u Qozogʻiston va Oʻzbekiston oʻrtasidagi strategik sheriklik va ittifoqdoshlikni mustahkamlashga kuchli turtki bergani taʼkidlangan.
Qozogʻiston Prezidenti Toshkentda oʻtkazilgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining VII Maslahat uchrashuvi tashkil etilishini ham yuqori baholagan.
Uning soʻzlariga koʻra, mintaqa hamkorligining barcha yoʻnalishlari boʻyicha mazmunli muhokamalar, qabul qilingan muhim qarorlar va hujjatlar, shuningdek, Ozarbayjonning toʻlahuquqli ishtirokchi sifatida qoʻshilishi forumga strategik ahamiyatga ega voqea maqomini bergan.