Oʻzbekiston OTB bilan Kengaytirilgan strategik sheriklik dasturini imzolaydi
Unda infratuzilmani rivojlantirish, texnik va muhandislik kadrlarini tayyorlash, xotin-qizlar va yoshlarni yangi kasblarga oʻqitishga alohida eʼtibor qaratiladi.

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 18 noyabr kuni Osiyo taraqqiyot banki prezidenti Masato Kando boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Suhbat avvalida OTB rahbari mamlakatimiz yetakchisini strategik sheriklikning 30 yilligi hamda 2025-2026 yillarda bankning Boshqaruvchilar kengashiga raislik Oʻzbekistonga oʻtgani bilan tabrikladi.
Mamlakatimizda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar dasturini amalga oshirish doirasida keng koʻlamli hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari koʻrib chiqildi.
Hamkorlikda yuksak darajaga erishilgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Oʻzbekiston bankning mintaqadagi eng yirik hamkori boʻlib qolmoqda – qoʻshma loyihalar portfeli 15 milliard dollardan oshdi. Shuningdek, “yashil” energetika, transport, raqamli transformatsiya, taʼlim va boshqa yoʻnalishlarda umumiy qiymati 3 milliard dollardan ziyod loyihalar ishlab chiqilmoqda. Suveren boʻlmagan moliyalashtirish mexanizmlari faol joriy etilmoqda.
OTB Boshqaruvchilar kengashining 2026 yil may oyida Samarqand shahrida boʻlib oʻtadigan yillik yigʻilishiga tayyorgarlik koʻrishga alohida eʼtibor qaratildi.
Oʻzbekiston Prezidenti boʻlajak tadbir doirasida OTB bilan Kengaytirilgan strategik sheriklik dasturini imzolash, unda infratuzilmani rivojlantirish, texnik va muhandislik kadrlarini tayyorlash, xotin-qizlar va yoshlarni yangi kasblarga oʻqitish, kambagʻallikni qisqartirish, ipoteka bozori va xususiy sektorni rivojlantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratish tashabbusini ilgari surdi.
Bankning yirik milliy va mintaqaviy tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlashda, shuningdek, Markaziy Osiyo mintaqasida transport, energetika va savdo loyihalarini ilgari surishda faol ishtirok etishi muhim ekani taʼkidlandi.
OTB prezidenti Masato Kando mamlakatimizdagi keng koʻlamli yangilanishlar natijalarini yuksak baholadi hamda Yangi Oʻzbekistonda ortga qaytmas tus olgan islohotlar dasturini amalga oshirishga har tomonlama koʻmaklashishga tayyorligini bildirdi.