Oʻn oyda xorijda ishlovchilar Oʻzbekistonga salkam 16 mlrd dollar joʻnatdi
Uchtepa tumanida “Xorijga ishga tayyorlash markazi”, Termiz shahrida “Yagona migratsiya xizmatlari” markazi tashkil etiladi. Yashnobodda esa xalqaro kompaniyalar bilan hamkorlikda nemis va yapon tillariga oʻqitish maktablari ochiladi.

18 noyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevga tashqi mehnat migratsiyasi tizimini takomillashtirish va migratsiya jarayonlarini xalqaro standartlar asosida yoʻlga qoʻyish masalalari yuzasidan axborot berildi.
Soʻnggi yillarda mamlakatimizda fuqarolarni mehnat qilish uchun chet elga tartibli joʻnatish boʻyicha amalga oshirilayotgan tizimli ishlar tufayli mehnat bozori diversifikatsiya qilinmoqda, fuqarolar asosan yuqori maoshli ish oʻrinlarida ishlash uchun xorijga ketmoqda. Natijada 2016 yilga nisbatan chet elda ishlayotgan fuqarolarning soni kamaygan boʻlsa-da, ular tomonidan yuborilgan mablagʻ 3,8 milliard dollardan 2025 yilning oʻn oyi yakunida 15,8 milliard dollarga yetdi.
Taqdimotda xorijiy mehnat bozorida malakali mutaxassislarga katta talab borligi qayd etildi. Hozirda 140 ming nafar mutaxassisga buyurtma mavjud, ammo til va kasbiy malaka boʻyicha talablarga javob bera oladigan mutaxassislarni tayyorlash borasida qilinadigan ishlar hali koʻpligi koʻrsatib oʻtildi. Bundan tashqari, mehnat migratsiyasi xizmatlari tarqoq boʻlgani uchun odamlar ovoragarchilikka duch kelmoqda.
Shu maqsadda sohadagi xizmatlarni tartibga solish, barcha jarayonlarni “yagona darcha” tamoyili asosida birlashtirish vazifasi qoʻyildi.
Toshkent shahri Uchtepa tumanida “Xorijga ishga tayyorlash markazi”, Termiz shahrida “Yagona migratsiya xizmatlari” markazi tashkil etiladi. Poytaxtning Yashnobod tumanida esa xalqaro kompaniyalar bilan hamkorlikda nemis va yapon tillariga oʻqitish maktablari ochiladi.
Soʻnggi yillarda Yevropa mamlakatlariga migratsiya oqimi 4 barobar koʻpaygani taʼkidlandi. U yerda ishlayotgan fuqarolarning huquqiy himoyasini kuchaytirish muhimligi qayd etildi. Ayni paytda qator Yevropa davlatlari bilan mehnat migratsiyasi boʻyicha kelishuvlar mavjud emas. Prezident tomonidan tegishli hukumatlararo hujjatlarning imzolash ishlarini jadallashtirish boʻyicha topshiriq berildi.
Shuningdek, xorijiy davlatlarda migratsiya boʻyicha attashe va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Mehnat migratsiyasi agentligi vakolatxonalarini koʻpaytirish, mamlakatimiz hududlarida esa viza markazlarining koʻchma ofislarini ochish rejalashtirilgan.
Taqdimotda migratsiya xizmatlarini raqamlashtirish masalasi ham koʻrib chiqildi.
“Xorijda ish” platformasida 25 turdagi xizmat taqdim etilmoqda, joriy yil boshidan buyon 524 ming fuqaro onlayn xizmatlardan foydalangan. Lekin xizmatlarning barchasi ham raqamlashmagan.
Prezidentimiz tizimga sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali xizmat koʻrsatish jarayonlarini yanada takomillashtirish zarurligini qayd etdi. Platformada biometrik identifikatsiya, xorijdagi ish oʻrinlarini real vaqt rejimida kuzatish, fuqarolarga masofaviy maslahat berishni yoʻlga qoʻyish boʻyicha rejalar haqida axborot berildi. Migratsiya agentligida fuqarolarga tunu kun tezkor yordam beradigan situatsion markaz tashkil etish taklif qilindi.
Taqdimotda noqonuniy migratsiya va konsalting xizmatlari koʻrsatishda firibgarlik holatlari koʻpayib borayotgani koʻrsatib oʻtildi. Shu munosabat bilan mehnat migrantlarining huquqiy savodxonligini oshirish maqsadida xalqaro aeroportlarda interaktiv migratsiya infokiosklarini oʻrnatish, litsenziyasiz faoliyatni amalga oshirgan konsalting tashkilotlari uchun jarima miqdorini oshirish taklif qilindi. Jinoyat kodeksiga noqonuniy migratsiyani tashkil etish va koʻmaklashish uchun javobgarlik kiritish masalasini oʻrganish topshirildi.
Davlatimiz rahbari taqdim etilgan takliflarni maʼqullab, mehnat migratsiyasi jarayonlarini yanada qulay, xavfsiz va shaffof qilish boʻyicha mutasaddilarga qoʻshimcha koʻrsatmalar berdi.