Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston prezidenti bilan muzokaralar oʻtkazdi
Oʻzaro savdoni koʻpaytirish va sanoat, energetika, transport masalalariga eʼtibor qaratildi. Prezidentlar “Shovot-Toshhovuz” qoʻshma chegaraoldi savdo zonasini ishga tushirish marosimida ishtirok etdilar.

17 noyabr kuni Koʻksaroy qarorgohida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovning tor doiradagi muzokaralari boʻlib oʻtdi.
Ushbu davlat tashrifi soʻnggi yillarda namunali tus olgan Oʻzbekiston – Turkmaniston doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash yoʻlida muhim qadam boʻlishi taʼkidlandi.
Barcha sohalarda erishilayotgan ijobiy surʼat va faol aloqalar mamnuniyat bilan qayd etildi. Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlar kengashi yigʻilishlari, shuningdek, madaniy tadbirlar muntazam ravishda oʻtkazib kelinmoqda. Tashrif arafasida Urganch hamda Toshkentda oʻtkazilgan Turkmaniston madaniyati kunlari va filmlari namoyishlari ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.
Oʻtgan yili tovar ayirboshlash 1 milliard dollardan oshdi. Yuk tashish hajmi ortib bormoqda, jumladan, Turkmanboshi portidan foydalanish faollashgan.
Muzokaralarda oʻzaro savdoni koʻpaytirish va sanoat, energetika, transport, mashinasozlik, qishloq va suv xoʻjaligi sohalarida samarali kooperatsiyani rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Hududlararo almashinuvlarni yanada kengaytirish muhimligi taʼkidlandi. Xiva shahrida uchinchi Hududlar forumini oʻtkazishga kelishib olindi.
Mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovning muzokaralari kengaytirilgan tarkibda ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida davom etdi.
Uchrashuv avvalida mamlakatimiz yetakchisi Turkmaniston Prezidentining davlat tashrifi ikki xalq oʻrtasidagi koʻp asrlik doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik rishtalari mustahkamligining yaqqol tasdigʻi ekanini taʼkidladi.
Oʻzbekiston – Turkmaniston doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Savdo, transport, energetika, suv xoʻjaligi va boshqa muhim sohalarda amalga oshirilgan ishlarga yuqori baho berildi.
– Shubhasiz, ushbu yutuqlarda Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi, hurmatli Gurbanguli Berdimuhamedovning ulkan hissasi bor, – dedi Prezidentimiz.
Keyingi yillarda oʻzaro savdo hajmi ikki baravarga koʻpayib, 1 milliard dollardan oshdi. Mahsulotlar turini kengaytirish va erkin savdo rejimidan samarali foydalanish orqali bu koʻrsatkichni 2 milliard dollarga yetkazish uchun barcha imkoniyatlar mavjudligi taʼkidlandi.
“Shovot-Toshhovuz” chegaraoldi savdo zonasining ishga tushirilishi ham tovar ayirboshlashni koʻpaytirishga xizmat qiladi. Ushbu tajribani boshqa manzillarda, birinchi navbatda, “Olot-Farab” hududida qoʻllash boʻyicha kelishuvga erishildi.
Sanoat kooperatsiyasini kengaytirish maqsadida qurilish materiallari, farmatsevtika, oziq-ovqat mahsulotlari va boshqa talab yuqori boʻlgan tovarlar ishlab chiqarishga qaratilgan yangi loyihalarga biznesni faol jalb qilish muhimligi taʼkidlandi.
Energetika sohasida samarali va oʻzaro manfaatli hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan. Yanada kengroq loyihalarga oʻtish, shu jumladan, istiqbolli konlarni birgalikda oʻzlashtirishga kelishib olindi.
Transport sohasi ikki mamlakat iqtisodiyotlarini bogʻlaydigan muhim boʻgʻin hisoblanadi. Yuk tashish hajmi oʻsib bormoqda, bojxona-logistika tartiblari soddalashtirilmoqda. Tomonlar Turkmanboshi portini birgalikda rivojlantirish va poytaxtlar oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aviaqatnovlarni qayta tiklashga kelishib oldilar.
Erishilgan kelishuvlarning oʻz vaqtida amalga oshirilishini taʼminlash uchun yil oxirigacha Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlar kengashining navbatdagi yigʻilishlari oʻtkaziladi.
Yetakchilar gumanitar soha koʻp qirrali aloqalarning mustahkam poydevori ekanligiga urgʻu berdilar. Urganch va Toshkentda Turkmaniston madaniyati kunlari va turkman filmlari namoyishlari muvaffaqiyatli oʻtkazilganini taʼkidladilar.
Hamkorlik surʼatini saqlab qolish uchun tomonlar oʻzaro konsertlar va teatrlarning ijodiy safarlarini muntazam ravishda oʻtkazish, Xivada Yoshlar forumini tashkil etish va birgalikda filmlar ishlab chiqarish amaliyotini davom ettirishga kelishib oldilar.
Sogʻliqni saqlash va tibbiyot fani borasidagi almashinuvlar faollashadi.
Muzokaralar yakunida davlat rahbarlari erishilgan barcha kelishuvlarni amalga oshirish boʻyicha keng qamrovli “yoʻl xaritasi”ni qabul qilish yuzasidan masʼullarga topshiriq berdilar.
Oliy darajadagi muzokaralardan soʻng Shavkat Mirziyoyev va Serdar Berdimuhamedov “Shovot-Toshhovuz” qoʻshma chegaraoldi savdo zonasini ishga tushirish marosimida ishtirok etdilar.
Mazkur hududda direksiya, bojxona, karantin, fitosanitariya va veterinariya xizmatlarining maʼmuriy binolari, savdo paviloni va omborlar joylashgan.

Bu yerda “yagona darcha” tamoyili asosida davlat xizmatlari koʻrsatiladi, interfaol tizimlar, bank, tibbiyot va mehmonxona xizmatlari uchun zarur infratuzilma, shuningdek, katta avtoturargoh ham tashkil etilgan.

Zona faoliyati umumiy aholisi 3,5 milliondan ziyod boʻlgan ikkita muhim hudud – Oʻzbekistonning Xorazm viloyati va Turkmanistonning Toshhovuz viloyati oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirishga xizmat qiladi.