Samarqandda noqonuniy oltin savdosi ishtirokchilari qoʻlga olindi
Ular 2 boʻlak oltin quymalarni xaridorga 737 mln soʻmga sotishga kelishib, olindan 500 mln soʻm olgan.

Noqonuniy oltin savdosi toʻxtatib qolindi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Qashqadaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida Samarqand viloyatining Kattaqoʻrgʻon tumanida tezkor tadbir oʻtkazildi.
Xususan, tadbir davomida Navoiy va Samarqand viloyatlarida yashovchi, 1982, 1984 va 1996 yillarda tugʻilgan 3 nafar fuqaro qonunga xilof ravishda jami ogʻirligi 475 gr. tashkil qilgan 2 boʻlak oltin quymalarni xaridorga 737 mln soʻmga sotishga kelishib, olindan 500 mln soʻm olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Davlat asillik darajasi nazorati inspeksiyasining tegishli xulosasiga koʻra, 994 asillik darajasidagi ushbu oltin quymalarning sof ogʻirligi 472 gr boʻlib, umumiy qiymati 740,4 mln soʻmni tashkil etadi.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 177-moddasi (valyuta qimmatliklarini qonunga xilof ravishda olish yoki oʻtkazish) 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Taʼkidlash lozimki, mazkur shaxslarning 2 nafari muqaddam sudlangan boʻlib, ulardan biri hozirda axloq tuzatish ishlari jazosini oʻtayotgan boʻlgan.