Pulli parking: shahar bedarvozami?
Platina.uz pulli avtoturargohlar masalasida jamoatchilik faoli Rasul Kusherbayev va urbanist Iskandar Soliyev bilan bogʻlanib, ularning eʼtirozlari va takliflari bilan qiziqdi.

Mamlakatimizda urbanizatsiya darajasi oshib borishi, avtomobillar koʻpayib borgani sari shaharlarda yangi muammolar yuzaga chiqmoqda. Jumladan, poytaxtimizda avtomobillar uchun toʻxtash joylari, yaʼni parking ayniqsa dolzarb masalaga aylangan. Yoʻl chetlari, binolar atrofidagi hududlar avtomobillar tomonidan noqonuniy ravishda “ishgʻol” qilinayotgani, shuningdek, ayrim shubhali shaxs va guruhlar tomonidan oʻzbilarmonlik bilan noqonuniy pul ishlash manbaiga aylantirib olingani aholida haqli eʼtirozlar tugʻdiryapti.
Bu muammoni hal qilish, parking borasida yuzaga kelgan “xaos”ni tartibga solish va huquqiy maydonga olib chiqish uchun amaliy qadamlar qoʻyilyapti, albatta. Xususan, oʻtgan yili 16 oktabr kuni Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov poytaxtda yoʻl boʻylarida pulli avtoturargohlarni joriy etish toʻgʻrisidagi 731-14-0-Q/24 sonli qarorni imzoladi. Unda Toshkent shahar hokimligi va “Toshkent Invest kompaniyasi” aksiyadorlik jamiyatining Toshkent shahrida transport vositalarining pulli toʻxtab turish joylari faoliyatini yanada takomillashtirish hamda ularni bosqichma-bosqich tashkil etish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullanib, Toshkent shahrida transport vositalarining pulli toʻxtab turish joylarini tashkil etish tartibi belgilangan.
Afsuski, pulli parking tashkil etishda ham, har doim boʻlgani kabi, aravani otdan oldin qoʻyish anʼanasi yana takrorlandi. Pulli avtomobil toʻxtash joylarini tashkil etish mexanizmi takomillashtirilmagan holda, yaʼni loyiha xomligicha amalga tatbiq etildi. Masalan, toʻlovni amalga oshirish muammo tugʻdirmoqda, parking uchun toʻlov dunyodagi shu kabi qiymatdan bir necha barobar qimmat, yoʻl chetlarini shunchaki belgi qoʻyib, “tayyoriga ayyor” boʻlib, pullik qilib qoʻyishmoqda. Bu kabi muammolar haydovchilar hamda faollarda qator savollar tugʻdirgani tabiiy hol.
Jumladan, Ekologiya vaziri maslahatchisi, jamoatchilik faoli Rasul Kusherbayev bu sohadagi qoʻpol kamchiliklarni koʻrsatgan holda mahalliy hokimiyat vakillariga eʼtiroz bildirdi. U shahar hokimining bu boradagi qarorini bekor qilish maqsadida ham petitsiya eʼlon qildi. Ammo u keyinchalik oʻchirib tashlandi.
Albatta, bu shahar maʼmuriyatiga yoqib tushgani yoʻq. Darhol mahalliy OAVda Rasul Kusherbayevning mazkur qarori tanqid ostiga olindi. Xususan, Kusherbayev ushbu qarorni bekor qilish uchun keltirgan asoslar isbotlab berilmagan, degan vajlar keltirildi.
Mazkur masalaga oydinlik kiritish, umuman poytaxtda pulli parking masalasining qorongʻu jihatlarini yoritish maqsadida, Rasul Kusherbayev va urbanist olim Iskandar Soliyevga murojaat qildik.
Yuqoridagi videoda koʻrishingiz mumkin.
Xulosa oʻrnida shuni taʼkidlash kerakki, poytaxtda pulli avtoturargohlar joriy etilishi oʻziga xos ehtiyojdan kelib chiqqan, ammo uning amalga oshirilishidagi shoshqaloqlik va yetarli tayyorgarlikning yoʻqligi jamoatchilik noroziligini kuchaytirib yubormoqda. Bir tomondan, shahar infratuzilmasi uchun tartib, qonuniylik va zamonaviy yechimlar zarur. Ikkinchi tomondan esa bu kabi islohotlar hech qachon fuqarolar manfaatini inkor qilgan, ekspertlar xulosalarini chetga surgan holda amalga oshirilmasligi kerak.
Rasul Kusherbayev kabi jamoat faollari tomonidan bildirilgan eʼtirozlar, urbanistlar keltirgan ilmiy tahlillar – bularning barchasi shundan dalolat beryaptiki, parking siyosati qayta koʻrib chiqilishi, chet el tajribalari bilan solishtirilgan holda takomillashtirilishi shart. Chunki bu masala faqat mashinalar toʻxtab turishi emas – shaharning nafas olishi, odamlarning kundalik turmushi, qonuniylik va adolat mezonlari bilan ham bevosita bogʻliq.
Toshkent rivojlanayotgan megapolisga aylanmoqda. Uning kelajagi faqat beton va asfaltda emas, balki shaffoflik, tushuntirish, jamoatchilik fikrini tinglash va hisoblashish hamda professional yondashuvda. Pulli parking atrofidagi bu tortishuv esa ana shu yoʻldagi muhim sinov hisoblanadi.
Abulfayz Sayidasqarov tayyorladi