Oziq-ovqatlarga sanitariya-epidemiologik xulosa berish tartibi belgilandi
Xulosa 3 yil muddatga beriladi. Uni elektron tarzda YaIDXP (my.gov.uz) orqali olish mumkin.

Oziq-ovqat mahsulotlariga sanitariya-epidemiologik xulosa berish tartibi belgilandi.
Hukumat qarori (720-son, 13.11.2025 y.) bilan “Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi mahsulotlariga sanitariya-epidemiologik xulosa berish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatish”ning maʼmuriy reglamenti tasdiqlandi.
Reglamentga koʻra, sanitariya-epidemiologik xulosa 3 yil muddatga beriladi.
Ushbu xulosa chetdan olib kelinayotgan mahsulotga mahsulotning yaroqlilik davriga, yaroqlilik muddatiga ega boʻlmagan mahsulotga esa – muddati koʻrsatilmasdan beriladi.
Sanitariya-epidemiologik xulosa quyidagi holatlarda olinishi lozim:
- yangi mahsulotlar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilganda;
- ishlab chiqarilayotgan mahsulot tarkibi oʻzgarganda;
- mahsulotlarni ishlab chiqarish texnologik jarayonining konstruksiyalari, jamlanmalari oʻzgarganda;
- tajriba uchun ishlab chiqarilgan mahsulotlarga;
- respublika hududiga olib kiriladigan oziq-ovqat va qishloq xoʻjalik mahsulotlariga;
- mahsulot ishlab chiqarish uchun berilgan sanitariya-epidemiologik xulosaning amal qilish muddati tugaganda.
Ariza beruvchi davlat xizmatidan Davlat xizmatlari markaziga kelib yoki elektron tarzda YaIDXP (my.gov.uz) orqali foydalanishi mumkin.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi xulosani QR-kod orqali tasdiqlaydi hamda 1 ish kunida ariza beruvchining shaxsiy kabinetiga yuboradi.