Isroil yana Eronga zarba berishi mumkinmi?
Yahudiy davlati Eronda uchta asosiy maqsadni koʻzlagan: ulardan biri mamlakatni yangi Suriya yoki Livanga aylantirish, yaʼni AQSh ishtirokisiz va jazosiz qolgan holda bemalol bombardimon qilishdir.

Yaqin Sharq havosida yana porox hidi anqiy boshladi. Har bir yangilik, har bir diplomatik ishora, har bir siyosiy bayonot - yangi urush chaqiruvi kabi jaranglamoqda. Shunday nozik davrda yana savol yuzaga chiqyapti: Isroil yana Eronga hujum qila oladimi?
Netanyahuga tinchlik bermayotgan “tahdid”
Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyahu Yaqin Sharqda Isroildan koʻra kuchliroq va qudratliroq davlat boʻlishini istamaydi. Isroil va Amerikani oʻziga rasman dushman deb hisoblovchi Eron esa chorak asrdan beri uning tilidan tushmaydi. Yaqin Sharqdagi koʻplab davlatlarni Isroilga tahdid solyapti degan bahonada “yomonotliq” qilgan, ularga hujum qilish uchun AQShni gij-gijlab kelgan Netanyahu oʻz maqsadiga deyarli erishdi. Iroqda Saddam Husayn rejimi agʻdarildi, Suriyadan Bashar Asad haydaldi... Boshqa davlatlarga ham oʻzi harbiy tahdid solayotgani yetmagandek, Vashingtonni ham unga qoʻshilishga undab kelmoqda. 2025 yil 13 iyun kuni esa Netanyahu yana bir maqsadiga qisman erishdi - «Rising Lion» («Yuksaluvchi sher») amaliyotida Eronning yadroviy va harbiy obʼektlariga zarba berildi.
13 iyun hujumidan chiqarilgan saboqlar
Isroil 13 iyun kuni boshlagan hujum faqatgina Eronning yadroviy dasturi bilan bogʻliq emas edi. Aksincha, u Yaqin Sharqda kuchlar muvozanatini oʻzgartirishga qaratilgan boʻlib, Tehronning yadroviy salohiyatidan xavotir muhim boʻlsada, lekin hal qiluvchi omil emas edi. Yigirma yildan ortiq vaqt davomida Isroil AQShni Eronga qarshi harbiy harakatlarga undab keldi, chunki Tel-Aviv oʻzi yeta olmaydigan mintaqaviy muvozanatni tiklashni AQSh orqali amalga oshirishni istaydi.
Eronning yadroviy infratuzilmasini zaiflashtirishdan tashqari, Isroil uchta asosiy maqsad koʻzlagan. Birinchisi — Qoʻshma Shtatlarni Eron bilan toʻgʻridan-toʻgʻri harbiy toʻqnashuvga tortish; ikkinchisi — Eron rejimini «boshsiz» qoldirish; uchinchisi — mamlakatni yangi Suriya yoki Livanga aylantirish, yaʼni Tel-Aviv Amerika ishtirokisiz va jazosiz qolgan holda bemalol bombardimon qila oladigan davlatga aylantirish. Ammo bu maqsadlardan faqat bittasigina amalga oshdi. Yana ham muhimi — Tramp Eronning yadroviy dasturini «yoʻq qilish» yoki hech boʻlmasa uni sezilarli darajada sekinlashtirishga erisholmadi, shuning uchun bu masalani hal qilindi, deb boʻlmaydi.
Boshqa maqsadlar esa muvaffaqiyatsiz tugadi. Razvedkaning dastlabki yutuqlariga — 30 nafar yuqori lavozimli qoʻmondon va 19 nafar yadroviy olimning yoʻq qilinganiga qaramay, Isroilga Eronning qoʻmondonlik va boshqaruv tizimini faqat qisqa muddatga izdan chiqarish muvaffaq boʻldi.
Isroil ilk raketa zarbalari Eron rahbariyati orasida vahima keltirib chiqaradi va rejim tezroq qulashiga olib keladi, deb xom umid qilgan edi. Washington Post maʼlumotlariga koʻra, fors tilida bemalol gaplashadigan «Mossad» agentlari urushning ilk soatlarida yuqori martabali eronlik amaldorlarga mobil telefonlar orqali qoʻngʻiroq qilishgan. Ular amaldorlarga va ularning oilalariga tahdid qilib, rejimni qoralaydigan va undan ochiqcha voz kechishga chaqiruvchi videolar yozishni talab qilgan. Eronning hokim elitasi katta yoʻqotishlardan hali ham shok holatida turganida, shunga oʻxshash 20 dan ortiq qoʻngʻiroq qilingan. Biroq hech boʻlmaganda biror bir eronlik general bu tahdidlarga boʻysungani haqida hech qanday dalil yoʻq. Eron rejimi birdamligini saqlab qoldi.
Isroil kutganidek, uning hujumlari Eronda ommaviy noroziliklar yoki respublikaga qarshi qoʻzgʻolon keltirib chiqarmadi. Aksincha, oxirgi paytda Oyatulloning shia mullakratiya rejimidan noroziligi ortib borayotgan eronliklar ham — siyosiy qarashlaridan qatʼi nazar — rejimni emas, hech boʻlmasa, mamlakatni himoya qilish gʻoyasi atrofida birlashdi.
Isroil rejalari qanday?
The Washington Post xabariga koʻra, Isroil yangi preventiv zarbalar ehtimolini jiddiy koʻrib chiqmoqda. Navbatdagi zarbalar ham ikki ssenariyda amalga oshishi mumkin.
Masofadan turib zarba berish — yuqori aniqlikdagi raketalar, dronlar, kiberzarbalar.
Xavfliroq variant — Isroil harbiy havo kuchlari Eron havo hududiga kirib, chuqur yashirilgan obʼektlarga zarba berishi, hatto boshqaruv markazlarini falaj qilishi mumkin.
«Biz Eronning yadro quroliga ega boʻlishiga yoʻl qoʻya olmaymiz», — bu fikr Isroil rahbariyati nutqlarida yangrovchi eng asosiy bahona hisoblanadi. Isroil diplomatiyaga va xalqaro qonun-qoidalarga ham parvo qilmaydi. Ayrim maʼlumotlarga koʻra, Isroil dekabr oyi kirmasidn Eronga yana harbiy hujum uyushtirish mumkin.
Netanyahu oʻz amalida qolishi, Isroilda unga qarshi ochilgan jinoyat ishlari “muzlab turishi”, Xalqaro sudning uni insoniyatga qarshi harbiy jinoyatlarda ayblab, hibsga olish uchun bergan orderi kuchga kirmasligi uchun doimo urush qoʻzgʻab turishga urinmoqda.
Eron – doim tayyor mamlakat
Tehron esa hech nimani yashirmaydi: u javob zarbasiga tayyor. Raketa qismlari joylashtirilgan, dronlar tayyor, havo hujumidan himoya tizimlari ogohlikning yuqori bosqichiga olib chiqilgan. Rossiyadan Su-35 qiruvchi samolyotlari xarid qilish boʻyicha muzokaralar davom etmoqda. Eron matbuoti «maxsus choralar» haqida yozmoqda — agar Isroil yana Eronga tajovuz qilsa, bu choralar ishga solinishi aytilmoqda.
Eng asosiysi — Eron rahbariyati bu galgi zarba cheklangan boʻlmasligini yaxshi tushunadi. Navbatdagi ehtimoliy hujum “yakuniy va hal qiluvchi” boʻlishi, Eronda davlat boshqaruvini oʻzgartirish, Isroilga moyil va itoatkor tuzum oʻrnatish maqsadlari borligini yaxshi anglaydi. Eronning javob hujumi esa Hizbulloh, husiylar, Iroq va Suriyadagi shia guruhlari orqali amalga oshirilishi ehtimolga yaqinroq.
Eron Isroil bilan mojaro qaytadan yuzaga kelishi ehtimolini inkor etmaydi, deb xabar berdi TASS Eron Islom Respublikasi Tashqi ishlar vazirligidagi manbaga tayanib.
«Albatta, ehtimol bor, lekin uning qay darajada yuqori ekanini aytish qiyin. Eron 12 kunlik urushdan saboq chiqardi», — degan manba.
Uning soʻzlariga koʻra, qarshi tomon ham «yangi hujum boʻlsa, ayni oʻsha ssenariy takrorlanishini tushunishi kerak, faqat bu safar Tehron uchun bu kutilmagan hol boʻlmaydi».
Manba shuningdek, Eron AQSh bilan muzokaralarga faqatgina Vashington oʻz yondashuvini oʻzgartirsa kirishishini taʼkidladi. Unga koʻra, Tehron oʻz yadroviy dasturini maksimal darajada shaffof qilishga tayyor, faqat bu sanksiyalarni bekor qilish evaziga boʻlsa! «Bunday holatda hamma yutadi», — degan manba.
Nega hujum qaytalanishi mumkin?
Isroil birinchi hujumda Eronni ikkinchi Suriyaga aylantirish, yoki Amerika koʻmagi boʻlmasdan havo hukmronligini barqaror taʼminlashning uddasidan chiqmadi. Har qanday nazoratga qaramay, Tel-Aviv urush davomida Eron havo hududini toʻliq egallagani — u jazosiz harakat qilishi mumkin, degani emas edi.
Aynan shu hol Isroilning yangi hujumi ehtimoliga yoʻl ochadi. Mudofaa vaziri Israel Kats va bosh shtab boshligʻi Eyal Zamir ham aytishgan. Zamírning taʼkidlashicha, iyun oyidagi urush faqatgina boshlanish boʻlgan, va hozir Isroil «mojaronning yangi fazasiga qadam qoʻymoqda».
Eron uranni boyitish jarayonini qayta boshlaydimi-yoʻqmi, bu muhim emas — Isroil Tehronga raketalar arsenalini oshirish, HHMni tiklash yoki zamonaviyroq tizimlarni joylashtirishga qatʼiy bel bogʻlagan.
Bu “kallaklab turish” deb ataluvchi isroil strategiyasining mohiyatidir: yaʼni raqibga kuch toʻplash imkonini bermaslik uchun, uni qayta-qayta va oldindan zarbalar berib kuchsiz holda ushlab turishdan iborat.
Demak, Eron oʻz harbiy salohiyatini tiklashni boshlagan ekan, Isroilda bu “imkoniyat”dan tezroq foydalanishga boʻlgan ragʻbat kuchaymoqda. Shu bois zarba yaqin oylardayoq berilishi ehtimoldan xoli emas.
Abulfayz Sayidasqarov