Bangladesh sobiq bosh vaziri oʻlimga hukm etildi
U qoʻzgʻolonchilarga qarata oʻq otish buyrugʻini berishda ayblangan. 2024 yil 15 iyuldan 5 avgustgacha boʻlgan namoyishlarda xavfsizlik kuchlar tomonidan oʻqotar qurollardan foydalanish natijasida 1 400 tagacha odam halok boʻldi. Bu Bangladeshda 1971 yilgi mustaqillik urushidan beri kuzatilgan eng dahshatli zoʻravonlik boʻlgan.

Bangladesh sobiq Bosh vaziri Sheyx Hasina oʻlim jazosiga hukm qilindi.
Bangladesh sudi oʻtgan yili talabalar boshchiligidagi qoʻzgʻolonni bostirishga buyruq berganlikda aybdor deb topilgan, hokimiyatdan agʻdarilgan Bosh vazir Sheyx Hasinani 17 noyabr kuni oʻlim jazosiga hukm qildi. Poytaxt Dakkadagi Ichki urush jinoyatlari boʻyicha Bangladeshning ichki sud organi hukmni kuchaytirilgan xavfsizlik sharoitida, Hasina ishtirok etmagan holda eʼlon qildi.
78 yoshli Hasina insoniyatga qarshi jinoyatlar boʻyicha umrbod qamoq jazosini, qoʻzgʻolon chogʻida bir necha kishining oʻldirilishi boʻyicha esa oʻlim jazosini oldi. Oʻlim jazosi oʻqib eshittirilgan zahoti odamlar bilan toʻlgan sud zalida qarsak va shodiyonalar yangradi. Hukm yuzasidan Oliy sudga shikoyat qilish mumkinligi maʼlum qilindi.
Biroq Hasinaning oʻgʻli va maslahatchisi Sajeb Vazed hukm arafasida bergan intervyusida, Hasina bu qaror hech qanday demokratik vakolati boʻlmagan, noqonuniy hukumat tomonidan tuzilgan va boshqarilayotgan, soxtalashtirilgan sudning qarori deb hisoblashini aytdi.
“Ularning oʻlim jazosini talab qilishidan maqsad Bangladeshning soʻnggi saylangan bosh vazirini siyosiy maydondan butunlay olib tashlash va "Avami Liga"ni siyosiy kuch sifatida yoʻq qilish — dedi u.
Sud jarayonida prokurorlar sudga 2024 yil iyul–avgust oylarida talabalar boshchiligidagi qoʻzgʻolonlarni bostirish uchun oʻq oʻtuvchi qurollardan foydalanishga doir Hasinaning bevosita buyruqlarini tasdiqlovchi dalillar topilganini aytdilar. U 2024 yil avgustida hukumatiga qarshi koʻtarilgan qoʻzgʻolon avjida Hindistonga qochib ketgandi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti hisobotiga koʻra, 2024 yil 15 iyuldan 5 avgustgacha boʻlgan namoyishlarda xavfsizlik kuchlar tomonidan oʻqotar qurollardan foydalanish natijasida 1 400 tagacha odam halok boʻlgan, yana minglab odamlar jarohatlangan. Bu Bangladeshda 1971 yilgi mustaqillik urushidan beri kuzatilgan eng dahshatli zoʻravonlik boʻlgan.
Hasina davlat tomonidan tayinlangan advokat tomonidan himoya qilindi. U sudga ayblovlar asossiz ekanini aytib, uni oqlashni soʻradi.
Hukm eʼlon qilinishidan avval Hasina ayblovlarni ham, sud jarayonining adolatliligini ham rad etib, uni aybdor deb topish “oldindan belgilangan xulosa” ekanini taʼkidladi.
Ammo muvaqqat hukumat bu ayblovlarni rad etdi. “Sud shaffof tarzda ishladi, kuzatuvchilarga ruxsat berildi va muntazam hujjatlar eʼlon qilindi,” deya taʼkidladi hukumat vakili.
Hukm oldidan Bangladesh tarang vaziyatda boʻldi — soʻnggi kunlarda mamlakat boʻylab kamida 30 ta qoʻpol ishlab chiqarilgan bomba portlatildi va 26 ta avtomobil yoqib yuborildi. Biroq qurbonlar qayd etilmagan.
170 million aholiga ega, aksariyati musulmon boʻlgan Janubiy Osiyo davlati 2024 yil avgustida Hasina qochib ketganidan buyon Nobel tinchlik mukofoti sohibi Muhammad Yunus boshchiligidagi muvaqqat hukumat tomonidan boshqarib kelinmoqda. Garchi mamlakat nisbatan tinch boʻlsa-da, siyosiy barqarorlik hali toʻliq tiklanmagan.