platina.uz
Siyosat

Ilhom Aliyev: “Shavkat Mirziyoyevning dono rahbarligi Oʻzbekistonni mintaqada yetakchi davlatga aylantirdi”

Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning davlat boshqaruvidagi donoligi, keng koʻlamli islohotlari va mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashdagi ulkan hissasini yuksak baholadi. U, shuningdek, Toshkentda barpo etilgan Islom sivilizatsiyasi markazini butun islom olamining faxri sifatida eʼtirof etdi.

Ilhom Aliyev: “Shavkat Mirziyoyevning dono rahbarligi Oʻzbekistonni mintaqada yetakchi davlatga aylantirdi”

16 noyabr kuni Toshkent shahrida oʻtkazilayotgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvida Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev Oʻzbekiston yetakchisi Shavkat Mirziyoyevning faoliyatini yuksak baholadi.

“Birodarim Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning dono rahbarligida Oʻzbekiston taraqqiyot va bunyodkorlik yoʻlidan ishonch bilan bormoqda. Ulkan xalqaro obroʻ-eʼtibor, samarali iqtisodiy islohotlar, sanoat, transport, qishloq xoʻjaligi sohalaridagi keng koʻlamli loyihalar Oʻzbekistonni mintaqada yetakchi oʻringa olib chiqdi.

Shavkat Miromonovich nafaqat dono davlat arbobi, balki Oʻzbekiston-Ozarbayjon munosabatlarini rivojlantirishga katta hissa qoʻshgan insondir. Ozarbayjonda uni amaliy ishlari, xalqimizga boʻlgan samimiy munosabati uchun hurmat qilishadi va yaxshi koʻrishadi.

Uzoqni koʻra biladigan siyosatchi sifatida Shavkat Miromonovich Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarbayjon oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlikni yanada yaqinlashtirish zarurligini aniq koʻra biladi”, - dedi Ilhom Aliyev.

Shuningdek, Ozarbayjon Prezidenti Toshkent shahrida qad rostlagan Islom sivilizatsiyasi markazi haqidagi fikrlarini aytib oʻtdi.

“Kecha biz Islom sivilizatsiyasi markazida boʻldik. Oʻzbekiston Prezidenti tashabbusi bilan bunyod etilgan ushbu markaz mamlakat rahbari Oʻzbekistonning boy madaniy qadriyatlariga sodiqligining yana bir yorqin isbotidir.

Ayrim mamlakatlarda dinimizga nisbatan xurujlar kuchayib, islomofobiya tizimli tus olayotgan bir paytda, Islom sivilizatsiyasi markazining ochilishi butun dunyoga islom — bunyodkorlik, bagʻrikenglik, doʻstlik va birodarlik dini ekanini namoyon etadi. Islom olamining buyuk namoyandalari jahon ilmi va madaniyatiga ulkan hissa qoʻshgan, Islom sivilizatsiyasi markazi buni yaqqol koʻrsatib turibdi.

Ishonchim komilki, Toshkentdagi salobati va ekspozitsiyasi jihatidan noyob boʻlgan Islom sivilizatsiyasi markazi butun islom olamining faxr-iftixoriga aylanadi”, - dedi Ozarbayjon yetakchisi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid