Toshkentda oʻzboshimchalik bilan egallangan yerlar yuzasidan sudga daʼvo arizalari kiritildi
Yerga oid eng koʻp huquqbuzarliklar poytaxtning Sergeli, Mirobod, Mirzo Ulugʻbek, Yunusobod va Olmazor tumanlarida kuzatilgan.

Joriy yilning oʻtgan 10 oyi davomida Kadastr agentligi Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan yer va kadastr nazorati yoʻnalishida qator ishlar amalga oshirildi.
Oʻtkazilgan tadbirlar natijasida 3 435 ta holatda 52,04 gektar yerlar oʻzboshimchalik bilan egallab olinganligi aniqlandi.
Yerga oid eng koʻp huquqbuzarlik poytaxtimizning Sergeli (382 ta holatda 8,22 gektar), Mirobod (359 ta holatda 1,46 gektar), Mirzo Ulugʻbek (341 ta holatda 4,94 gektar), Yunusobod (317 ta holatda 6,40 gektar) hamda Olmazor (316 ta holatda 4,45 gektar) tumanlarida qayd etildi.
Kadastr xodimlari tomonidan berilgan yozma koʻrsatmalar, olib borilgan tushuntirish ishlari natijasida 2 285 ta holatda 18,56 gektar yer qonun buzilish holati fuqarolar tomonidan ixtiyoriy ravishda bartaraf etilishiga erishildi.
Yer uchastkalarini qaytarish va ularda qurilgan imoratlarni bartaraf etish boʻyicha 1 099 ta holatda 33,22 gektar yer maydoni bilan bogʻliq holatlar yuzasidan sudlarga daʼvo arizalari kiritildi.
Huquqbuzarlik holatida jinoyat alomatlari mavjud boʻlgan 32 ta ish hujjati oʻrnatilgan tartibga muvofiq prokuratura organlariga kiritildi.
Yuqoridagi oʻzboshimchalik bilan egallab olingan holatlar Oʻzbekiston Respublikasining 937-son Qonuni talablariga mutanosib emas. Aynan shuning uchun ham ushbu joylarda yer va kadastr nazorati tadbirlari amalga oshirildi.