platina.uz
Siyosat

Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjon, Qirgʻiziston va Tojikiston rahbarlari bilan uchrashdi

Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash yuzasidan fikr almashildi. Yetakchilar Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdilar. 

Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjon, Qirgʻiziston va Tojikiston rahbarlari bilan uchrashdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 15 noyabr kuni Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Suhbat avvalida Ilhom Aliyev Oʻzbekiston yetakchisiga Maslahat uchrashuvida ishtirok etish taklifi uchun minnatdorlik bildirdi.

Davlatimiz rahbari, oʻz navbatida, qardosh Ozarbayjon Prezidenti va xalqini joriy yil 8 noyabr kuni nishonlangan Gʻalabaning besh yilligi bilan samimiy tabrikladi.

Oʻzbekiston Prezidentining shu yil iyul oyida Ozarbayjonga davlat tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida Oʻzbekiston – Ozarbayjon strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish hamda mustahkamlashning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Barcha darajalarda samarali almashinuvlar davom etmoqda. Joriy yil boshidan tovar ayirboshlash hajmi 15 foizga oshdi. Avtomobilsozlik, energetika, turizm va boshqa tarmoqlarda sanoat kooperatsiyasi boʻyicha qoʻshma loyihalar faol pallaga kirgan.

Yetakchilar boʻlajak oliy darajadagi uchrashuv va tadbirlar rejasini ham koʻrib chiqdilar.

Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov bilan uchrashdi.

Oliy darajadagi kelishuvlarning ijrosi, birinchi navbatda, tovar ayirboshlashni koʻpaytirish, sanoat, transport, energetika va infratuzilma sohalaridagi muhim kooperatsiya loyihalarini amalga oshirishni jadallashtirish choralari koʻrib chiqildi.

Faol hududlararo aloqalar va madaniy-gumanitar almashinuvlarni davom ettirish muhimligi taʼkidlandi.

Prezidentlar mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar.

Koʻksaroy qarorgohida Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon bilan uchrashdi.

Yetakchilar Oʻzbekiston ­– Tojikiston doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada kengaytirishning dolzarb masalalarini muhokama qildilar.

Oʻzaro savdoni koʻpaytirish boʻyicha muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlar koʻrish, sanoat, energetika, qishloq xoʻjaligi hamda boshqa ustuvor sohalarda kooperatsiya loyihalarini ilgari surishga alohida eʼtibor qaratildi.

Faol madaniy-gumanitar almashinuvlar va samarali hududlararo aloqalarni davom ettirish muhimligi taʼkidlandi.

Shuningdek, Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash yuzasidan fikr almashildi.

Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan mintaqa mamlakatlari va Ozarbayjon Prezidentlari Oʻzbekiston Prezidenti bilan birgalikda Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdilar.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan markaz islom sivilizatsiyasining bebaho merosini asrab-avaylash va targʻib qilishga bagʻishlangan noyob manbalar, ilmiy tadqiqot va taʼlim yoʻnalishlarini bir joyga jamlagan tariximizdagi ilk majmua boʻldi.

Majmua milliy meʼmoriy anʼanalar va zamonaviy bezaklar uygʻunligida barpo etildi. Inshootning toʻrt tomonida balandligi 34 metrli peshtoqlar, oʻrta qismida esa 65 metrli milliy uslubdagi gumbaz qad rostlagan.

Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev, Tojikiston Prezidenti Prezidenti Emomali Rahmon, Qirgʻiziston Prezidenti Sadir Japarov, Qozogʻiston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev Prezident Shavkat Mirziyoyev hamrohligida musulmon olamining bebaho maʼnaviy durdonasi sanalgan Usmon Mushafi saqlanayotgan Qurʼoni karim zaliga tashrif buyurdilar. Qurʼonning eng qadimiy qoʻlyozmalaridan biri boʻlgan ushbu nodir manba ulkan tarixiy va madaniy ahamiyatga ega boʻlib, mintaqamiz xalqlarining sivilizatsiyaviy oʻziga xosligini shakllantirgan chambarchas maʼnaviy rishtalarimizni ifoda etadi.

Yetakchilar, shuningdek, “Islomdan avvalgi sivilizatsiyalar”, “Birinchi Renessans”, “Ikkinchi Renessans” hamda “Yangi Oʻzbekiston – yangi Renessans” boʻlimlari bilan tanishdilar.

Ularda buyuk allomalarimiz Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abu Mansur Moturidiy, Bahouddin Naqshband va boshqa ulugʻ ulamolarning boy ilmiy va maʼnaviy merosi keng yoritilgan. Koʻrgazmada somoniylar, qoraxoniylar, xorazmshohlar, temuriylar va boshqa sulolalar davriga oid qoʻlyozma nashrlar va ularning qadimgi oʻzbek tiliga tarjimalari ham mavjud.

Yetakchilar mintaqa mamlakatlari oʻrtasidagi madaniy aloqalarni mustahkamlash, maʼnaviy-maʼrifiy loyihalarni ilgari surish va umumiy gumanitar qadriyatlarni rivojlantirish muhimligini taʼkidladilar.

Mintaqaning boy umumiy merosini saqlash va targʻib qilish borasidagi Oʻzbekistonning keng koʻlamli saʼy-harakatlariga yuqori baho berildi. Majmua zamonaviy tadqiqot markazi boʻlib xizmat qilishiga, mintaqa mamlakatlari oʻrtasida ilmiy, taʼlim va madaniy hamkorlik uchun yangi ufqlar ochishiga ishonch bildirdilar.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid