Oʻzbekiston va Qozogʻiston transchegaraviy suvlardan oqilona foydalanish boʻyicha bitim imzoladi
Davlat rahbarlari geologiya, nodir yer metallarini qazib olish, transchegaraviy daryolar oqimini prognoz qilish boʻyicha ikki tomonlama ishchi guruhlarni tuzishga ham kelishib oldilar.

Koʻksaroy qarorgohida Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qosim-Joʻmart Toʻqayevga Oʻzbekiston Respublikasining oliy davlat mukofoti – “Oliy Darajali Doʻstlik” ordenini topshirish marosimi boʻlib oʻtdi.
Davlatimiz rahbari mukofotni topshirar ekan, Qozogʻiston Respublikasi Prezidentining ikki qardosh xalq oʻrtasida doʻstlik, yaqin qoʻshnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlash yoʻlidagi ulkan shaxsiy xizmatlarini alohida qayd etdi.
Birgalikdagi saʼy-harakatlar tufayli ikki xalq oʻrtasidagi munosabatlar mutlaqo yangi taraqqiyot darajasiga chiqib, namunali ahamiyat kasb etgani taʼkidlandi. Parlamentlar, hukumatlar, hududlar, biznes, jamoatchilik va yoshlar faol hamkorlik qilmoqda. Madaniy va gumanitar almashinuvlar kengayib bormoqda.
Savdo aylanmasi barqaror oʻsib bormoqda. Sanoat, qishloq xoʻjaligi, energetika va transport sohalarida yirik kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.
Qosim-Joʻmart Toʻqayevning global miqyosda tinchlik va barqaror rivojlanishni taʼminlash, shuningdek, mintaqamizda ishonch, oʻzaro hamjihatlik va sheriklik muhitini mustahkamlash borasidagi saʼy-harakatlari alohida qayd etildi.
Qozogʻiston Prezidenti davlatimiz rahbari va Oʻzbekiston xalqiga bunday yuksak mukofot uchun minnatdorlik bildirdi hamda qardosh mamlakatlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik va ittifoqchilik ruhidagi munosabatlar yanada mustahkamlanishiga ishonch bildirdi.

Samarali muzokaralar yakunida Shavkat Mirziyoyev va Qosim-Joʻmart Toʻqayev Qoʻshma bayonot imzoladilar.
Shuningdek, davlat rahbarlari Oliy Davlatlararo kengashning geologiya, nodir yer metallarini qazib olish, transchegaraviy daryolar oqimini prognoz qilish boʻyicha ikki tomonlama ishchi guruhlarni tuzish hamda Oʻzbekiston va Qozogʻiston hududlari rahbarlarining kengashini tuzish toʻgʻrisidagi qarorlarni qabul qildilar.
Tashrif davomida yana bir qator hujjatlar imzolandi, jumladan:
– Transchegaraviy suv obʼektlarini birgalikda boshqarish va ulardan oqilona foydalanish toʻgʻrisidagi bitim;
– Bojxona xizmati vakolatxonalarini ochish toʻgʻrisidagi bitim;
– Chegaraoldi hududlarda yerusti radio xizmatlari tomonidan fuqarolik maqsadlarida foydalaniladigan radiochastotalarni oʻzlashtirishni muvofiqlashtirish toʻgʻrisidagi bitim;
– Qoʻshma harbiy oʻquvlarni oʻtkazish toʻgʻrisidagi bitim;
– Qoʻshma investitsiya platformasini yaratish toʻgʻrisidagi hadli bitim;
– 2026-2027 yillarga moʻljallangan turizm sohasida hamkorlik boʻyicha qoʻshma harakatlar rejasi;
– Adliya vazirliklari oʻrtasida 2025-2026 yillarga moʻljallangan hamkorlik dasturi;
– Togʻ-kon sanoatida hamkorlikni rivojlantirish toʻgʻrisidagi memorandum;
– Oʻzbekiston Yoshlar ishlari agentligi va “Assambleya jastarы” jamoat birlashmasi oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisidagi memorandum;
– Sogʻliqni saqlash vazirliklari oʻrtasida ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam koʻrsatish sohasida oʻzaro anglashuv memorandumi;
– Tibbiy sugʻurta jamgʻarmalari oʻrtasida oʻzaro anglashuv memorandumi;
– Toshkent shahar hokimligi va Ostona shahar hokimligi oʻrtasida hamkorlik bitimi;
– “Oʻzbekneftgaz” va “Kazmunaygaz” aksiyadorlik jamiyatlari oʻrtasida hamkorlik bitimi.