Oʻzbekiston va Qozogʻiston: doʻstlik rishtasining soʻnggi 7 yillik tarixi
2018-2025 yillar dinamikasida ikki davlat oʻrtasidagi turli sohalarda salmoqli ishlar amalga oshirildi.

Oʻzbekiston va Qozogʻiston soʻnggi yillarda mintaqada ikki tomonlama savdoning eng barqaror va jadal modellaridan birini yaratdi. 2018 yilda ikki davlat oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 3 milliard dollarni tashkil etgan boʻlsa, 2024 yilda tashqi tebranishlarga qaramay, ushbu koʻrsatkich 4,3 milliard dollarga yetdi. Bu Markaziy Osiyodagi oʻrtacha koʻrsatkichdan yuqori boʻlib, yillik oʻsish taxminan 6-8 foizni tashkil etadi.
Ayniqsa, 2024 yilda Qozogʻistondan import deyarli 8 foizga kamaygan boʻlsa-da, Oʻzbekiston eksporti 2,5 foizga oshgani savdo tarkibining bosqichma-bosqich tekislanayotganidan dalolat beradi. 2025 yilning yanvar-sentabr oylaridayoq tovar ayirboshlash hajmi 3,5 milliard dollarni tashkil etib, 15,5 foizga oshgan. Bu esa soʻnggi yetti yildagi eng yuqori koʻrsatkichlardan biri.
Oʻzbekistonning Qozogʻistonga eksporti tarkibi ham oʻzgarmoqda: oziq-ovqat va toʻqimachilik mahsulotlaridan tashqari, mashinasozlik, transport vositalari va xizmatlar ulushi ortib bormoqda. Importda gʻalla, mineral yoqilgʻi, qora metallar, kimyo mahsulotlari asosiy oʻrinni egallab turibdi.
Shunday qilib, bugungi kunda ikki tomonlama savdo endi shunchaki tovar ayirboshlash emas, balki bozorlarning oʻzaro integratsiyasi, ishlab chiqarish kooperatsiyasini kengaytirish va uzoq muddatli iqtisodiy zanjirlarga aylandi.
Investitsiyaviy hamkorlik va biznes aloqalar
Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasidagi investitsiyaviy muloqot jadal surʼatlar bilan rivojlanmoqda. Oʻzbekistonda Qozogʻiston kapitali ishtirokida 1157 ta korxona, jumladan, 281 ta qoʻshma korxona va Qozogʻiston investorlari ishtirokida 876 ta korxona faoliyat yuritmoqda. Bu hamkorlar orasida eng katta koʻrsatkichlardan biridir.
Oʻz navbatida, Qozogʻistonda bizning tadbirkorlar ishtirokidagi 4934 ta yuridik shaxs faoliyat yuritmoqda. Bu koʻrsatkich oʻzbek biznesining Qozogʻiston iqtisodiy muhitiga chuqur kirib borganidan va qozoq bozorining yuqori jozibadorligidan dalolat beradi.
Oʻzaro investitsiyalarning oʻsishi keng qamrovli huquqiy baza bilan qoʻllab-quvvatlanmoqda. 288 ta ikki tomonlama hujjat, jumladan, investorlar himoyasini, soddalashtirilgan rejimlarni, shuningdek, vazirlik va idoralar darajasidagi hamkorlik mexanizmlarini taʼminlovchi 96 ta hukumatlararo bitim shular jumlasidan.
Hukumatlararo komissiyaga ikki mamlakat hukumatlari rahbarlari hamraislik qilmoqda. 2025 yil oktabr oyida Xivada boʻlib oʻtgan komissiyaning soʻnggi 22-yigʻilishi investitsiya blokining yuqori darajadagi rivojlanayotganini tasdiqladi. Jumladan, yangi kooperatsiya loyihalarini ishga tushirish, logistika infratuzilmasini modernizatsiya qilish va sanoatni rivojlantirish boʻyicha kelishib olindi.
Qozogʻistonning umumiy iqtisodiy dinamikasi va Oʻzbekistondagi keng koʻlamdagi islohotlar fonida investitsiyaviy aloqalar oʻrta muddatli istiqbolda yana ikki baravar koʻpayishi kutilmoqda.
Siyosiy muloqot va hamkorlikning strategik arxitekturasi
Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasidagi siyosiy munosabatlar Markaziy Osiyodagi eng qizgʻin diplomatik muloqot namunasidir. 2017 yildan buyon beshta davlat tashrifi, jumladan, Oʻzbekiston Prezidentining 2024 yil iyul oyida Qozogʻistonga tashrifi va Qozogʻiston Prezidentining 2025 yil aprel oyida “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” sammitida ishtirok etish uchun Samarqandga tashrifi boʻlib oʻtdi.
2023-2025 yillarda ikki mamlakat yetakchilari oltita amaliy uchrashuv oʻtkazdi. Aloqalarning bunday surʼati murakkab mintaqaviy masalalarni hal etish uchun zarur boʻlgan oʻziga xos ishonch darajasini shakllantiradi.
Munosabatlarning huquqiy bazasini Strategik sheriklik toʻgʻrisidagi shartnoma (2013), Ittifoqchilik munosabatlari toʻgʻrisidagi deklaratsiya (2021), Ittifoqchilik munosabatlari toʻgʻrisidagi shartnoma (2022) tashkil qiladi. Ushbu hujjatlar mamlakatlarning xavfsizlik, iqtisodiy rivojlanish va mintaqaviy tahdidlarga birgalikda javob berish boʻyicha majburiyatlarini mustahkamlaydi.
Siyosiy muloqot BMT, Osiyo hamkorlik va ishonch choralari kengashi, TurkPA, Parlamentlararo Ittifoq, YeOII, “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi”, “Markaziy Osiyo – Xitoy” kabi xalqaro platformalardagi pozitsiyalarni muvofiqlashtirish bilan birga olib borilmoqda.
Hukumatlararo hamkorlik: tizimlilik, institutsionallashuv, natijalar
1997 yildan buyon Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasida ikki tomonlama hamkorlik boʻyicha hukumatlararo komissiya faoliyat koʻrsatmoqda. Toʻgʻri, ilgari u muntazam ravishda yigʻilmagan. Ammo 2019 yildan boshlab ikki mamlakat bosh vazirlari hamraisligida uning faoliyati tizimli tus oldi.
Soʻnggi toʻrt yil ichida hukumat rahbarlari darajasida 17 ta tadbir oʻtkazildi, jumladan, Oʻzbekiston delegatsiyasi har yili oʻtkaziladigan “Raqamli Olmaota” forumlari va YeOII yigʻilishlarida ishtirok etdi. 2022 yilda bosh vazir oʻrinbosarlari darajasida import oʻrnini bosish va sanoat kooperatsiyasi boʻyicha maxsus hukumatlararo ishchi guruhi tuzildi.
Hududlararo forumlarni oʻtkazish alohida mexanizmga aylandi. Hozirgacha toʻrtta forum oʻtkazilgan boʻlib, oxirgisi 2024 yil oktabr oyida Samarqandda boʻlib oʻtdi. Beshinchi forum 2026 yilda Qozogʻistonda oʻtkazilishi rejalashtirilgan.
Ushbu format transport, qishloq xoʻjaligi, logistika, sanoat, taʼlim sohalaridagi loyihalarni ilgari surish uchun noyob maydonga aylandi. Forumlarda yigirma va undan ortiq viloyat hokimlari, vazirlar, milliy kompaniyalar vakillari ishtirok etmoqda, bu esa ikki tomonlama hamkorlikni tezkor qarorlar qabul qilish imkoniyatiga oʻtkazadi.
Parlamentlararo aloqalar va qonunchilik diplomatiyasi
Parlamentlararo hamkorlik ikki tomonlama munosabatlarning mustaqil va faol rivojlanayotgan yoʻnalishidir. 2017 yildan buyon ikki mamlakat Senatlari oʻrtasida memorandum, 2018 yildan esa parlamentlarning quyi palatalari oʻrtasida memorandum amal qilmoqda.
Parlamentlararo hamkorlik kengashi tashkil etilib, muntazam ravishda yigʻilishlar oʻtkazib kelinmoqda. Soʻnggi ikkita yirik tadbirlar – Majilis raisi Ye.Koshanovning 2025 yil aprel oyida Toshkentga tashrifi va Oliy Majlis Senati raisi T.Narbayevaning 2025 yil avgust oyida Qozogʻistonga rasmiy tashrifi muvaffaqiyatli oʻtkazildi.
Transport-logistika integratsiyasi: aviatsiya, temir yoʻllar, transport yoʻlaklari
2025 yilda Oʻzbekistonning “Centrum Air” kompaniyasining yangi yoʻnalishlari ishga tushirildi. Bundan tashqari, Qozogʻistonning “FlyArystan” aviakompaniyasi Toshkentga parvozlarni yoʻlga qoʻydi.
Temir yoʻl sohasida 2025 yilning yanvar-sentabr oylarida Qozogʻiston temir yoʻl yuk tashish hajmini 17 foizga, quvur transporti hajmini esa 13,8 foizga oshirdi. Oʻzbekiston uchun bu raqamlar juda muhim. Aynan ushbu infratuzilma Kaspiy dengiziga, u orqali esa Turkiya va Yevropaga chiqishni taʼminlaydi.
Madaniy-gumanitar aloqalar
2025 yilning yanvar-avgust oylarida 17 ta yirik madaniy tadbir, jumladan, Alisher Navoiy nomidagi DABT gastrollari, Ostonada Toshkent kunlari, koʻrgazmalar, ijodiy uchrashuvlar, milliy taomlar va hunarmandchilik festivallari oʻtkazildi.
Ikki mamlakat oʻrtasidagi madaniy diplomatiya uzoq vaqtdan beri mahalliy hokimliklar, madaniyat vazirliklari, diaspora tashkilotlari va ijodiy uyushmalar darajasida qoʻllab-quvvatlanmoqda va bugun barqaror institutga aylangan.
Ijtimoiy-iqtisodiy omilga aylanayotgan turizm
Qozogʻistonliklar Oʻzbekistonga kelayotgan sayyohlar oqimining eng yirik qismi boʻlib qolmoqda. 2022 yilda mamlakatga 1,5 million, 2023 yilda 1,31 million, 2024 yilda esa 2,8 million qozogʻistonlik tashrif buyurgan. 2025 yilning toʻqqiz oyida – 2 million sayyoh.
Sayyohlik almashinuvining oʻsishi viza tartib-taomillarining soddalashtirilishi, transport qatnovlarining kengayishi, mintaqalararo turizmning yangi formati yaratilishi va madaniy tadbirlar taʼsirida yuz berdi.
Bunday rivojlanish bir nechta omillarning uygʻunlashuvi natijasida yuz berdi:
- Oʻzbekistonning Samarqand va Buxorodan tortib Toshkent va Xivagacha boʻlgan sayyohlik markazlarida infratuzilma va xizmatlar sifatining yaxshilanishi;
- aviaaloqalarning haftasiga 43 ta reysga kengayishi;
- faol madaniy dasturlar koʻpayishi hamda boshqalar.
Ijtimoiy integratsiya va diasporalarning roli
Oʻzbeklar Qozogʻistondagi uchinchi yirik etnos boʻlib, mamlakat aholisining 3,2 foizini tashkil etadi. Bu 624 ming kishi degani. Hamjamiyat madaniy, maʼrifiy va ijtimoiy hayotda faol ishtirok etib, ikki davlat oʻrtasida tabiiy koʻprik yaratmoqda.
Qozogʻistonda oʻnlab oʻzbek madaniy markazlari, ijodiy uyushmalar, etnomadaniy uylar faoliyat koʻrsatadi. Maktablarda taʼlim oʻzbek tilida olib borilmoqda.
Oʻzbekistonda etnik qozoqlar 803 ming kishini tashkil etadi, ular ham rivojlangan madaniy infratuzilmaga ega. Qozoq tili fakultetlari, teatr jamoalari, taʼlim dasturlari faoliyati chuqur integratsiyalashgan muloqot maydonini shakllantiradi.
Qozogʻistonda 624 ming oʻzbek yashaydi, 42 ta oʻzbek va 5 ta qoraqalpoq madaniyat markazlari faoliyat koʻrsatmoqda. Taʼlim oʻzbek tilida olib boriladigan maktablarda 89 ming oʻquvchi bilim olmoqda.
Oʻzbekistonda esa 803,4 ming etnik qozoqlar yashaydi, 350 ta aralash qozoq-oʻzbek maktablari faoliyat koʻrsatmoqda, bir qator universitetlarda qozoq tili va adabiyoti fakultetlari ochilgan.
Keng koʻlamli, oʻziga xos shartnomaviy-huquqiy baza
Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasida 288 ta hujjat, jumladan, 18 ta davlatlararo, 96 ta hukumatlararo, 76 ta idoralararo bitimlar, shuningdek, hududlar oʻrtasidagi shartnomalar imzolangan.
Asosiy hujjatlar:
- 1998 yilgi Abadiy doʻstlik toʻgʻrisidagi shartnoma;
- 2013 yilgi Strategik sheriklik toʻgʻrisidagi shartnoma;
- 2021 yilgi Ittifoqchilik munosabatlari toʻgʻrisidagi deklaratsiya;
- Ittifoqchilik munosabatlari toʻgʻrisidagi shartnoma va 2022 yilgi chegara demarkatsiyasi toʻgʻrisidagi hujjat.
Taʼlim va ilm-fan
Ikki mamlakat universitetlari oʻrtasida 280 dan ortiq hamkorlik shartnomalari va memorandumlari amal qilmoqda, bunda Qozogʻistonning 60 dan ortiq oliy oʻquv yurtlari ishtirok etmoqda.
Oʻzbekistonda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti, Qoraqalpoq davlat universiteti, Guliston davlat universiteti, shuningdek, Nukus, Jizzax va Navoiy pedagogika institutlarida qozoq tili va adabiyoti fakultetlari hamda boʻlimlari tashkil etildi.
Qozogʻistonda esa oʻz navbatida 141 ta maktabda 5 814 ta sinfda 89 038 nafar oʻquvchi oʻzbek tilida taʼlim olmoqda. Oʻzbek tilida taʼlim oladigan maktab oʻquvchilarining soni koʻp boʻlishi mamlakatlar oʻrtasidagi gumanitar, ilmiy va iqtisodiy aloqalarni kelajakda rivojlantirish uchun jiddiy resurs hisoblanadi.
Hududiy miqyosdagi natijalar: forumlar, viloyatlar, chegaraboʻyi hamkorligi
Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasidagi hamkorlik keng vektorli boʻlib, u hududlar darajasida ham jadal rivojlanmoqda. 2018 yildan buyon ikki mamlakat viloyatlari, shaharlari va tadbirkor doiralari oʻrtasida bevosita muloqot maydoniga aylangan Hududlararo hamkorlik forumi oʻtkazib kelinmoqda. Soʻnggi, toʻrtinchi Forum 2024 yil 20-21 oktabr kunlari Samarqandda boʻlib oʻtdi, beshinchisi esa 2026 yilda Qozogʻistonda oʻtkazilishi rejalashtirilgan.
Hududlararo aloqalar shartnomaviy-huquqiy asos bilan ham mustahkamlanmoqda: imzolangan 288 ta hujjatning bir qismi hududlar oʻrtasidagi bitimlarni oʻz ichiga oladi. Forumlar doirasida qishloq xoʻjaligi, sanoat, transport, logistika va turizm sohalarida qoʻshma loyihalar boʻyicha aniq kelishuvlar imzolanmoqda.