DXX tomonidan soliq xodimlari va MIB ijrochisi ushlandi
Sirdaryo viloyati soliq boshqarmasi bosh inspektori MChJ qarzdorligini kamaytirib berish evaziga pora soʻragan.

Sirdaryo, Andijon va Samarqand viloyatlarida korrupsiya holatlariga chek qoʻyildi.
Joriy yil 7 noyabr kuni Sirdaryo viloyati soliq boshqarmasi bosh inspektori Sirdaryo tumanida faoliyat yurituvchi MChJda oʻtkazilayotgan tekshiruv jarayonida soliqdan 400 mln. soʻm miqdorida qarzdorlik borligini aniqlaydi.
Taqdim etilgan xujjatlar asosda, bunday holatlar uchun aslida qonunchilikda maʼmuriy javobgarlik belgilangan boʻlsa-da, oʻzining beminnat yordamini taklif etgan Soliq boshqarmasi shoʻʼba boshligʻi, bosh inspektor bilan kelishgan holda ushbu qarzdorlikni 90 mln soʻmgacha kamaytirib berishni vaʼda qiladi.
U “xolis” xizmati evaziga 1.500 dollar miqdoridagi pulni olgan vaqtida DXX va Prokuratura xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, soliq qarzdorligini aytilgan summaga kamaytirish boʻyicha rasmiylashtirilgan tegishli dalolatnomani jamiyat raxbariga bergan vaqtida bosh inspektor ham protsessual tartibda ushlandi.
Hozirda mazkur soliq xodimlariga nisbatan JKning 210-moddasi 2-qismi “v” va “g” bandlari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllanildi.
Navbatdagi holatda, Andijon viloyati Soliq boshqarmasining boʻlim inspektori viloyatning Ulugʻnor tumanida quyosh panellari oʻrnatish bilan shugʻullanuvchi MChJning yuridik manzilini oʻrganish boʻyicha tekshiruv olib boradi. Natijada, u MChJ tegishli manzilda faoliyat yuritmayotgani, hisobotda koʻrsatilgan qoldiqdagi tovar-moddiy boyliklar boʻyicha bir qator nomutanosibliklar borligini aniqlaydi. U holatga oid dalolatnoma rasmiylashtirib, jamiyatning bank hisob raqami orqali amalga oshiriladigan operatsiyalarni toʻxtatib qoʻyadi.
Ammo, ushbu soliq inspektori oʻz xizmat mavqeidan foydalanib, aniqlangan kamchiliklar boʻyicha maʼmuriy huquqbuzarlik bayonnomasini rasmiylashtirmaslik hamda bank hisob raqamiga qoʻyilgan taqiqni olib tashlashini aytib, MChJ hisobchisidan 500 AQSh dollari talab qiladi.
Davlat xavfsizlik xizmati, Soliq qoʻmitasi Shaxsiy xavfsizlik boshqarmasi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida tezkor tadbir oʻtkazilgan. Unda soliq idorasi xodimi 6 mln soʻm ekvivalentidagi pul mablagʻini oʻzining qarindoshlariga tegishli 2 ta bank plastik kartasiga oʻtkazdirib olgan vaqtida ushlandi.
Hozirda unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 210-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllanildi.
Boshqa bir holatda esa, Majburiy ijro byurosi Samarqand shahar boʻlimi davlat ijrochisi moddiy manfaatdorlik evaziga fuqarolik ishlari boʻyicha Samarqand shahar sudining javobgar shaxsga nisbatan bank tomonidan belgilangan 117 mln 804 ming soʻm qarzdorlikni bank foydasiga undirish haqidagi fuqarolik ishi boʻyicha chiqarilgan ijro varaqani sud tizimida ishlovchi tanishlari orqali bekor qilishni vaʼda qiladi.
Shuningdek, u sud ishni koʻrib chiqqanligi uchun belgilangan davlat bojidan goʻyoki ozod qilish, javobgarning avtotransport vositasiga qoʻyilgan taqiqni olib tashlashini ham aytib, evaziga 500 AQSh dollari berishini soʻraydi. U talab qilgan pul mablagʻini oʻzining tanishi orqali olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati hamda Byuroning viloyat boshqarmasi shaxsiy xavfsizlik shoʻʼbasi xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda davlat ijrochisiga nisbatan Jinoyat Kodeksining 25,168-moddasi 3-qismi “v” bandi va 28,211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.