Xitoyda soʻnggi 70 yillikdagi eng yirik oltin koni topildi
Hukumat konning aniq joylashuvini oshkor etmayapti.

Xitoyda 1949 yildan beri mamlakatdagi eng yirik oltin koni Liaoning viloyatida aniqlandi. Taxminan 1444 tonna zaxiraga ega boʻlgan bu kashfiyot oltin narxlari rekord darajaga chiqqan bir paytda yuz berdi.
Xitoy tabiiy resurslar vazirligi 14 noyabr kuni bu haqda maʼlum qildi. Bu Xitoy Xalq Respublikasi tashkil topganidan beri qayd etilgan eng yirik yakka oltin koni hisoblanadi. Rasmiylarning aytishicha, hududda umumiy 2,586 million tonna rudaga ega zaxira mavjud boʻlib, har bir tonnada oʻrtacha 0,56 gramm oltin bor. Bu esa qariyb 1444 tonna sof oltinni tashkil etadi.
Hozirgi narxlar boʻyicha bu hajmdagi oltin 166 milliard yevrodan koʻproq qiymatga ega. Oltin narxi bu yil rekord darajaga chiqib, kilogrammi 115 000 yevrodan oshdi.
Konga mingga yaqin texnik xodim va ishchi jalb etilgan. Bunday ulkan konni izlab topish odatda uzoq davom etishiga qaramay, tadqiqot atigi 15 oyda yakunlangan.
Vazirlik konni “ultra-yirik”, ammo nisbatan past sifatli deb taʼrifladi va u dastlabki iqtisodiy baholashdan allaqachon oʻtganini bildirdi.
Shu bilan birga, hukumat konning aniq joylashuvini oshkor etmadi. Faqat uning Liaoning sharqiy qismida joylashgani aytildi.
Bu kashfiyot oltin talabining keskin oshgan davriga toʻgʻri kelmoqda. Narxlar yil boshidan beri 50% dan koʻproqqa koʻtarildi — bunga zaiflashayotgan dollar, geosiyosiy tangliklar kuchayayotgan mamlakatlarning markaziy banklari zaxiralarni mustahkamlash maqsadida koʻp miqdorda oltin sotib olishi sabab boʻlmoqda.
Xitoy soʻnggi yillarda mineral qidiruv ishlarini jadallashtirgan. 2024 yilda rasmiylar Xunan viloyatida 1 000 tonnadan ortiq oltin koni va oktabr oyida Gansu viloyatida 40 tonnadan ziyod kon topilganini bildirgan edi. Mamlakat 2024 yilda 377,24 tonna oltin ishlab chiqardi — bu oʻtgan yilga nisbatan 0,56% koʻpdir.
Ichki isteʼmol esa 2024 yilda 985,31 tonnaga yetdi. Oltin quymalari va tangalariga talab bir yil ichida 24% dan koʻproqqa oshdi. Mutaxassislarning aytishicha, bu holat Xitoyda oʻrta sinfning kengayishi va global iqtisodiy noaniqliklar fonida jamgʻarmani asrab qolish istagi kuchayganini koʻrsatadi. Shu bois oltin mamlakat boʻylab tobora ommalashib borayotgan “xavfsiz aktiv”ga aylanmoqda.