Prezident qator xorijiy arboblarni qabul qildi
Shavkat Mirziyoyev YuNESKO bosh direktori lavozimiga saylangan Holid al-Ananiyni tabrikladi. Yuta shtati bilan savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari ham muhokama qilindi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 12 noyabr kuni BMTning Taʼlim, fan va madaniyat masalalari boʻyicha tashkiloti (YuNESKO) bosh direktori lavozimiga saylangan Holid al-Ananiyni qabul qildi.
Samarqand shahrida boʻlib oʻtgan YuNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi yakunlari va BMTning ushbu nufuzli instituti bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari koʻrib chiqildi.
Suhbat avvalida davlatimiz rahbari Holid al-Ananiyni yuksak lavozimga saylangani bilan tabriklab, kelgusi faoliyatiga muvaffaqiyatlar tiladi.
Oʻz navbatida, yangi saylangan bosh direktor Oʻzbekiston Prezidentiga tashkilotning bosh tadbiri qoʻllab-quvvatlangani va yuksak saviyada tashkil etilgani uchun alohida minnatdorlik bildirdi.
Oʻzbekiston va YuNESKO oʻrtasida keng koʻlamli yoʻnalishlarni qamrab olgan tizimli va sermahsul hamkorlik yoʻlga qoʻyilgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Tomonlarning hamkorlikni yanada faollashtirish, jumladan, tashkilotning mamlakatimizdagi loyihaviy faoliyatini kengaytirish borasidagi intilishi qatʼiy ekani tasdiqlandi.
YuNESKO Bosh konferensiyaning ochilish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ilgari surilgan strategik tashabbuslarni birgalikda amalga oshirishga tayyor ekani taʼkidlandi.
Prezident 12 noyabr kuni multimodal tashuvlar boʻyicha xalqaro forumda ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Turkiy davlatlar tashkiloti Oqsoqollar kengashi raisi Binali Yildirimni qabul qildi.

Uchrashuv avvalida yuqori martabali mehmon davlatimiz rahbariga Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻanning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
Kengashning koʻp tomonlama tashabbuslarni muvofiqlashtirish va ilgari surishdagi oʻrni hamda faol ishtiroki ortib borayotganini hisobga olib, tashkilot doirasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari koʻrib chiqildi.
Joriy yilda Budapesht va Gabala shaharlarida oʻtgan Turkiy davlatlar tashkiloti sammitlarida Oʻzbekiston tomonidan ilgari surilgan strategik takliflarni amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Prezidentimiz Oqsoqollar kengashining institutsional salohiyatini mustahkamlash, shuningdek, turkiy xalqlarning milliy anʼanalari, maʼnaviy merosi va madaniy birligini saqlashga qaratilgan qoʻshma loyihalarni ilgari surish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqishni taklif etdi.
Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev Amerika Qoʻshma Shtatlari Yuta shtatining Iso Masih Oxirgi zamon avliyolari cherkovi oqsoqoli Devid Bednar va “Stirling” xalqaro xayriya fondi raisi Mayls Xansendan iborat biznes delegatsiyasini qabul qildi. Uchrashuvda AQShning Oʻzbekistondagi elchisi Jonatan Xenik ham ishtirok etdi.

Oʻzbekiston – AQSh strategik sheriklik munosabatlarining surʼati ortib borayotgan sharoitda Yuta shtati bilan savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Oʻzbekiston va Yuta shtati oʻrtasidagi faol muloqot va almashinuvlar mamnuniyat bilan qayd etildi. Raqamlashtirish, taʼlim va ijtimoiy himoya sohalarida qoʻshma loyihalar boshlangan.
Innovatsiyalar, togʻ-kon sanoati, xotin-qizlar tadbirkorligi, inklyuziv taʼlim, sogʻliqni saqlash, suv taʼminoti va sanitariya sohalarida loyihalarni amalga oshirish uchun katta salohiyat borligi taʼkidlandi.
Yakunda hududlararo aloqalarni rivojlantirish maqsadida Yuta shtati gubernatori boshchiligidagi delegatsiyaning Oʻzbekistonga tashrifini tashkil etish yuzasidan kelishuvga erishildi.