Saida Mirziyoyeva: “Oʻzbekiston va AQSh hamkorligi yangi bosqichga chiqmoqda”
Yuta shtati biznes delegatsiyasi bilan uchrashuvda Prezident Administratsiyasi rahbari ikki davlat oʻrtasidagi iqtisodiy va investitsion aloqalar kengayib borayotganini qayd etdi.

Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva 12 noyabr kuni Yuta shtatining (AQSh) Devid Bednar boshchiligidagi biznes delegatsiyasi bilan uchrashuv oʻtkazdi. Unda Oʻzbekiston – AQSh munosabatlari rivojida yangi bosqich boshlangani qayd etildi.

Shuningdek, Prezident Shavkat Mirziyoyevning AQSh fuqarolari uchun vizasiz tartib joriy etish toʻgʻrisidagi qarori ishbilarmonlik va gumanitar aloqalarni kengaytirishda muhim qadam boʻlishi taʼkidlandi.

“Endilikda Prezident farmoni bilan Amerika – Oʻzbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashi tashkil etilib, uni muvofiqlashtirish maqsadida Oʻzbekistonning AQShdagi elchixonasi tuzilmasida maslahatchi-elchi lavozimi joriy etilmoqda. Shuningdek, ushbu farmon asosida Oʻzbekiston rezidentlari Oʻzbekiston banklaridagi hisobvaraqlaridan mablagʻlarni AQShda korxonalar tashkil etish, ularning kapitalida ishtirok etish yoki filiallarini mablagʻ bilan toʻldirish uchun erkin oʻtkazishlari mumkin boʻladi.
Bu tadbirkorlarimizning tashqi iqtisodiy faolligini rivojlantirish, AQSh bilan investitsiyaviy hamkorlikni mustahkamlash, Oʻzbekistonning ochiq, zamonaviy iqtisodiyot sifatidagi yangi imijini shakllantirish yoʻlidagi muhim qadamdir”, deb yozdi Saida Mirziyoyeva.

Eslatib oʻtamiz, 12 noyabr kuni “Amerika-Oʻzbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashini tashkil etish toʻgʻrisida” Prezident farmoni qabul qilindi.