Prezident administratsiyasining AQShdagi vakili lavozimi taʼsis etiladi
Ushbu lavozim 2026 yil 1 yanvardan Oʻzbekistonning AQShdagi elchixonasi tuzilmasiga kiritiladi.

Prezident administratsiyasining AQShdagi vakili lavozimi taʼsis etiladi. Ushbu lavozim 2026 yil 1 yanvardan Oʻzbekistonning AQShdagi elchixonasi tuzilmasiga kiritiladi. Prezidentning "Amerika-Oʻzbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashini tashkil etish toʻgʻrisida"gi farmoni eʼlon qilindi.
Unga koʻra, Prezident Administratsiyasi rahbariga Oʻzbekiston tomonidan Kengash tarkibini, uning reglamentini va faoliyati tartib-taomillarini tasdiqlash vakolati beriladi.
Kengashga koʻrib chiqish uchun kiritiladigan quyidagi masalalarni ishlab chiqish ustuvor hisoblanadi:
(a) strategik biznes tashabbuslar, yirik investitsiya va savdo loyihalari ishlab chiqilishi va kelishilishini muvofiqlashtirish, shuningdek, ular amalga oshirilishini doimiy monitoring qilish;
(b) Oʻzbekistonga qoʻshimcha investitsiyalarni jalb etish uchun maxsus investitsiya fondini yaratish, yirik investorlar sifatida Xalqaro moliyaviy taraqqiyot korporatsiyasi (DFC)ni va Oʻzbekiston tomonidan ham investorlarni belgilash, shuningdek, muhim infratuzilmaviy va strategik loyihalarni moliyalashtirish va xatarlarni taqsimlash uchun yirik moliya institutlarini (YeTTB, XMK, OTB) jalb qilish;
(v) tarif stavkalarini oʻzaro pasaytirish masalalari boʻyicha muzokaralarni davom ettirish;
(g) Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki (IT-park) rezidentlari boʻlgan kompaniyalar mahsulotlari va xizmatlarini tizimli ravishda ilgari surish;
(d) mamlakatning investitsiya portfelini, shu jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki valyuta zaxirasining bir qismini va boshqa aktivlarini diversifikatsiyalash boʻyicha takliflar kiritish.
Maslahatchi-elchi zimmasiga quyidagi vazifalar yuklatiladi:
- Oʻzbekiston va AQShda yirik va strategik investitsiya va savdo loyihalarini amalga oshirish masalalari boʻyicha toʻgʻridan-toʻgʻri tashabbus koʻrsatish va muhokama qilish;
- Oʻzbekiston tomonidan Kengash ishini kompleks muvofiqlashtirish.
2026 yil 1 yanvardan boshlab xorijiy korxonalarning ustav fondini shakllantirish (yoki kapitalda ishtirok etish) uchun AQShdagi investitsiya faoliyati boʻyicha rezidentlar operatsiyalari – Oʻzbekiston Respublikasidagi banklarda rezidentlar hisoblaridan pul mablagʻlarini oʻtkazish, AQShdagi filiallarini aylanma mablagʻlar bilan toʻldirish cheklovlarsiz, rezidentlar hisoblaridagi mablagʻlar doirasida amalga oshiriladi.